“BOTANIKA” SANATORIYSI

“BOTANIKA” SANATORIYSI — balneologik kurort. Toshkent shahridan 30 kilometr uzoqlikda. Chatqol tog’i etaklarida, Chirchiq shahridan 15 kilometr masofada, dengiz sathidan 570 metr balandlikda joylashgan. Maydoni 19,7 gektar. Sanatoriy hududida dastlab temir yo’l xodimlari uchun dam olish uyi (1942 yilgacha), harbiy gospital (1942-46), mavsumiy (1947-56) va yil bo’yi ishlaydigan (1956-66) dam olish uyi bo’lgan, 1966 yildan Markaziy va periferik nerv sistemasi hamda hazm a’zolari kasalliklari b-n og’rigan kishilar davolanadigan sanatoriyga aylantirilgan. Sanatoriy yaxshi ko’kalamzorlashtirilgan, yaqinidan Bo’zsuv oqib o’tadi. Iqlimi kontinental: qishi yumshoq, yozi issiq, yanvarning o’rtacha temperaturasi — g, iyulniki +26°, nisbiy namlik 50%, quyoshli kunlar davomiyligi yiliga 2700 soat. Sanatoriydagi termal xlorid gidro karbonat natriyli mineral suvdan ichish, vannalar uchun, ichaklarni chayish, me’dani yuvish maqsadida, Jizzax viloyati Zomin tumani “Baliqli ko’l”dan olib kelinadigan balchiqdan esa chaplash (applikatsiya) va galvanik balchiq ko’rinishida foydalaniladi. Bundan tashqari, fizioterapiya, refleksoterapiya, davo fizkulturasi, massaj, issiq (parafin va ozokerit) hamda lazer bilan davolash usullari ham qo’llaniladi. 526 o’ringa mo’ljallangan yotoq korpuslari (bir va ikki o’rinli), yozgi va qishki klub, kutubxona, sport maydonchalari mavjud, bolalar va onalari uchun yil davomida ishlaydigan 68 o’rinli bo’lim ham bor (1990 yildan).