BILQIS

BILQIS — Qur’onda tilga olingan Sabo yurtining podshohi (malikasi). Injilda Savro podshosi sifatida bayon etiladi. Qur’onda Sulaymon payg’ambarning ulug’vorligini ta’riflovchi hikoyalardan birida keltirilishicha, Hudhud qushi podshoga Sabo mamlakatiga borganligini va u yerda “hamma narsa ato etilgan” xotin hukmronlik qilayotganligini, ammo butun xalqi bilan shaytonga aldanib, Allohga emas, Quyoshga sig’inayotganligini aytadi. Sulaymon shu qush orqali malikaga maktub yo’llab, unga bo’ysunishni buyuradi. Bilqis o’z yaqinlari bilan maslahatlashib, Sulaymonga katta hadyalar yuboradi. Ammo Sulaymon malikaning elchilari oldida bu hadyalardan jirkanishini aytib, Sabo yurtiga qo’shin tortishini e’lon qiladi. So’ngra Malika Sulaymon huzuriga o’zi keladi. Sulaymon xizmatida bo’lgan sehrgar va jinlar ko’z ochib yumguncha, malikaning taxtini uni oldiga olib kelishadi. Malikani saroyga kiritishganida, saroy sathini “suv to’lqinlari sifatida ko’radi va oyoqlarini to’pig’igacha ochadi”. Saroyning qadam bosiladigan qismi shaffof billurlardan iboratligini ko’radi. Alloh hamma ishda yorlaqagan Sulaymonning bundam ulug’vorligi dalillariga shohid bo’lgan Malika o’zining gumrohligini tan oladi va Allohga imon keltiradi (Qur’on, “Naml” surasi, 22 — 45-oyatlar). Bilqis haqidagi rivoyat Habashiston podsholigi dostonlari jumlasiga kirgan “Kabra nagast” afsonasiga juda o’xshashdir. Undagi malikaning ismi Makeda bo’lib, u bilan Sulaymon o’rtasidagi nikohdan tug’ilgan farzanddan Habashiston podsholigi sulolasi boshlanadi. Garchi Arabiston yarim orolidagi Sabo davlatining tarixiy afsonasi to’g’risida gap ketayotgan bo’lsa ham, rivoyatda Yaman voqeligini aks ettiruvchi deyarli hech narsa yo’q. Bu afsona Arabistonda emas, ehtimol Eronda vujudga kelganga o’xshaydi. O’rta asrlarda Yamanda Bilqis haqidagi qissa juda keng yoyilgan edi, 12-asrda hukmronlik qilgan sulayxidlar sulolasidan bo’lgan assayyidani tarixchilar jajji Bilqis deb atashdi. Muhammadjon Qodirov.