BOSMA MASHINA

BOSMA MASHINA — kitob, gazeta, jurnal, broshyura, etiketka, plakat va boshqa matbaa mahsulotlari chop etiladigan mashina. Matbaa jihozlaridan asosiysi hisoblanadi. Dastlabki Bosma mashina (bosma stanok)ni nemis ixtirochisi I. Guttenberg 1441-45 yillarda ixtiro qilgan. Bosma mashinaning asosiy uzellari: bo’yoqni qolipdan qog’ozga o’tkazuvchi bosish apparati; qolipga bo’yoq surkash apparati, qog’ozni bosish apparatiga uzatuvchi va nusxalarni mashinadan chiqaruvchi qog’oz o’tkazish mexanizmi; bosilgan mahsulotlarni qabul qiladigan va ularga ishlov beradigan qo’shimcha qurilma; mashinani boshqarish yuritmasi va tizimi. Bosish usuliga ko’ra, bosmaxona Bosma mashinasi yuqori bosma, tekis bosma va chukur bosma xillarga bo’linadi. Bosish qolipi va unga qog’oz (yoki boshqa material)ni siqib turuvchi sirtning turiga ko’ra, tigelli, tekis va rotatsion Bosma mashinalar bo’ladi. Tigelli Bosma mashinada nusxalar ikki sirt — bosma qolip va qog’ozni qolipga siqib turuvchi tigelning o’zaro ta’siri natijasida olinadi. Unda blanklar, muqovalar, bezaklar bosiladi. Tekis Bosma mashinada bosma qolip bir tekislikda yotadi, qog’ozni shu qolipga tsilindr siqadi. U bezak va ko’p bo’yoqli bosmalar uchun mo’ljallangan. Rotatsion Bosma mashinada qolip va unga qog’ozni siqadigan sirt tsilindr shaklida bo’ladi; ular bir xil tezlikda aylanadi. Bunday mashinada gazeta, jurnal, kitob, blanklar, bilet va boshqa mahsulotlar bosiladi. Bosma mashina qog’oz turiga qarab ham xillarga bo’linadi: varaqlarga bosadigan va qog’oz o’rami (rulon) dan uzluksiz uzatib turiladigan qog’ozga bosadigan (rotasion) mashinalar. Bosma mashina qog’ozdan tashqari temir, karton, oyna, plastmassa, to’qimachilik materiallari va boshqalarga bosadigan xillarga ham bo’linadi.