BOZOR ISLOHOTLARI INSTITUTI
BOZOR ISLOHOTLARI INSTITUTI, O’zbekiston agrar sanoat majmuida bozor islohotlarini chuqurlashtirish ilmiy tadqiqot instituti — ilmiy muassasa. O’zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo’jaligi vazirligining Qishloq xo’jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazi tarkibida. Toshkent shahrida joylashgan. 1957 yilda O’zbekiston qishloq xo’jlik mahsulotlari yetishtirish va iqtisodiyoti ilmiy tadqiqot instituti nomi bilan tashkil etilgan. 1963-92 yillarda O’rta Osiyo qishloq xo’jalik iqtisodiyoti ilmiy tadqiqot instituti, 1992-94 yillarda O’zbekiston qishloq xo’jalik iqtisodiyoti ilmiy tadqiqot instituti nomlari bilan yuritilgan. 1994 yildan hozirgi nomda. Institut ilmiy faoliyatining asosiy yo’nalishlari o’tish davri qishloq xo’jalik islohotlari jarayonlarini kompleks o’rganish, agrar sohada islohotlar o’tkazish tamoyillari va ilmiy asoslarini ishlab chiqish, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni shakllantirish orqali mamlakat agrar sektorida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan ilmiy-amaliy takliflar tayyorlash; agrosanoat majmui tarmoqlarining o’zaro iqtisodiy aloqalarni yaratish; boshqarishning tashkiliyiqtisodiy mexanizmini ishlab chiqish; ko’p ukladli iqtisodiyotni shakllantirish, mulk shakli, shuningdek tuproq iqlim sharoitidan kelib chiqib eng samarali xo’jalik yuritish usullarini aniqlash; bozor infratuzilmasi, marketing va menejmentini shakllantirish; axborot ta’minoti va boshqalar. Institutda (2000) 14 sektor bor (ikki ijodiy guruh faoliyat ko’rsatadi). Institutda 3 akademik, 3 fan doktori, 24 fan nomzodi va 50 dan ortiq yuqori malakali ilmiy xodim va mutaxassislar ishlaydi. Respublikadagi 10 ilmiy tadqiqot intlari bilan hamkorlik qiladi, shuningdek Rossiya, Qozog’iston, Qirg’iziston, AQSh, Buyuk Britaniya, Isroil davlatlarning ilmiy markazlari, oliy o’quv yurtlari bilan aloqalar o’rnatilgan.
BOZOR ISLOHOTLARI INSTITUTI, bozor islohotlarini chuqurlashtirish ilmiy tadqiqot instituti — ilmiy muassasa. O’zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash davlat qo’mitasiga qaraydi. Qo’mitaning ko’p ukladli iqtisodiyotni shakllantirish muammolari ilmiy tadiqoqt markazi negizida 1997 yilda Toshkentda tashkil etilgan. Institut ilmiy faoliyatining asosiy yo’nalishlari: O’zbekistonda bozor islohotlari jarayonlarini tahlil qilish, iqtisodiyotni isloh qilishning jahon tajribalarini o’rganish, respublikada bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish bo’yicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash; iqtisodiyot xususiy sektorining jadal rivojlanishini rag’batlantirish va mulkdorlar huquqlarining kafolatini kuchaytirish, qimmatli qog’ozlar va ko’chmas mulk bozorlarini rivojlantirish bo’yicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqish va boshqalardan iborat. Institut tarkibida quyidagi bo’limlar bor (2000): institutsional o’zgarishlar va bozor islohotlarini chuqurlashtirishning ilmiy asoslari; xususiylashtirish va xususiylashtirishdan keyin korxonalarni qo’llab quvvatlash; kichik va o’rta tadbirkorlikning rivojlanishini rag’batlantirish; bozor infratuzilmalarini rivojlantirish; qishloq xo’jalikda institutsional o’zgarishlar; xorijiy sarmoyalarni jalb etishni rag’batlantirish; davlat mulkini boshqarishni tashkil qilish; hisoblash va kompyuterlashtirish tizimlari; axborot ta’minoti. Institutda professor va fan doktorlari, 4 fan nomzodi va 50 dan ortiq yuqori malakali ilmiy xodim va mutaxassislar ishlaydi.