BOQI MUHAMMAD
BOQI MUHAMMAD (71605) Buxoro xoni (1601-05). Ashsharxoniylardan. Jonibek sultonning o’g’li. Shayboniylar sulolasining so’nggi vakili Pirmuhammadxon (1598-1601) Boqi Muhammadni alohida xizmatlari uchun Samarqand hokimi etib tayinlagan (1599). Shunday bo’lsada, Boqi Muhammad tez orada o’z mavqeini mustahkamlab olib, Pirmuhammadxonga itoat etmay ko’ygan va hatto unga qarshi urushga hozirlik ko’ra boshlagan. 1601 yil iyunda Pirmuhammadxon Samarqand yaqinidagi bog’i shamol degan joyda Boqi Muhammad bilan jang qilib, mag’lubiyatga uchragan. So’ng Boqi Muhammad Buxoroga kirib, xonlik taxtini egallagan. Shu tariqa Buxoroda yangi sulola — Ashtarxoniylar hukmronligi boshlangan. Boqi Muhammad o’z hukmronligi davrida xonlik hududi yaxlitligini saqlab qolish va o’ziga qadar o’tgan xonlar qo’ldan chiqargan yerlarni dushmandan qaytarib olish maqsadida ko’plab urushlar qilgan. Chunonchi, Boqi Muhammad Balx taxtiga da’vo qilib isyon ko’targan (1601-02) ashtarxoniy shahzodalar — Abbos Sulton va Rahmonquli sultonlarni mag’lub etgan (1602 yil bahori). Eron shohi Abbos I Balxni bosib olish, so’ngra Boqi Muhammadni taxtdan ag’darib, uning o’rniga shayboniylardan Muhammad Salim sultonni o’tqazish va bu bilan Buxoro xonligida Ashtarxoniylar hukmronligiga chek qo’yish maqsadida katta qo’shin bilan yurish qilganda, Boqi Muhammad Amudaryo bo’yidagi puli Xataba degan joyda unga peshvoz chiqib (1602 yil iyul), Eron qo’shinini butunlay tormor keltirgan. Shoh Abbos I esa qolgan-qutgan askarlari bilan arang qochib qutilgan. 1603 yil 25 martda Boqi Muhammad temuriylardan Kobul hokimi Muhammad Hakim Mirzoning jiyani Badiuzzamon bosib olgan Qunduz shahrini uch oy qamal qilgach, yana qayta qo’lga kiritgan. Boqi Muhammad mamlakatni idora qilish tizimi va soliqlarni tartibga solish, qo’shinni qayta tashkil qilish kabi qator islohotlar o’tkazgan, savdo-sotiq, hunarmandchilik, obodonchilik ishlariga katta e’tibor bergan.