O’ZBEKLAR

O’ZBEKLAR — xalq, O’zbekiston Respublikasi aholisining asosiy qismini tashkil etadi. O’zbeklar nafaqat O’zbekiston, balki O’rta Osiyodagi eng ko’p sonli xalqdir. O’zbekistonda (20 million 800 ming kishi, 2005), Tojikistonda (1,2 milliondan ziyod), Qirg’izistonda (550-600 ming kishi), Qozog’istonda (320-330 ming kishi),Turkmanistonda (320-330 ming kishi) yashaydi. Bundan tashqari, Afg’onistonda (2,5 milliondan 4 milliongacha), Rossiya Federatsiyada (taxminan 123 ming kishi, 2002), Saudiya Arabistonida (550-600 ming kishi), Xitoy Xalq Respublikasida (13,7 ming kishi, 1998 yil) Turkiya, Germaniya, AQShda ham O’zbeklar yashaydi. O’zbeklarning umumiy soni 25 milliondan ortiq (2000). O’zbeklar o’zbek tilida so’zlashadilar. Dindorlari — sunniy musulmonlar. O’zbeklar alohida etnik birlik (elat) bo’lib, O’rta Osiyoning Markaziy viloyatlari — Movarounnahrda, Xorazmda, Yettisuvda, qisman Sharqiy Turkistonning g’arbiy mintaqalarida shakllangan. O’zbek xalqining asosini hozirgi O’zbekiston hududida qadimdan o’troq yashab, sug’orma dehqonchilik, hunarmandchilik bilan shug’ullanib kelgan mahalliy sug’diylar, baxtariylar, xorazmiylar, farg’onaliklar, yarim chorvador qang’lilar, ko’chmanchi sakmassaget kabi etnik guruhlar tashkil etgan. Shuningdek, Janubiy Sibir, Oltoy, Yettisuv, Sharqiy Turkiston hamda Volga va Ural daryosi bo’ylaridan turli davrlarda Movarounnahrga kirib kelgan etnik komponentlar ham O’zbeklar etnogenezida ishtirok etganligi tarixdan ma’lum. Keyingi yillarda O’zbekiston hududida olib borilgan arxeologik va antropologik tadqiqotlar natijasida Amudaryo va Sirdaryo oralig’ida so’nggi jez davridayoq yuqorida nomlari zikr etilgan qabila va elatlarning etnik jihatdan dastlabki aralashuvi sodir bo’lganligi va assimilyatsiya jarayoni natijasida antik davrga kelib, o’troq hayotga moslashgan turkiy hududiy maydon tarkib topganligi hamda o’zbek xalqiga xos antropologik tipning makon va zamoni aniqlangan. Ma’lumki, miloddan avvalgi 3-asrda Sirdaryoning o’rta oqimida turkiy va sug’diylar Ittifoqi asosida Qang’ davlati tashkil topgan edi. Qang’ davlati davrida Movarounnahr va unga tutash mintaqalardagi xalqlarning iqtisodiy siyosiy va etnomadaniy aloqalarining tobora rivojlanib borishi natijasida turkiyzabon etnoslar ustuvorlik qilib, o’ziga xos uyg’unlashgan madaniyat shakllandi. Arxeologik asarlarda bu madaniyat Qovunchi madaniyati nomini olgan. Antropolog olimlarning ta’kidlashlaricha aynan shu davrlarga kelib, O’rta Osiyo ikki daryo oralig’i antropologik tipi (qiyofasi) to’liq shakllangan. O’zbeklar etnogenezida qatnashgan navbatdagi etnik komponentlar Kushonlar hamda milodiy 4-5 asrlarda O’rta Osiyoning Markaziy viloyatlariga Janubiy Sibirdan, Jung’oriyadan, Sharqiy Turkistondan siljigan Xioniylar, kidariylar va eftaliylarsir. Shuningdek, O’zbeklar etnogeneziga faol ta’sir o’tkazgan turkiy etnik komponentlar asosan Turk xoqonligi (6-8-asrlar) davrida O’rta Osiyoning Markaziy mintaqalari (Toshkent, Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryo vohalari, Farg’ona vodiysi) va Xorazmga kelib joylashib, ma’lum bir tarixiy davr mobaynida, bu etnik komponentning aksariyat qismi o’troqlashdi. Turk xoqonligi davrida kirib kelgan turkiy komponentlar va mahalliy aholi o’rtasidagi etnik-madaniy munosabatlarning rivoji hududdagi etnik jarayonlar taraqqiyotiga katta ta’sir o’tkazdi. Ushbu turkiy qatlam madaniy yutuqlarining mahalliy madaniyxo’jalik an’analari bilan jadal uyg’unlashuvi yuz berdi. Bu davr turkey-sug’diy simbiozni hal qiluvchi bosqichlaridan biri bo’lgan. 8-asrdan Arab va Ajam (Arab bo’lmagan