BINOIY

BINOIY (taxallusi; asl ismi Kamoliddin Ali Muhammad Sabz) (1453, Hirot — 1512, qarshi) — shoir, musiqashunos, tarixchi. Forsiyda ijod qilgan. 1487 yilgacha Hirotda adabiyot, she’r ilmi, insho, musiqa va tarix fanlarini o’rgangan. Navoiy uning “Bag’oyat qobiliyati bor”ligi, xatga ishq paydo qilgani, musiqaga mayl ko’rgizgani va “xele ishlar tasiif” qilganini aytgan (“Majolis unnafois”). Binoiy 1487 yilda Tabrizga ketgan, u yerda Xurramiy, Ogahiy, Mazhariy, Ruhiy, Qozi Isolar bilan muloqotda bo’lgan. 1491 yil Hirotga qaytgan, 1495 yilda Samarqandga kelgan. Bu yerda 2 qismdan iborat “Behruz va Bahrom” masnaviysini yozib tugatgan (1500). Masnaviyda ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-tarbiyaviy masalalar ifodalangan. Samarqand hokimi Sulton Ali Mirzoga bag’ishlab “Majma’ ul g’aroyib” qasidasini yozgan (1498). Shayboniyxon saroyida xizmat qilgan, harbiy yurishlarida tarixchi sifatida ishtirok etgan. Shayboniyxon vafotidan so’ng Binoiy Qarshiga kelgan (1510). Safaviylar Movarounnahrga yurish qilib, bu yerda uyushtirgan ommaviy qirg’in paytida o’ldirilgan. “Shayboniynoma” asarida 15-asr o’rtalaridan 1505 yilgacha Movarounnahr va Dashti Qipchoqda sodir bo’lgan voqealar tasvirlangan, “Shahanshohnoma”sida esa Ismoil Safaviyning harbiy yurishlari, 16-asr boshlaridagi Buxoro xonligi bilan Eron o’rtasidagi munosabatlar ifodalangan. Shoirning 4282 misradan iborat she’riy devoni, “Futuhoti Xoniy”, “Hikoyati safari Binoiy” kitoblari musiqa ilmiga doir. Rost maqomida bastalangan “No’hrang” (“To’qqiz rang”) asari ilmiy va badiiy qimmatga ega. Ad.: Bobur Z. M., Boburnoma, T., 1960; Mirzayev A., Binai, Dushanbe, 1957.