BOSVOLDI
BOSVOLDI — o’rtapishar qovun navi, o’rtacha kattalikda, uzunligi 20-23 santimetr, og’irligi 4-7 kilogramm. Pusti o’rtacha qalinlikda, sirti sal tilimtilim, to’rsiz, rangi oqishsariq. Ustidagi gullarining chetlari notekis chiziqli, keng ochyashil tasmasimon. Eti 4,5—5 santimetr, och yashil, g’ovak, sershira. Tarkibida 7— 8,6% qand, 3,5—4,5% saxaroza, 8,5— 10% quruq modda bor. Urug’xonasi o’rtacha kattalikda, urug’i yirik, tuxumsimon, ochsarg’ish. Ekilganda unib chiqqandan keyin 85-90 kunda pishadi. Hosildorligi 170-250 tsentner/gektar. Farg’ona vodiysi, Toshkent va Samarqand viloyatlarida Bosvoldining 2417 navi (K. I. Pangalo, M. K. Goldgauzen) ekiladi.