BOTANIKA INSTITUTI VA BOTANIKA BOG’I
BOTANIKA INSTITUTI VA BOTANIKA BOG’I, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika instituti va botanika bog’i — Toshkent shahridagi ilmiy muassasa. Unda tabiiy sharoitda o’sadigan o’simliklar dunyosi har tomonlama o’rganilib, muhofaza qilish, qayta tiklash, ulardan oqilona foydalanish, o’simliklar introduktsiyasi va biotexnologiyasiga oid muammolar ustida tadqiqot ishlari olib boriladi. Botanika instituti 1932 yilda O’zbekiston fanlari qo’mitasi qoshidagi o’simliklar xom ashyosi bo’limi asosida shakllangan va 1941 yildan Botanika va tuproqshunoslik instituti deb atala boshlagan. 1948 yilda Tuproqshunoslik bo’limi mustaqil institut bo’lib ajralib chiqqach, botanikaga oid ishlar Botanika va zoologiya ilmiy tadqiqot institutida olib borildi. 1950 yilga kelib mustaqil Botanika ilmiy tadqiqot instituti tashkil topdi. 1998 yilda institutga botanika bog’i qo’shilgach, Botanika instituti va botanika bog’i deb ataladigan bo’ldi. Institutda 11 laboratoriya bo’lib, bular orasida deyarli barcha qit’alardan yig’ilgan 1 milliondan ziyod o’simlik nusxalariga ega bo’lgan yirik Markaziy gerbariy laboratoriya O’rta Osiyoda yagona laboratoriya hisoblanadi. Institut bevosita tabiatda ish olib boradigan “Qizilqum cho’l stantsiyasi”ga, G’arbiy Tyanshan (Ugam tizmasi)da va Orol dengizi bo’yida joylashgan tayanch nuqtalarga ega. Institutda o’simliklar qoplami, ekologiya, tabiatni muhofaza qilish, paleobotanika, o’simliklar xom ashyosi, anatomiyasi, tsitoembriologiyasi, Orol dengizi atrofidagi qurib qolgan erlarni qayta o’zlashtirish, chorva mollari uchun emxashak bazasini tashkil etish, ifloslangan suvlarni biologik usulda tozalashga oid muammolar ustida tadqiqot ishlari olib boriladi. O’rta Osiyo, jumladan O’zbekistonning tabiiy florasi va o’simliklar jamoasini o’rganish ustida olib borilgan fundamental tadqiqotlar natijasida 4274 tur, 1023 turkum va 138 oilani o’z ichiga olgan va Beruniy mukofotiga sazovor bo’lgan 6 jildli (rus tilida) “O’zbekiston florasi”, 125 oilaga mansub 8097 tur va 1152 turkumni o’zida mujassamlashtirgan 10 jildli “O’rta Osiyo o’simliklari aniqlagichi”, 10 jildli “O’zbekiston zamburug’lari florasi”, “O’rta Osiyo suv havzalari suv o’tlari florasi”, 3 jildli “O’rta Osiyo ko’k-yashil suvo’tlar aniqlagichi”, 2 jildli “Zarafshon florasi va o’simliklari”, 2 jildli “O’rta Osiyo va Janubiy Qozog’iston o’simliklari”, 4 jildli “O’zbekiston o’simliklar qoplami va undan oqilona foydalanish”, 3 jildli “O’zbekiston paleobotanikasi”, “O’zbekiston qizil kitobi”, “Cho’l o’simliklarining ekologik anatomiyasi” kabi 120 dan ziyod monografiya va to’plamlar nashr etildi. Intda olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari o’z maktablari bilan dunyoga tanilgan E.P. Korovin, A.M. Muzaffarov, Q.Z. Zokirov, J.K. Saidov kabi olimlar faoliyati bilan bevosita bog’liq. Institut Germaniya, Angliya, Hindiston, Finlyandiya, Isroil, Xitoy, Vetnam, Turkiya hamda MDH davlatlari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlari olib boradi. Institutda botanikaning turli sohalariga