BORLIQ

BORLIQ — ob’yektiv mavjud reallikni ifodalovchi falsafiy tushuncha. U moddiy predmet olamidangina iborat emas. Borliq turli darajada namoyon bo’ladi: organik va noorganik tabiat, biosfera, ijtimoiy Borliq, ob’yektiv ideal Borliq (madaniy qadriyatlar, ilmiy bilimning umumiy printsiplari, tushunchalari va hokazolar), inson turmushi. Borliq falsafa tarixida turlicha talqin qilingan. Yaqin va O’rta Sharq falsafasida Kindiy, Forobiy, Ibn Sino, Umar Xayyom, Ibn Rushd kabi mutafakkirlar Borliqni ikkiga — vujudi mumkin va vujudi vojibga bo’ladilar. Ularning falsafasida Borliqning dastlabki sababchisi Alloh (vujudi vojib), lekin Alloh bilan Borliqni bir-biridan ajratib tasavvur qilib bo’lmaydi, bular sababoqibat shaklida bir-birlari bilan uzviy bog’liq, degan tushuncha yotadi. Real va xayoliy Borliq o’rtasida alohida tafovut bor. Real Borliq mavjudlikni, xayoliy Borliq mohiyatni belgilaydi. Real Borliq narsalar, jarayonlar, shaxslar, hatti-harakatlar va boshqalarning realligini bildiradi; u makon va zamon xarakteriga ega, u alohida, betakror. Xayoliy Borliq (g’oya ma’nosida) vaqtinchalik, haqiqiy,  tajribaviy xarakteridan mahrum, u fakt bo’la olmaydi; u qat’iy o’zgarmas (qotib qogan), abadiy mavjud (N. Gartman). Xayoliy Borliq bu ma’noda qadriyat, g’oya, matematik va mantiqiy tushuncha sifatida yuzaga chiqadi. Platon unda chin, xususiy “Real” Borliqni ko’radi. Umumiy ma’nodagi Borliqdan muayyan Borliq farq qiladi. Geraklit fikricha, hech qanday qotib qolgan Borliq yo’q, doimo o’zgaruvchan Borliq bor. Metafiziklar “haqiqiy” Borliq transtsendent, narsa o’zidadir deb biladilar. Barcha mavjud narsalarning yig’indisini, umuman olamni Borliq deb ataydilar. J. Berkli, D. Yum Borliq faqat sub’ektda, ongdagina mavjud deb biladilar. Ba’zi faylasuflar Borliqni qandaydir dunyoviy ruhning, g’ayri moddiy kuchning ko’rinishlaridan iborat, deb hisoblaydilar. Xususan Gegel falsafasida Borliq mutlaq g’oyaning o’zligidan, mavhumlikdan konkretlikka tomon yuksalib boruvchi dastlabki, bevosita va juda noaniq bosqichi hisoblanadi. Borliqni ruhmahsuli sifatida qarash 19-asr oxiri — 20-asr boshidagi falsafaga ham xos. L. Feyerbax, A. I. Gersen, N. G. Chernishevskiy Borliq ob’yektiv, u harakatdagi materiya bilan bog’liq deb ta’kidlaydilar. Ba’zi falsafiy oqimlar mavjud olamning realligini, Borliqning ob’yektivligini e’tirof etadilar. Borliqning eng muhim xususiyati — moddiyligida ekanligini alohida ta’kidlaydilar. Hozirgi zamon ontologiyasiga ko’ra, Borliq — barcha mavjudotning turli-tuman ko’rinishlari bilan aynandir.