BIOGEOSENOZ
BIOGEOSENOZ (bio…, Geo… va Yunoncha koinos — umumiy), ekosistema — yer yuzining muayyan bir qismi doirasida shakllangan tabiat sistemalarining o’zaro boglangan va bir-birini taqozo etadigan murakkab majmui. Jami Biogeosenozning organik moddalari va energiya potentsialini yaratuvchi yashil o’simliklar Biogeosenozning asosiy komponenti hisoblanadi. Biogeosenoz tabiatdagi eng murakkab sistemalardan biri. Avtotrof organizmlar (fotosintezlovchi yashil o’simliklar va xemosintezlovchi mikroorganizmlar) hamda geterotrof organizmlar (hayvonlar, zamburug’lar, ko’pgina bakteriyalar, viruslar) Biogeosenozning tirik komponentlariga, atmosferaning Yerga yaqin qatlami, undagi gaz hamda issiqlik resurslari, Quyosh energiyasi, tuproq va uning suvmineral resurslari esa jonsiz komponentlariga kiradi. Biogeosenoz taraqqiy etib va o’zgarib turadi. Yerning jami Biogeosenozlari majmui biosferami tashkil etadi. Biogeosenoz o’z tarkibining nisbatan turg’unligi, bir xilligi bilan ajralib turadi, shu bilan birga ularning inson faoliyati bilan yaratiladiganlari juda o’zgaruvchan. Har bir Biogeosenoz yagona murakkab organizmni tashkil etadi. Shuning uchun unga ta’sir etishda Biogeosenozning hamma komponentlari o’rtasida vujudga kelgan aloqadorlik va o’zaro ta’sirini hisobga olish zarur. Biogeosenozdagi bir yoki bir qancha komponentlarning o’zgarishi biogeosenozaro bog’lanishning barcha majmui butunligini buzilishga olib keladi. Masalan, dunyo bo’yicha qishloq xo’jalik ekinlari hosilining o’rtacha 25% zararkunanda va kasalliklardan nobud bo’ladi. Ularga qarshi kimyoviy preparatlar qo’llash bevosita ijobiy natijalar berish bilan birga jiddiy salbiy oqibatlarga ham olib keladi va pirovardida inson tomonidan yaratilgan sun’iy Biogeosenoz, ya’ni agrosenoz mahsuldorligiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. O’rta Osiyoning qurg’oqchil yerlarida sun’iy Biogeosenozning shakllanishi (masalan, Mirzacho’lning o’zlashtirilishi) katta ahamiyatga ega bo’lib, insonning tabiatga rejali ravishda ta’sir ko’rsatishiga misol bo’la oladi. Har yili sug’oriladigan yerlar agrosenozlaridan olinayotgan millionlab tonna paxtani aytib o’tishning o’zi kifoya. Agrosenoz, xususan paxta agrosenozi, ayniqsa, monokultura sharoitida sodda, past darajada rivojlangan va shu sababli noturgun sistemaga aylanadi. Shuning uchun agrosenozlarda turlar bo’yicha xilma-xillikka intilish zarur. Bu yo’nalishda dala ihota o’rmon mintaqalari barpo etish, ilmiy asoslangan almashlab ekishni o’zlashtirish, qishloq xo’jalik zararkunandalariga qarshi kurashning biologik usullarini qo’llash, ya’ni agrosenozlarga foydali hayvonlarni, masalan, entomofaglarni jalb etish va boshqa ma’lum ahamiyatga ega. Biogeosenoz haqidagi bilimlar, texnika imkoniyatlari, xo’jalik yuritish iqtisodiyoti va madaniyati rivojlangan sari Biogeosenoz tarkibidagi agrosenozlar ekinlar mahsuldorligini oshirishda yanada samarador bo’ladi. Abdukarim Zikiryoyev.