bag’ishlangan xalqaro simpoziumlar o’tkazib kelinadi, jumladan 1998 yil may oyida “G’arbiy Janubiy Osiyo va O’rta Osiyo o’simliklari hayoti” nomi ostida botaniklarning 5-xalqaro anjumani o’tkazildi. Institutda 1 akademik, 14 fan Doktori, 50 ga yaqin fan nomzodlaridan iborat 90 dan ziyod ilmiy xodim faoliyat ko’rsatadi (2001). Institutda o’simliklar qoplamining kamayib ketish sabablari va cho’llarning kengayib boorish jarayonlarini o’rganish, ekologik xaritalar tuzish, o’simliklarning turli muhitlarga moslanishi va insonlar ta’sirida ularning kamayib ketishini oldini olish, tabiatni muhofaza qilish, uning xom ashyolarini saqlab qolish va o’tloqlar hosildorligini oshirish, Orol muammolari, shuningdek qimmatbaho suvo’tlar, zamburug’lar, yuksak o’simliklardan fiziologik faol moddalar ajratib olish, yo’qolib borayotgan va kam uchraydigan o’simliklarni saqlab qolish ustida ilmiy izlanishlar olib boriladi. Botanika bog’i. Toshkent davlat unti qoshidagi botanika bog’i asosida tashkil topdi, rasmiylashuvi va qurilishi 1950 yildan boshlandi. 1968 yil 1 yanvardan bog’ga ilmiy tadqiqot instituti maqomi berildi. Botanika bog’i Respublika miqyosida o’simliklarni introduktsiya qilish (ilgari o’stirilmagan yangi o’simliklarni o’stirish, iqlimlashtirish va ulardan xalq xo’jaligida foydalanish) masalasini o’rganish va ishlab chiqishda ilmiy markaz hisoblanadi. Bog’ning 64 gektar maydoni bo’lib, unda introduktsiya qilingan o’simliklarning turi va navlari 1997 yil boshida 6 mingga yetdi. Shundan 2500 turi daraxt va buta, qolgani bir, ikki va ko’p yillik o’tlardir. Bu o’simliklar Osiyo va Yevropa mamlakatlari, Kavkaz, Uzoq Sharq o’lkalaridan, shim. Amerika, Xitoy va O’rta dengiz bo’yidagi mamlakatlardan keltirilgan. Tropik mamlakatlardan olingan 800 dan ortiq o’simlik turlari oranjereyalarda o’stiriladi. Introduktsiya qilingan o’simliklar orasida manzarali va mevali daraxtlar, xilma-xil rezavor mevali butalar, shifobaxsh o’simliklar bor. Ko’chatlari ko’kalamzorlashtirish uchun ekiladigan Lola daraxti, Lenkoran akasiyasi, piramidal eman, pushti gulli akasiya, yirik bargli jo’ka, Xitoy teragi; manzarali ko’p yillik piyozli o’simliklardan Lola, Krokus, giasint; ildizpoyali o’simliklardan gulsafsar, sallagullar, 90 dan ortiq duragay gibiskus — paxtagul o’simliklari yetishtirildi. Bog’ har yili 15 mingga yaqin urug’ namunalarini tarqatadi va o’z navbatida boshqa botanika bog’laridan ham urug’olib turadi. U chet mamlakatlardagi 477 bog’ va 200 dan ziyod turli ilmiy tashkilotlar bilan aloqa qiladi. Botanika bogi mavzuli to’plam va urug’larning nomi yozilgan indeks risola (broshyura) chiqaradi. Studentlar, maktab o’quvchilari, tabiatshunoslar va boshqalar uchun bilim laboratoriya bo’lib xizmat qiladi. Angliyada e’lon qilingan “Dunyodagi eng yirik botanika bog’lari” nomli asarda O’zbekiston botanika bog’i ham tilga olingan. Akad. F.N. Rusanov rahbarligida bog’xodimlari tomonidan 14 jildli “O’zbekiston dendrologiyasi” (ruscha), “O’simliklar introduktsiyasi” nomli 27 to’plam va ko’plab monografiya hamda maqolalar nashr etdi. O’ktam Pratov, Ozodbek Ashurmetov.