O’SH TEATRI
O’SH TEATRI, Bobur nomidagi O’sh o’zbek akademik teatri — O’rta Osiyodagi keksa teatrlardan biri. Dastlab dramatik truppa sifatida tashkil topgan. Jamoa 1929 yil professional teatr maqomiga ega bo’lgan. Tashkilotchilari Beknazar Nazarov, Rahmonberdi Madazimov, Ibrohim Madazimov va boshqalar Abduqodir Ishoqov, Jo’raxon Zaynobiddinov, Isroiljon Ismoilov, Jalil Sobitov kabilar teatrning ilk ijodkorlaridir. Truppaning birinchi to’laqonli asari “Turkiston tabibi” (M. Uyg’ur) bo’lgan. Teatrning birinchi rahbari Ahmadjon To’xtamatov teatrning professional teatr sifatida shakllanishi va yuksalishiga katta hissa qo’shgan. Teatr o’z faoliyati davomida 600 dan ortiq jahon, o’zbek, qirg’iz mumtoz va zamonaviy dramaturgiyasidan namunalar sahnalashtirgan. Tojixon Hasanova, Laylixon Moidova, Roziya Mo’minova, Tursunxon Solieva, Ne’matjon Ne’matov, Tolibjon Badinov, Yorqinoy Hotamova va boshqalarning teatrda g’oyaviy-badiiy jihatdan mukammal milliy sahna san’ati yaratilishida, teatr o’z mavqeini mustahkamlashida xizmatlari alohida “Tohir va Zuhra” (S.Abdulla), “Makbet” (U.Shekspir), “Alpomish”, “Manas”, “Ravshan va Zulxumor” (K.Yashin). “Bobur haqida qo’shiq” (P. Qodirov), “Ulug’bekning muhabbati” (M. Shayxzoda), “Chingizxon olib ketgan sir” (M.Shaxanov), “Qamchibek” (S. Jetmishov), “O’lmoqchiman homiy kerak” (M.Gaparov), “Sohibqiron” (A.Oripov), “Farhod va Shirin” (Xurshid) va boshqalar eng yaxshi spektakllaridir. 1992 yil teatrga Bobur nomi, 2004 yil “akademik” nomi berildi. Oytoji Shobdonova, Shavkat Dadajonov, Mahmudjon Rahmatov, Bahromjon To’xtamatov, Ziyoviddin Jalolov, Umarjon Mamirov, Rejab Tojiboyev, Rasuljon Uraimjonov, Dilorom Soipova, Samida Xolmatova kabilar teatrning etakchi aktyorlaridir. Badiiy rahbari Baxtiyor To’xtamatov, bosh rejissyor G’anijon Xolmatov. Eson O’rinov.