“O’ZBEKQISHLOQMASH” AKTSIYADORLIK JAMIYATI

“O’ZBEKQISHLOQMASH” AKTSIYADORLIK JAMIYATI, “O’zbekiston qishloq xo’jaligi mashinasozligi zavodi” aktsiyadorlik jamiyati — Yirik qishloq xo’jalik mashinasozligi korxonasi. Toshkent shahrida joylashgan. “O’zqishloqxo’jalikmashxolding” xolding kompaniyasi tarkibiga kiradi. Chigit ekish seyalkalari, don ekish seyalkalari. podborshchiklar, rotorli o’t o’rgichmaydalagich, emxashak o’rish texnikasi, ko’sak chuvish mashinalari, mineral o’g’it sochgichlar, shuningdek, qishloq xo’jalik mashinalariga ehtiyot qismlar va xalq iste’moli mollari ishlab chiqaradi. Korxona 1941 yilda Toshkentga Evakuatsiya qilingan “Vulkan” (Leningrad), “Krasnny Aksay” (Rostov) va “Krasnaya Zvezda” (Kirovograd) zavodlari asbob-uskunalari asosida tashkil etilgan. 1942 yildan front uchun aviabomba, turli xildagi minalar, 1943 yildan qishloq xo’jalik uchun pichan o’rish mashinalari, shuningdek, qishloq xo’jalik mashinalari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqardi. Urushdan keyin zavod to’liq qishloq xo’jalik mashinalari ishlab chiqarishga ixtisoslashdi, o’rish mashinalari bilan birgalikda diskli boronalar, charxlash stanoklari, nasospurkagichlar ishlab chiqara boshladi. 1948 yildan korxona “O’zbekselmash” nomini oldi. 1949 yildan qatorlab chigit ekadigan seyalkalar, 1955 yildan yanada takomillashgan SG4, SKG4 seyalkalari, 1960 yildan ko’rak chuvish mashinasi, 1965 yildan PXN1,2 markali paxta podborshchiqlari ishlab chiqarish o’zlashtirildi. 1980-yillar boshida korxonada pnevmoapparatli chigit ekish seyalkalari, paxta podborshchiqlarining 5 turi, ko’sak chuvish mashinalari, g’o’zapoya yuladigan mashinalar ishlab chiqarila boshladi. 90-yillardan korxona tsexlari eng zamonaviy texnologiyalar, plastmassa quyulmalaridan qismlar ishlab chiqaradigan termoplast avtomatlar, Italiyadan metall bukuvchi avtomatlar bilan jihozlandi. 1994 yildan ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati. Mahsulotlari qo’shni mamlakatlarga eksport qilinadi. 2004 yilda korxonada 2814,3 million so’mlik tovar mahsulot ishlab chiqarildi.