Yaqin va O’rta Sharq) xalqlarining O’rta Osiyoga kirib kelishi mintaqadagi etnik jarayonlarga katta ta’sir etmagan. Bu davrda aholi etnik tarkibida ma’lum bir o’zgarishlar bo’lgan bo’lsada, Movarounnahrdagi o’troq va yarimo’troq turkiyzabon aholi, sug’diylar va Xorazmning tub erli aholisi o’z hududlarida qolib, arablar (7-8-asrlar) hukmronligi ostida yashaganlar. Umuman olganda, 9-asrdan boshlab Movarounnahr mintaqasida yaxlit turkiy etnik qatlam, jonli turkiy til muhiti vujudga kela boshladi va, o’z navbatida, sug’diylar va boshqalar mahalliy etnoslarda ham turkiylashish jarayoni jadallashgan. Etnograf olim K.Shoniyozovning qayd etishicha, 9-10-asrlarda tig’iz etnogenetik jarayon natijasida ko’plab turkiy qabila va elatlarning o’troq hayotga o’tishi jadal davom etgan. Bu asrlarda Sirdaryoning shimolda, Movarounnahr va Xorazmda turkiy etnik qatlam kuchli etnik asosga ega bo’lgan. Tabiiyki, bu kuchli etnik qatlam asosining aksariyat ko’pchiligini o’troqlashgan turg’un turkiy etnoslar tashkil qilgan. Qoraxoniylar davrida (11 —12-asrlar) Movarounnahr va Xorazmda siyosiy hokimiyat turkiy sulolalarga o’tishi munosabati bilan o’zbek xalqi etnogenezining yaquniy bosqichi boshlandi. G’arbiy Qoraxoniylar davlati doirasida hozirgi O’zbeklarga xos turkiy etnos qaror topdi va mazkur davrda o’zbek xalqiga xos elatni belgilovchi hudud, til, madaniyat, tarixiy qismatining umumiyligi, etnik o’zlikni anglash, etnosning uyushqoqligi ma’lum bir davlat doirasida bo’lishi, din umumiyligi va bir qancha shu kabi boshqa etnik alomatlar shakllangan. Bu davrda O’zbeklarning umum elat tili qaror topdi. Movarounnahr va unga tutashgan mintaqalarda yashovchi turkiyzabon aholi: qarluq, chigil, yag’mo, tuxsi, xalach, arg’in, o’g’uz, qipchoq, uz, qang’li singari urug’lar o’zlarini bir xalq sifatida anglay boshlaganlar. Umuman olganda, 11 — 12-asrning 1-yarmida O’zbeklar xalq sifatida shakllangan. 13-asr boshlarida Chingizxon istilosi davrida mo’g’ul qo’shinlari tarkibida ko’p sonli turkiy etnoslar ham kirib keldi. 15-asrga qadar esa ushbu etnoslarning deyarli ko’p qismida mahalliy aholi bilan aralashuv jarayoni sodir bo’ldi va ular shakllangan o’zbek elatining keyingi taraqqiyotida ma’lum darajada iz qoldirdilar. Chig’atoy ulusi tilining rivojlanishi hamda keyinchalik Amir Temur va Temuriylar davrida yuz bergan yuksak iqtisodiy va madaniy taraqqiyot natijasida Movarounnahrda adabiy til takomillashib, bu til ilmiy adabiyotlarda “Turkiy” yoki “Chig’atoy turk” tili deb nomlangan. Ayniqsa, taraqqiy etgan o’zbek adabiy tili Alisher Navoiy davrida eng yuqori nuqtaga ko’tarildi. Ammo xalqning jonli tili ko’p dialektli bo’lib, adabiy til shakllanishida uchta asosiy sheva — qarluq, qipchoq va o’g’uz dialektlari asos bo’lgan. Ma’lumki, shakllangan o’zbek elatining Amir Temur va Temuriylar davridagi etnik tarixi va etnomadaniy taraqqiyotiga barlos, jaloyir, qavchin, arlot, qipchoq kabi etnik guruhlar ham faol ta’sir qilgan. O’zbeklar etnik tarixida 15-asr oxiri 16-asrlar ham muhim davr hisoblanadi. Ushbu bosqichda O’rta Osiyoga Mang’it, Qo’ng’irot, Nayman, uyg’ur, saroy, qatag’on, Qushchi, Do’rmon, kenagas, qirq, yuz, ming, bahrin va boshqalar Dashti Qipchoq o’zbek etnik guruhlarining navbatdagi to’lqini kirib keldi. Natijada Movarounnahr aholisining etnik qiyofasida ularning alomatlari faollashgan. Dashti Qipchoqdan 2 daryo (Amudaryo va Sirdaryo) oralig’i va Xorazmga kelib o’rnashgan etnik guruhlar “o’zbek” nomi ostida mahalliy aholi etnik rang-barangligini birmuncha ko’paytirgan bo’lsalar hamki, lekin uning etnik tarkibini tubdan o’zgartirib yubormagan. Ushbu