BOBOTOG’

BOBOTOG’ — Surxondaryo viloyatining sharqidagi tog’ tizmasi. O’zbekiston va Tojikiston Respublikalari chegarasida, Surxondaryo va Kofarnihon daryolari oralig’ida shimoli sharqdan Janubi g’arbga tomon Amudaryo sohiligacha cho’zilgan. Uzunligi qariyb 125 kilometr, eni 30— 40 kilometr. Eng baland cho’qqisi — Zarkosa tog’i, 2290 metr. Asosan paleogen va yura davri ohaktoshlari, gil, alevrolit, qumtoshlardan tarkib topgan. Bobotog’ning Sharqiy yon bag’ri tik va ensiz, tog’oldi tekisliklari Kofarnihon daryosi terrasalarida joylashgan. G’arbiy yon bag’ri ancha yotiq va keng, asosiy qismi past tog’lardan iborat. Bobotog’ning yon bag’irlari ko’plab quruq soylar bilan parchalangan. Bu yerda karst keng tarqalgan. Iqlimi quruq va keskin kontinental. O’rtacha yillik havo temperaturasi tog’ etaklarida 16°, o’rtacha balandliklarda 8-10°. Yillik yog’in miqdori 170 millimetrdan 350-400 millimetrgacha. Tog’yon bag’irlarida buloqlar, qish va bahorda to’lib oqib, yozda qurib qoladigan soylar bor. Bo’z va jigarrang tog’ tuproqlarida xilma-xil efemer, efemeroid o’simliklar o’sadi. 800-900 metr balandliklarda na’matak, zirk, bodom va pistazorlar uchraydi. Undan baland joylarida (Besharcha, Zarkosa tog’lari) archazorlar bor. Bobotog’ O’zbekistonning yovvoyi tog’ echkilari yashaydigan rayonlaridan biri. Tog’oldilari mol boqiladigan yaylov. Qumqo’rg’on tumanining “Oqqopchig’ay” jamoa xo’jaligida dunyoga mashhur sur Qorako’l terisi olinadigan Qorako’l qo’ylari boqiladi. Tokchilik xo’jaliklari ham tashkil qilingan. Bobotog’ning Kofarnihon vodiysida sug’oriladigan dehqonchilik rivojlangan. Bobotog’da inson xo’jalik faoliyati ta’sirida eroziya, yaylov degressiyasi (emirilishi) keng tarqalgan. Alohida muhofaza qilinishi zarur bo’lgan landshaft ko’p.