BOMARSHE (BEAUMARCHAIS) PER OGYUSTEN KARON DE
BOMARSHE (BEAUMARCHAIS) PER OGYUSTEN KARON DE (1732.24.1— Parij — 1799.18.5) — frantsuz dramaturgi. Dastlabki pyesalari “Yevgeniya” (1767), “Ikki do’st” (1770) da ijtimoiy tengsizlik qoralanadi. “Xotiralar” pamfleti (1773-74) da Bomarshening demokratik qarashlari o’z aksini topgan. “Seviliya sartaroshi” (1775), “Figaroning uylanishi” (1784) Bomarshega jahonshumul shuhrat keltirdi. “Figaroning uylanishi” da yozuvchi oddiy xalq vakili — Figaroning aql-zakovatini ulug’lab, aslzoda Almavivning johil va nodonligidan kuladi. Bomarshe komediyalari jahon teatr sahnalaridan munosib o’rin egallagan. Ular asosida yaratilgan “Seviliya sartaroshi”, “Figaroning uylanishi” operalari Navoiy nomidagi teatrda sahnalashtirilgan.