etnoslar shakllangan o’zbek xalqining tarkibiga kelib qo’shilgan navbatdagi etnik komponent edi, xolos. Ular Movarounnahr va Xorazm aholisining turmush tarziga, an’analariga, madaniyatiga, xo’jalik faoliyatiga sezilarli ta’sir ko’rsatgan yangi tipdagi madaniy qatlam hosil qilgan. Ayniqsa, Zarafshon vodiysi va O’zbekistonning Janub mintaqalari aholisi orasida bu nisbat kuchli seziladi. Mahalliy aholiga ular “o’zbek” nomini berishgan va bu nom Movarounnahr va unga qo’shni viloyatlar aholisi uchun rasmiy ravishda umumiy nom bo’lib qolgan. O’z o’rnida aytib o’tish lozimki, o’zbek etnonimining kelib chiqishi bo’yicha fanda yakdil fikr mavjud emas. Ayrim mualliflar (G.Vamberi, G.Xovors, M.P. Pelo) Dashti Qipchoqda ko’chib yurgan turkmo’g’ul qabilalarining bir qismi o’zlarini erkin tutganliklari sababli “o’zbek”, ya’ni “o’z-o’ziga bek” deb atagan desalar, boshqalar (P.P.Ivanov, A.Yu.Yakubovskiy, xilda Xrsxem) “o’zbek” etnonimini Oltin O’rda xoni O’zbekxon (14-asr) nomi bilan bog’laydi, boshqa yana bir guruh olimlar esa (V.V. Grigorev, A.A. Semyonov va B. Ahmedovlar) o’zbek nomi oq O’rda (Dashti Qipchoqning Sharqiy qismi)da ko’chib yurgan turkmo’g’ul qabilalariga taalluqli bo’lgan degan fikrni bildiradilar. Temuriylar saltanati o’rnida dastlab 16-asr boshlarida vujudga kelgan Buxoro va Xiva xonliklari, 18-asr boshlaridan Qo’qon xonligining vujudga kelishi natijasida yagona tarixiy makonda yashagan xalqlar siyosiy jihatdan turli davlatlar tasarrufiga tushib qolgan bo’lsada, bu holat o’zbek elati birligiga jiddiy putur yetkaza olmagan. Siyosiy chegaralar bo’lishiga qaramasdan 3 davlat tarkibidagi aholi o’zaro doimiy etnik, iqtisodiy va madaniy aloqada bo’lib kelganlar. Tarixiy manbalarda keltirilgan 92 o’zbek urug’lari nafaqat O’zbekiston hududida, balki butun O’rta Osiyo hududlarida tarqalgan. Bu 92 o’zbek urug’lariga mo’g’ullar istilosidan oldingi va istilo davrida hamda Shayboniylar davrida kelgan etnik guruhlar ham kiradi. Shuningdek, O’rta Osiyoda qadimdan yashab kelayotgan chig’il, yag’mo, usun, tuxsi, Xalach va boshqalar turkiy etnik guruhlar ham 92 o’zbek elati tarkibiga kirgan. O’rta Osiyo xalqlarining 19-asr 2-yarmi — 20-asr boshlaridagi tarixiy taqdiri va taraqqiyot bosqichlari chor Rossiyasining mustamlakachiligi davri bilan bog’liq. Keyinchalik mintaqada Sovet hokimiyatining o’rnatilishi bilan O’rta Osiyoda milliyhududiy chegaralanish o’tkazilib, 5 ta milliy respublikalar tashkil etildi. Shu bilan shakllangan elatlar taraqqiy etayotgan tarixiy makon sun’iy ravishda bo’lib yuborildi. Mintaqa xalqlarining assimilyatsiya, konsolidatsiya jarayonlariga jiddiy ta’sir o’tkazilishi va keyinchalik “sovet xalqi” nomli yagona etnik birlikni yaratish haqidagi nazariyani amalga oshirilishi borasidagi olib borilgan siyosat ham O’zbeklarning milliy-etnik qiyofasiga, mentalitetiga raxna sola olmadi. O’zbek xalqining rivojlanish jarayoni O’zbekiston mustaqillikka erishgan sanadan boshlab yangicha mazmun kasb etdi. Tarixiy tomirlaridan kuch olgan o’zbek milliy madaniyati, tafakkuri, urf-odatlari, turmush tarzi o’ziga xos uyg’onish va yangilanish padlasiga qadam qo’ydi. O’zbeklarning moddiy va ma’naviy madaniyati o’ziga xos va boydir. Uning eng yaxshi tomonlari an’anaga aylanib, hozirgacha saqlanib kelmoqda. O’zbeklarning qadimiy ajdodlari tabiiy sharoitdan kelib chiqib sug’orma dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik kabi o’ziga xos xo’jalik-madaniy tiplarni yaratganlar. Xo’jalik-madaniy tiplarning ushbu yo’nalishlari, o’z navbatida, tevarak-atrofdagi tabiiy muhit bilangina emas, balki muayyan