BOJXONA ITTIFOQI

BOJXONA ITTIFOQI — ikki yoki undan ortiq davlatlar o’rtasida o’zaro bojxona chegaralarini bekor qilish, boshqa mamlakatlar uchun yagona boj tariflarini joriy etish to’g’risidagi bitim; davlatlarning bojxona siyosati sohasida hamkorlikda faoliyat olib borish maqsadlarida birlashuvi. Bojxona Ittifoqi asosan ittifoqqa a’zo davlatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarning raqobatbardoshligini ko’tarish maqsadlarida boj undirish, a’zo bo’lmagan davlatlarga nisbatan yuqori boj stavkalari masalalarini tartibga soladigan ikki yoki ko’p tomonlama bojxona konventsiyalari asosida tashkil etiladi. Dastlabki Bojxona Ittifoqilaridan biri Frantsiya va Monako o’rtasida tuzilgan (1865). 1924 yilda Shveytsariya bilan Lixtenshteyn knyazligi o’rtasida Bojxona Ittifoqi vujudga keldi. Rivojlangan mamlakatlar o’rtasidagi Bojxona Ittifoqiga ta’riflar va savdo to’g’risida Bosh kelishuv (1947; 1997 yildan Jahon savdo tashkiloti), Yevropa iqtisodiy hamjamiyati (1957; 1995 yildan Yevropa Ittifoqi), Yevropa erkin savdo uyushmasi (1960) misol bo’ladi. Hozirgi MDH doirasida 1997 yilda Rossiya bilan Belorussiya o’rtasida, 1998 yilda Rossiya, Belorussiya, Qozog’iston va Qirg’iziston o’rtasida Bojxona Ittifoqi yuzaga keldi. O’zbekiston Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston davlatlari o’rtasida ham yagona iqtisodiy makon barpo etish maqsadlarida Bojxona Ittifoqi tashkil etildi (1998). Sherqul Shodmonov.