O’ZGARUVCHAN TOK

O’ZGARUVCHAN TOK — tok kuchi (kuch lanish) va yo’nalishi vaqt o’tishi bilan davriy ravishda o’zgaradigan elektr toki; keng ma’noda — vaqt bo’yicha o’zgaradigan har qanday elektr toki. O’zgaruvchan tokni o’zgartirish, masalan, uzoq masofaga uzatish, to’g’rilash, chastotasini o’zgartirish kabi amallarning bajarilishi nisbatan oddiyligi uning afzalligi hisoblanadi. Asosiy ko’rsatkichlari: chastotasi va tok kuchining ta’sir etuvchi qiymati. Sanoatda foydalaniladigan o’zgaruvchan elektr tarmoqlarida tok kuchi va kuchlanish garmonik tarzda 50 Gts chastota bilan o’zgaradi. Zanjir uchlaridagi o’zgaruvchan kuchlanishni elektr stansiyalardagi generatorlar vujudga keltiradi. Tok kuchining ta’sir etuvchi qiymati deganda ma’lum vaqt ichida o’tkazgichdan O’zgaruvchan tok o’tganda ajraladigan issiqlik miqdoriga teng issiqlik ajratadigan tok kuchi tushuniladi. Tok kuchi va kuchlanishning ta’sir etuvchi qiymatlari O’zgaruvchan tok zanjiriga ulangan ampermetr va voltmetr bilan o’lchanadi.