etnoslarning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji darajasi bilan ham belgilanadi. O’zbeklarning ko’pqirrali dehqonchilik an’analari asrlar osha to’plangan tajribaga tayanadi. Dehqonchilik — O’zbeklarning qadimiy mashg’ulotlaridan biridir. Ming yillar davomida dehqonchilik xo’jaligini yuritish borasida ko’plab tajriba va usullar hamda fenologik (o’simliklar va hayvonot dunyosidagi mavsumiy o’zgarishlar) kuzatishlar to’plangan. Dehqonchilik borasidagi tajribalari uzluksiz holda ajdodlardan avlodlarga o’tib bordi. Yog’ingarchilikning kam bo’lishi, issiq havo iqlimi O’zbekiston hududida murakkab sug’orish tizimi vositasida mahsuldor sug’orma dehqonchilikning keng tarqalishiga olib keldi. Ilmiy tadqiqotlardan ko’rinadiki, sug’orma dehqonchilik miloddan avvalgi 3-asrda Xorazm, Zarafshon vohalari hamda Farg’ona vodiysida magistral kanallar qurish, har xil suv bog’lash, taqsimlash va suv chiqarish inshootlarini barpo qilish orqali rivojlangan. O’zbek dehqonlari arpa, bug’doy, tariq, no’xat, yasmiq, sabzi, paxta, bodom, o’rik, zig’irpoya, bug’doy kabi ziroatchilik mahsulotlarini qadimdanoq yetishtirganlar. Sug’orma dehqonchilik xo’jaliklari, asosan, qadimiy vohalarda Xorazm, Buxoro, Samarqand, Toshkent vohalarida, Qashqadaryo va Surxondaryo havzalarida, Farg’ona vodiysida joylashgan. Toshkent vohasi, Farg’ona va Zarafshon vodiysi, Qashqadaryo va Surxondaryo tog’ etagi mintaqasida, asosan, bahorgi ekinlar yetishtirilgan. Mahalliy dehqonlar madaniyetnik an’analar asosida dalachilik, polizchilik va bog’dorchilik sohalarida turli usul va yo’llarni ishlab chiqqanlar. Ko’p asrlar davomida turli chorvador etnik guruhlarning o’troqlashuvi natijasida ular mahalliy aholidan dehqonchilik tajribalarini o’zlashtirdilar va o’zlarining etnik va madaniy xo’jalik xususiyatlari bilan o’ziga xos tarzda dehqonchilik bilan shug’ullanganlar. Shu asosda dehqonchilikning 2 turini ajratib ko’rsatish mumkin: sun’iy sug’orishga asoslangan intensiv dehqonchilik xo’jaligi; asosan, chorvachilik bilan qo’shib olib boriluvchi ekstensiv lalmikor dehqonchilik xo’jaligi. O’zbeklar xo’jalik faoliyatining asosiy va qadimiy turlaridan biri — chorvachilikdir. Boshqa mintaqalar aholisining chorvachiligi bilan ko’pgina o’xshash jihatlari bo’lsada, o’zbek etnik guruhlarining har birida uy hayvonlarini boqishda o’ziga xos usul va jihatlari bo’lgan. Shu bilan birgalikda, hatto bir elat istiqomat qiladigan hududda ham chorvachilik xo’jaligini yuritishdagi tabiiygeografik sharoitlardan kelib chiqib hamda qo’shni xalqlarning ta’siri yoki ijtimoiy-iqtisodiy sabablar natijasida xilma-xil usullardan foydalanganlar. Odatda, o’troq aholida chorva boqish qo’ra yoki qo’rayaylov tizimi, yarim o’troq aholida haydovyaylov tizimi, ko’chmanchi aholida haydov tizimi ustun turgan. O’zbeklar uchun 20-asr boshlariga qadar chorvachilikning qo’rayaylov va haydovyaylov tizimi ustuvor bo’lgan. Qo’y, echki va boshqalar chorva hayvonlari chorvachilik xo’jaligining asosini tashkil qilgan. O’zbek chorvachiligida qo’ylarning “Hisori”, “Qorako’l” nasllarini boqishga ayniqsa ko’p e’tibor qaratilgan. Qo’ychilik, asosan, sotishga mo’ljallangan. Qo’y juni ham bozorga chiqarilgan. Jaydari qoramollardan ho’kiz alohida go’sht uchun va ish kuchi sifatida parvarish qilingan. O’zbeklarda qadimgi davrlardan yilqichilik juda rivojlangan. Mahalliy aholi, ayniqsa, Laqay, qorabayir zotli ot- larni parvarish qilganlar. Dasht zonasida yashovchi O’zbeklar tuyachilik bilan ham shug’ullanishgan. Hunarmandchilik O’zbeklar orasida qadimdan keng rivojlanganligi arxeologik tadqiqotlardan ma’lum. Hunarmandchilikning