BOZUBAND

BOZUBAND, bozband, bozvant — ziynat buyumi, ayollar taqinchog’i. Bo’yin yoki qo’ltiqqa osib yuriladi. Shakli: ikki uchi qubba bilan yakunlangan naychasimon yoki bir-biriga tegib ketmasligi uchun ingichka jiyak bilan birlashtiriladigan ikkita (biri quti, ikkinchisi qopqoq) to’rtburchak yoki uchburchak yupqa oltin yoki kumush plastinkadan yasalgan quticha; ikki cheti (uchburchak bo’lsa, ustki burchi) ga zanjir (2 — 5 qator), pastiga kalta sim panjara bezak yoki shokilalar o’rnatiladi; suqma — mix bo’lakcha yordamida ochib yopiladi. Bozuband yuzasi bosma, shabaka (panjara), sovotkori, simkori usulida nafis bezatiladi, qimmatbaho toshlar, rangdor shisha, marjonlar qadab naqshlanadi, bezak mujassamotiga yozuvlar kiritiladi. Bozuband o’ta mehnattalab, hashamdor va nozik buyum bo’lganligi uchun g’oyat qadrlangan, hatto qizlarning kelinlik sepiga ham kiritilgan. Toshkent, Andijon, Qo’qon, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi yirik shaharlarda tayyorlangan, chet mamlakatlarga ham chiqarilgan. U tumor deb ham yuritiladi. 20-asrda urfdan qolgan. Hozir o’zbek raqqosalarining milliy kiyimlari tarkibiga kirgan.