BIOGELMINTLAR

BIOGELMINTLAR (bio… va gelmintlar) — oraliq xo’jayin orqali rivojlanadigan parazit chuvalchanglar. Voyaga yetgan davrida definitiv (oxirgi) xo’jayin (odam va hayvonlar) da parazitlik qiladi. Bu jihatdan ular oraliq xo’jayinsiz rivojlanadigan geogelmintlardan farq qiladi. Masalan, qoramol tasmasimon chuvalchangi odam ichagida, uning lichinkalari — finnalari (pufakchalari) esa mol go’shti (muskullari)da rivojlanadi. Odam finnali go’shtni yaxshi pishirmay yeganda parazitni yuqtiradi. Turli so’rg’ichlilar, tasmasimon chuvalchanglar, tikanboshlilar, ayrim to’garak chuvalchanglar Biogelmintlar hisoblanadi.