rivoji shaharlarning nafaqat iqtisodiy va ijtimoiy, balki siyosiy va madaniy markazlarga aylana boshlaganligi bilan chambarchas bog’liqdir. O’zbek hunarmandlari ko’plab teri va jundan, yog’och va metalldan, xilmaxil buyumlar yasab, paxta va ipakdan turli matolar to’qib, kiyim-kechaklarni bozorlarda sotishgan. O’zbek hunarmandchiligining temirchilik, degrezlik, misgarlik, zargarlik, duradgorlik, aravasozlik, yog’och o’ymakorligi, ganchkorlik, Marmar o’ymakorligi, kulolchilik kabi keng tarqalgan tarmoqlari hamda to’qimachilik, ipakchilik, kashtado’zlik, zardo’zlik, do’ppido’zlik kabi uyro’zg’or kasbkorliklari taraqqiy etgan. O’zbeklarning an’anaviy turar joylari qadimdan o’ziga xos bo’lib, ular yashagan mintaqaning tabiiy-geografik sharoiti bilan bog’liq bo’lgan. Turar joylar barpo etishda qurilish konstruktsiyasi va uslubi, rejasi va bezaklari bilan Farg’ona, Buxoro, Xiva va Shahrisabz me’morlik yo’nalishlari mashhur bo’lib kelgan. Uy- joy qurilishida O’zbeklarda qadimiy uylar, odatda, ko’cha va qo’shni tomoni devor bilan o’ralgan hovlilardan iborat bo’lgan. Barcha turar joy va xo’jalik xonalarining derazalari ichkari tomonga qaratilgan. Hovli 2 qismga — bolalar va ayollar uchun ichkari hovli hamda nomahram erkaklar va mehmonlar uchun mehmonxona tarzida hashamatli xonalardan iborat tashqari hovliga bo’lingan. Hunarmandlarning uylarida do’kon va shogirdlar yashaydigan xonalar ham tashqarida joylashgan. Eng ko’p tarqalgan 2 xonali uy variantlaridan biri sifatida dahliz va kata uydan iborat bo’lgan uylarni ko’rsatish mumkin. Bunday uy-joylar, odatda, oldi ayvonli va ayvonsiz qilib qurilgan. Aholi o’rtasida an’anaviy paxsa va sinchli uylar bilan birga g’ishtli uylar va ularni naqshinkor ganchli bezaklar bilan qurish ham mavjud bo’lgan. O’zbeklarda doimiy uyjoylar 10-asrga qadar, asosan, tosh, paxsa yoki xom g’ishtdan qurilgan. Loy asosiy qurilish materiali hisoblangan. Pishgan g’isht qadimdan qo’llanilib kelinsada, keng miqyosda undan uyjoy qurish 9-asrdan boshlandi. Buxoro va Xivada hovli eshiklariga jez yoki temirdan yasalgan bolg’a yoki halqasimon boldoq osilgan. Eski tipdagi uylarning xonalari va derazalari ayvonga qaragan. Eshiklar ichkariga, darchalar tashqariga ochilgan. Deraza yoki eshikning yuqori qismiga yorug’lik tushadigan tuynuk qo’yilgan va unga yog’och yoki ganchdan yasalgan panjara o’rnatilgan. Uyga kiradigan joyda eshik oldida to’g’ri burchakli peshtoq (poygak) bo’lib, unga poyabzal yechib qo’yilgan. Eshik oldidagi burchakda suv quyiladigan (oqizadigan) maxsus joy (obrez, Adan, tashnob) joylashgan bo’lib, unga Buxoro va Samarqandda marmar tosh, Farg’ona vodiysida va Toshkentda pishiq g’isht, Xivada maxsus sopol terilgan. Odatda, uylarning tarhi oila a’zolarining soniga qarab bir necha uy (xona), dahliz va ayvondan iborat bo’lgan. Hovlida esa xo’jalik uchun omborxona, hojatxona va molxona bo’lgan. Shaharlarda yoki aholi zich joylashgan qishloqlarda mehmonxona, odatda, 2-qavatda — boloxonada joylashgan. Ayniqsa, Toshkent, Buxoro, Samarqand va Urgut shahrilarida juda shinam mehmonxonalar qurilgan. Bu kabi mehmonxonalardan to’y hashamlarda, motam marosimlarida ham keng foydalanilgan. Bundan tashqari, qish paytlari mehmonxonalarda mahalla erkaklari to’planishib gap-gashtaklar o’tkazganlar. Hozirgi kunga kelib zamonaviy uylarning qurilishi ancha takomillashgan bo’lib, uylarning qurilishidagi milliy an’analar zamonaviy ko’rinishlar bilan o’zaro uyg’unlashgan. Bugungi uylar muayyan reja asosida turli qulayliklar bilan qurilmoqda. O’zbeklarning milliy kiyimlari ham ko’p asrlik tarixga ega