BIRINCHI YORDAM
BIRINCHI YORDAM — baxtsiz hodisalar ro’y berganda, kishi shikastlanganda yoki to’satdan kasal bo’lib qolganda uning hayotini saqlab qolish va yomon asoratlardan omon qolishi uchun ko’rsatiladigan tez va oddiy tadbirlar majmui; tibbiy xodim yetib kelguncha yoki ularni kasalxonaga olib borguncha amalga oshiriladi. Birinchi yordam o’z-o’ziga yoki boshqalar tomonidan (o’zaro) ko’rsatilishi mumkin. Shikastlangan odam jarohatini o’zi bog’lay olsa, zaharlanish alomati bo’lganida, masalan, ko’p suyuqlik ichib me’dani yuvish va qayt qilishga quvvati kelsa, o’z-o’ziga Birinchi yordam ko’rsatishi mumkin. O’zaro Birinchi yordam odatda boshka kishi tomonidan ko’rsatiladi. Kishining hayoti xavf ostida qolganda, masalan, qon ketganda, tok urganda, zaharlanishda, koma, shok va boshqa holatlarda darhol Birinchi yordam ko’rsatish zarur. Keyingi ko’rsatiladigan tibbiy yordam Birinchi yordamning qanchalik to’g’ri ko’rsatilganligiga bog’liq. Masalan, suyak ochiq singanda bog’lov va shina (taxtakach)ning tez va to’g’ri qo’yilishi, ko’pincha shok va boshqa og’ir kasalliklarning oldini olishga, shikastlanib behush yotgan kishini yonboshi bilan yotqizish traxeya va bronxlarga qusuq massasi hamda qon ketib qolmasligiga yordam beradi. Birinchi yordam uch xil tadbirlar majmuasini o’z ichiga oladi: 1) tashqi shikastlovchi omillar (elektr toki, bosib qolgan og’ir narsa va boshqalar) ta’sirini darhol bartaraf etish yoki shikastlangan kishini noqulay sharoitdan xoli qilish (suvdan, o’t tushgan joydan olib chiqish va boshqalar); 2) shikastlanish tarziga qarab Birinchi yordam ko’rsatish; 3) yaqin atrofdagi kasalxona, poliklinikaga yetkazish. Odam to’satdan betob bo’lib qolganida, turli xil baxtsiz hodisalar ro’y berganida, albatta tez yordam chaqirish, noiloj qolgan hollarda duch kelgan transportda davolash muassasasiga olib borish zarur. To’g’ri Birinchi yordam ko’rsatish uchun doim tegishli bilim va malakani oshirib borish lozim. Ishxona, avtomashina va uydagi dori kugichada Birinchi yordam uchun zarur bo’lgan hamma narsalar bo’lishi kerak.