BIOLOGIK PREPARATLAR

BIOLOGIK PREPARATLAR, biopreparatlar — qishloq xo’jaligida hayvonlarning yuqumli va invazion kasalliklariga diagnoz qo’yish, kasalliklarning oldini olish, davolash, mahsuldorligini oshirishda, shuningdek o’simliklarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish, tuproq unumdorligini oshirishda qo’llaniladigan biologik vositalar. Veterinariyada Biologik preparatlarning quyidagi turlari mavjud: davolash uchun (maxsus giperimmunli zardoblar, gammaglobulinlar); kasalliklarning oldini olish uchun (vaktsinalar, anatoksinlar); diagnostika uchun (allergenlar, antigenlar, diagnostik zardoblar, bakteriofaglar), stimulyatorlar (hayvonlar qon zardobi, bo’g’oz biyalar qon zardobi, V12 vitamini va boshqalar). O’zbekistonda Biologik preparatlar Davlat biologiya kombinatida, ilmiy tadqiqot institutlarida, veterinariya laboratoriyalarida har bir turdagi preparatlar uchun yagona bo’lgan uslub bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo’jaligi vazirligi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan texnik-me’yoriy hujjatlarga muvofiq ishlab chiqariladi. Biologik preparatlarning tayyorlanishi va chiqarilishini mazkur korxona va muassasalarning biologiknazorat bo’limi yoki nazorat laboratoriya, shuningdek Veterinariya preparatlari davlat ilmiynazorat laboratoriya nazorat qiladi. Qishloq xo’jalik ekinlarini va daraxtzorlarni zararkunanda hasharotlar va kasalliklardan himoya qilishda spora hosil qiluvchi entomopatogen bakteriyalar (dendrobasillin, entobakterin, dipel va boshqalar) asosida tayyorlangan bakterial preparatlar qo’llaniladi. Dalalar, pichanzorlar, bog’larni, omborlarni kemiruvchilar (sichqon, kalamush va boshqalar)dan himoya qilishda bakterodentsidlar ishlab chiqariladi. Tuproq unumdorligini oshirishda nitragin va boshqalardan foydalaniladi. Biologik preparatlarning atrof muxit va inson uchun xavfi kam bo’lib, tanlab ta’sir etadi va biosenozdat tabiiy aloqadorlikni buzmaydi.