bo’lib, an’anaviy turmush tarzi, tabiiy-geografik muhit va xo’jalik-madaniy an’analar bilan bog’liq bo’lgan. O’zbeklarda asosiy milliy kiyimlar: erkaklarda oq yoki malla bo’zdan tikilgan ko’ylak, yaktak, to’n, belbog’, salla, maxsi, kavush, etik; ayollarda — ro’mol, keng ko’ylak, uzun lozim, nimcha, kaltacha, maxsi, kavush. Bosh kiyimlardan — do’ppi, kuloh, islomiyat davridan boshlab uning ustidan salla o’ralgan, aslzodalarning bosh kiyimlari zarli va kumush iplar bilan bezatilgan, peshona qismiga turli olmos, qimmatbaho toshlardan yasalgan to’g’nog’ichlar qadalgan. Qish faslida kuloh yoki badavlat kishilar mo’ynali telpaklar kiyishgan. O’zbeklar orasida eng ko’p tarqalgan engil bosh kiyimi do’ppidir. Do’ppi, asosan, Baxmal, sidirg’a shoyi, satin qabi matolarga ip, ipak, zar bilan kashta tikib tayyorlangan. O’zbekistonda Chust, Marg’ilon, Qo’qon, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Boysun, Shahrisabz do’ppilari keng tarqalgan. Toshkent do’ppisi sidirg’a ko’k baxmalga tikilgan. Oyoq kiyimlari tag charmi yumshoq bo’lgan uzun, qo’njli, poshnasiz, kavush bilan kiyiladigan maxsi, o’ziga to’q odamlar orasida esa uch qismi qayrilgan baland poshnali etik kiyish urf bo’lgan. Ayollar bosh kiyim sifatida, asosan, ro’mol o’ragan. Yoshi va mavqeiga, oilaviy ahvoliga qarab doka ro’mol, shol ro’mol, g’ijim ro’mol va boshqalar xil ro’mollar o’ralgan (o’ralish usuli ham turlicha bo’lgan). Qizlar uchun qulay bosh kiyimi do’ppi hisoblangan. Toshkentda iroqi chorgul, Samarqandda yo’rmado’zi, Andijonda munchoq gulli, Buxoroda zardo’zi, Qashqadaryo, Surxondaryoda iroqi do’ppilar mashhur. Bosh kiyimlar ustidan chiroyli naqshlar bilan bezatilgan tillaqoshlar, bo’yinga bo’yintumor, zebigardon, qo’lga bilaguzuk, uzuk, burunga buloqi va boshqalar taqinchoqlar taqilgan. Ayollar odmi gazmollardan tikilgan qomatga yopishib, ko’ylak etagidan bir oz yuqoriroq turadigan avraastarli paxtalik choponlar ham kiyishgan. 19-asrning 80-yillarigacha kiyimlar to’g’ri bichimli shaklni saqlagan. Kiyim shakllarining yo’lyo’l, sidirg’a va gulli mahalliy matolardan tayyorlangan, oldi, etagi, eng uchi, yoqasi gulli jiyak bilan hoshiyalangan ko’rinishlari keng urf bo’lgan. 19-asrning 20-30-yillarida kiyim bichimi o’zaro bir-biriga yaqin bo’lgan 2-yo’nalishda o’zgarib bordi. 20-asrning boshlaridan boshlab O’zbeklar o’rtasida yevropacha kiyimlarni kiyish urfga kirdi. Milliy kiyimga Yevropaliklar kiyimi xususiyatlarining kiritilishi milliy ko’ylakni shim bilan ayollar ko’ylaklarini nimcha bilan kiyilishiga olib keldi. Bu tarixan hayot sharoitining o’zgarishi va ommaviy sanoat ishlab chiqarishining hunarmandchilikdan ustunligi tufayli sodir bo’ldi. Milliy bichimdagi kiyimlar qomatga qarab tikila boshlandi, ayol ko’ylaklari torayib va kaltalashib bordi, oldinroq yuzaga kelgan koketkali (ko’krak burma) va qaytarma yoqali ko’ylaklar hayotga muqim kirib bordi, yengi kaltalashdi. 20-asrning 50-60-yillaridan boshlab erkaklar kiyimini to’g’ri yelkali qomatga moslangan pidjak, keng shimlar, ayollar ko’ylagini to’g’ri yelkali erkin kesma lif, etakka tomon kengaygan yubka kiyish rasm bo’la boshlagan. Biroq, O’zbeklar orasida yevropacha kiyimlar bilan birga milliy kiyim ham urfdan qolmadi. Uning o’ziga xosligi shaklida va milliy mato koloritida namoyon bo’ldi. Bu jihatdan ayollarning keng yozgi ko’ylagi va erkaklar yaktagi diqqatga sazovor. Keksa odamlar orasida to’nning kundalik kiyim sifatida saqlanib qolishi an’anaviy tus oldi. Taomlari. O’zbeklarning taom tayyorlash an’anasi va madaniyati ko’p asrlik tarixga ega bo’lib, milliy taomlarni tayyorlashda azaldan