BIOGEN ELEMENTLAR

BIOGEN ELEMENTLAR — organizmlar tarkibida doim bo’ladigan va ularning hayot faoliyatida muhim rol o’ynaydigan kimyoviy elementlar. Ularga avvalo kislorod, uglerod, vodorod, kaltsiy, azot, kaliy, fosfor, magniy, oltingugurt, xlor, natriy, temir kiradi. Analitik kimyo va spektral analiz muvaffaqiyatlari tufayli organizmlar tarkibida juda oz miqdorda bo’ladigan elementlar (mikroelementlar) topilmoqda va ularning biologik roli aniqlanmoqda. Tabiiy sharoitda organizmlarning hujayra va to’qimalarida mavjud bo’lgan barcha kimyoviy elementlar muayyan fiziologik rol o’ynaydi. Organizmlar tarkibidagi elementlarning miqdori shu organizmlar turining xususiyatlariga, muhit, ovqat tarkibiga (jumladan, o’simliklar uchun — tuproqlagi tuzlar kontsentratsiyasiga va eruvchanligiga), organizmning ekologik xususiyatlari va boshqalarga bog’liq. Biogen elementlardan birortasi organizmda yetarli miqdorda bo’lmasa kasallik ro’y beradi (biogeokimyoviy endemiyalar), masalan, suvda va ovqatda yod yetishmasa, odam buqoq bo’ladi yoki bor yetishmaganda qand lavlagi qora dog’li bo’lib qoladi.