O’G’UZLAR

O’G’UZLAR (Arabcha va forscha g’uzlar, guzlar) — turkiyzabon qabilalarning 2 guruhi. 1) to’qquz O’g’uzlar qabila Ittifoqi; 8-asr urxun-yenisey yozuvlarida qayd etilgan. 7-asr boshida Turk xoqonligi tarkibida paydo bo’lgan. 744-45 yillarda Turk xoqonligi tor-mor etilgach, hozirgi MXR hududida o’z davlatlarini tuzgan uyg’urlar qabila Ittifoqida yetakchi mavqega ega bo’lishgan. 840-866 yillarda qirg’izlar tomonidan siqib chiqarilgan to’qquz O’g’uzlar hozirgi Sintszyan va Gansu viloyatiga ko’chib o’tishgan, Ganchjou davlati va Turfon davlatini (850-1250) barpo etganlar; bu yerda to’qqiz O’g’uzlar. nomi uyg’ur etnonimi bilan almashgan. 2) 9-11-asrlarda Orol va Kaspiy dengizi bo’ylaridagi ko’chmanchi va yarim o’troq qabilalar Ittifoqi (g’uzlar); Yangikent O’g’uzlar yabg’usi qarorgohi bo’lgan. 11-asrning 50-60-yillarida O’g’uzlarning bir qismi Yaroslav Mudriyning o’g’illari tomonidan tormor qilinib, Kiyev Knyazlarining vassallari sifatida Ros daryosi bo’ylariga joylashganlar; Sirdaryo O’g’uzlarining boshqa qismi 10-11-asrboshida Buxoro va Xuroson yerlari tomon siljiganlar. 1040 yildan so’ng Saljuqiylar bosh bo’lgan O’g’uzlar G’arbiy Osiyo mamlakatlarini bosib olganlar. 11 — 13-asrlarda O’g’uzlar etnonimi O’rta Osiyo va Eronda turkman, yaqin Sharqda esa turk etnonimi bilan almashgan. O’g’uzlar turkman, Ozarbayjon, turk hamda gagauz va qoraqalpoqlar etnogenezida muhim rol o’ynagan. O’g’uzlarning epik asarlari (“Kitobi dadam Qo’rqut”, “O’g’uznoma”) saqlanib qolgan.