turli xil go’sht, o’simlik mahsulotlaridan keng foydalanganlar. O’zbeklar kundalik ovqat sifatida bug’doy, arpa, guruch, no’xat, mosh, zig’ir, kunjut kabi don, sabzi, piyoz, sholg’om kabi sabzavotlar, qovun, tarvuz kabi poliz mahsulotlarini keng iste’mol qilganlar. Azaldan milliy taomlarni tayyorlash uchun chorva — qo’y, qoramol, echki yog’lari, kunjut, zig’ir va sariyog’ (sut mahsulotlaridan olingan), paxta yog’i ishlatilib kelinadi. Ovqatlanishda, ayniqsa shaharliklarning asosiy taomlari sut mahsulotlaridan: qatiq, suzma, tvorog yoki chakki (zardobi olingan qatiq), qaymoq va boshqalardan iborat. Taomga juda ko’p zira va zirk ishlatiladi. Go’shtli, sabzavot va yormali quyuq taomlar za’faron, kashnich qo’shib tayyorlanadi. Umuman, o’zbek milliy taomlari o’zining lazzatliligi, kaloriyaliligi va servitaminligi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, palov, norin, sho’rva, kabob, mastava, shavla, moshxo’rda, moshkichiri, chuchvara, shilpildoq va boshqalar keng tarqalgan. Ba’zi quyuq taomlar (palov) tayyorlashning o’nlab usullari mavjud. Non tayyorlash ham o’zbek pazandachiligida alohida o’rin tutadi. Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlarida non yopishda kunjut, arpabodiyon, sedanani keng qo’llaydilar. Dini. O’zbeklarning O’rta Osiyoda yashagan qadimiy ajdodlari tangrichshik, shomonlik, zardushtiylik, buddaviylik, moniylik kabi dinlarga e’tiqod qilganlar. Bu diniy e’tiqodlarning ayrimlari O’rta Osiyoda Islom dini yoyilgunicha (8-asrgacha) saqlangan. Hozirda O’zbeklarning dini Islom dini bo’lib, uning sunniylik mazhabi O’zbekiston hududida 10-asrdan so’ng hukmron mavqega ega bo’lgan. O’zbeklarning urf-odatlari, marosimlari va bayramlari rangbarang hamda o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’lib, bir necha ming yillar mobaynida shakllanib kelgan. An’anaviy urf-odatlar va marosimlar o’zbek xalqining etnogenezida ishtirok etgan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullangan voha va cho’l aholisiga xos elementlarni o’ziga singdirgan turli qabila va etnik guruhlarning etnomadaniy tajribalarining murakkab qo’shilishi jarayonida shakllangan. Masalan, bola tug’ilishi (chilla, beshik kerti), sunnat to’yi, nikoh va motam marosimlarida O’rta Osiyo xalqlariga xos umumiy o’xshashliklar mavjud. O’zbeklarda jamoa munosabatlariga oid urf-odatlarni shaharda mahalla, qishloqda qishloq jamoasi aks ettirgan, ularning faoliyatida erkaklar va bolalar qatnashgan. O’tmishda barcha udumlar, marosimlar qishloq va shaharda mahalla jamoalarining tashabbusi bilan o’tkazilgan. Jumladan hashar keng tarqalgan. Hasharning bir necha turi mavjud: jamoa ishlarini bajarishda, qo’ni-qo’shnichilik va qavm-qarindoshlik doirasida o’tkaziladigan hashar va boshqalar jamoa hashari bilan uy- joy, ko’prik qurish va ta’mirlash, ariqzovurlar qazish, ularni loyqadan tozalab turish; masjid qurish va ta’mirlash, mozorlarni tozalash va boshqalar ishlar bajarilgan. Yoshlarni odob-axloq ruhida tarbiyalashda jamoaning o’rni ham katta bo’lgan. Jamoaning har bir a’zosi mehmondorchilik, ma’raka va boshqalar jamoat joylarida yoshi va mavqeiga qarab joy egallagan. O’zbeklarning jamoa marosimlariga Navro’z bayrami. Mehrjon sayli, Lola sayli, qizil gul sayli, ro’za hayiti (Iyd alfitr), Qurbon hayiti (Iyd aladho), sumalak sayli va boshqalar, ularni o’tkazish bilan bog’liq xalq odatlari, rasmrusumlari kiradi. Har bir bayram o’z tarixiga ega bo’lib, u xalq ijodiy mehnati va hayot sharoiti bilan chambarchas bog’liq. O’zbek xalqi orasida eng keng tarqalgan, milliy tusga ega bo’lgan urf-odatlardan mavsumiy marosimlar diqqatga sazovordir. Ayrim tadqiqotchilarning fikricha, o’zbek mavsumiy marosimlarini quyidagi turkumlarga tasnif etish mumkin: 1) qishda o’tkaziladigan gapgashtak, yasayusun kabilar; 2) bahorgi marosimlar — Navro’z, shoxmoylar (qo’sh chiqarish), Lola yoki qizil gul sayli, loy tutish, sust xotin kabilar; 3) yozgi marosimlardan qovun sayli, choy momo va hokazolar; 4) kuzgi marosimlar — hosil yig’imi bilan bog’liq Mehrjon, oblobaraka, shamol chaqirish, uzum sayli kabilar. Sovetlar hukmronligi davrida amaldagi mafkuraga muvofiq, bir qancha marosimlar, jumladan, “Komsomol to’yi”, “Qizil to’y”, oktyabr (7 noyabr) bayrami, Sovet armiyasi kuni, Sovet konstitutsiyasi kuni, “Paxta bayrami” va boshqalar joriy etildi. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, bu bayramlarning ko’pchiligi o’z-o’zidan barham topdi, lekin joriy taqvim bilan bog’liq umumbashariy bayramlardan 1 yanvar — Yangi yil kuni, 8 mart — xalqaro xotin-qizlar kuni saqlab qolindi. Ayni vaqtda, mustaqil O’zbekiston Respublikasida yangi xalq bayramlari ta’sis etildi: 1 sentyabr — Mustaqillik kuni, 8 dekabr — Respublika Konstitutsiyasi qabul qilingan kun, 9 may — Xotira va qadrlash kuni. Shuningdek, ro’za va Qurbon hayitlari kuni, Navro’z bayrami tiklandi va yangicha mazmun kashf etdi. O’zbeklar jamoaviy turmushi chuqur tarixiy ildizlariga ega. Bu tartibotning ibtidosi antik davrlarga borib taqaladi. Yozma va arxeologik manbalarda mintaqaning qadimiy shaharlari aholisi orasida jamoalar faoliyat ko’rsatganligi, faqat turmushdagina emas, balki ishlab chiqarishda ham jamoa asoslari mavjudligi qayd etilgan. O’rta asrlarda jamoa faqat jamoaviy asoslardagina sug’orish tizimini tashkil etish va qo’llab quvvatlash, binobarin, dehqonchilik bilan shug’ullanish mumkin bo’lgan qishloq aholisi uchun ham, shuningdek, shahar aholisi uchun ham o’zining ilgarigi ahamiyatini sakdab qolgan edi. O’z-o’zini boshqaruvning tarixan tarkib topgan ushbu tizimi nafaqat birgalikda faoliyat olib borishgina bo’lmay, ayni vaqtda ijtimoiy hayotni tashkil etish, oila va turmush an’analarini, rasm-rusumlarini xalqimiz turmush tarzining barcha tizimini saqlash va boyitishdan ham iborat bo’lgan. Yaqin vaqtlargacha, hududiy qo’shnichilik jamoasi xalqimizda turli mintaqalarda turlicha nomlar bilan atalgan, chunonchi, “mahalla”, “guzar”, “masjid”, “jamoa”, “elat”. 20-asrning 90-yillaridan respublikaning shahar va qishloqlarida hududiy-qo’shnichilik jamoasi yagona mahalla atamasi bilan yuritiladigan bo’ldi. Zero, o’z-o’zini boshqarishning xalqimiz an’analari va qadriyatlariga juda mos bo’lgan ushbu usuli — mahallalar tizimi so’nggi yillarda juda katta nufuzga ega bo’lib bormoqda. Hozirgi davrda O’zbeklar zamonaviy kasb-hunarni egallamoqdalar. Kompyuter va internetdan foydalanish O’zbeklar hayotiga singib ketdi. Demokratik jarayonlar rivojlanmoqda. Milliy, madaniy qadriyatlarga e’tibor kuchaymoqda. Ad.: Yakubovskiy A.Yu., K voprosu ob etnogeneze uzbekskogo naroda. T., 1941; Ismoilov H., An’anaviy o’zbek kiyimlari (etnografik materiallar), T., 1978; Shaniyazov K. 111., Ismailov X.I., Etnograficheskiye ocherki materialnoy kulturm uzbekov kontsa XIX — nachala XX v., T., 1981;Ahmedov B., Tarixdan saboqlar, T, 1995; Shoniyozov K., O’zbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001; O’zbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari, T., 2001; Kadmrova T.F., Arxitektura Uzbekistana, M., 1987; Qoraboev U., O’zbek xalq bayramlari, T., 2002; Jabborov I., O’zbeklar an’anaviy turmushi va madaniyati, T., 2004; O’zbek pazandalik san’ati, T., 2005. Adhamjon Ashirov, Asror Qayumov.