BOTSVANA
BOTSVANA, (Botswana), Botsvana Respublikasi (Republic of Botswana) — Janubiy Afrikadagi davlat. Maydoni 600,4 ming kilometr kvadrat. Aholisi 1,5 million kishi (1997). Poytaxti — Gaborone shahri. Ma’muriy jihatdan 10 viloyatga bo’linadi. Davlat tuzumi. Botsvana — respublika. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo’stlik a’zosi. 1966 yil 30 sentabrda qabul qilingan va keyinchalik o’zgarishlar kiritilgan Konstitutsiyaga amal qilinadi. Davlat va hukumat boshlig’i — prezident. Qonun chiqaruvchi oliy hokimiyat organi — Milliy Assambleya (parlament). Milliy Assambleya spiker va 45 deputatdan iborat. 40 deputatni aholi umumiy saylov yo’li bilan saylaydi, 4 deputatni respublika Prezidenti tayinlaydi, bosh prokuror lavozimiga ko’ra parlament a’zosi hisoblanadi. Ijrochi hokimiyat prezident, vitseprezident va hukumat tomonidan amalga oshiriladi. 15 a’zodan iborat maslahat organi — qabila boshliqlari palatasi ham bor. Tabiati. Botsvana Kalaxari berk botig’i va uning atrofidagi platolarni egallagan. Yer yuzi tekislik, sharqi bir oz pastibaland. O’rtacha baland joyi — 800-1000 metr, g’arbda 1200 metrgacha boradi. Kembriygacha paydo bo’lgan jinslardan tarkib topgan zamin ustida yuqori bo’r va kaynozoy yotqiziqlari yotadi. Ko’mir, asbest, marganets, misnikel rudalari, olmos, tuz kabi qazilma boyliklari bor. Iqlimi quruq subtropik, shimolda tropik iqlim. O’rtacha temperatura yanvarda 21— 27°, iyulda 16″. Yiliga 250-600 millimetr yog’in yog’adi. Limpopo daryosi irmoqlari o’tadigan qizilqo’ng’ir tuproqli yerlarda savanna o’simliklari o’sadi. Arslon, qoplon, chiyabo’ri, sirtlon, zebra, jayran, kaltakesak, ilon kabi xilmaxil jonivorlar bor. Milliy bog’lari: Imsbok, Chobe, Ntskay-Pan. Aholisi, asosan, bantu tillari guruhiga kiruvchi tsvanalardir (jami aholining 75%). Shimoli Sharq va cho’l hududlarda bushmenlar yashaydi. Bir necha ming evropaliklar bor. Aholining 62% xristianlar; 32% an’anaviy dinlarga e’tiqod qiladi. Aholining 24,1% shaharlarda istiqomat qiladi. Rasmiy tili — ingliz va setsvana yoki tsvana tillari. Yirik shaharlari — Gaborone, Frensistaun, Lobasi. Tarixi. Botsvananing 19-asrgacha bo’lgan tarixi kam o’rganilgan. Qoyalarda saqlanib qolgan rasmlardan ma’lum bo’lishicha, Botsvananing tub aholisi bushmenlar (sanlar) ko’chmanchi bo’lib yashaganlar, ovchilik va yovvoyi daraxt mevalarini yig’ish bilan shug’ullanganlar. Taxminan milodiy 8-asrda rivojlanishning yuqoriroq pog’onasidagi bantular bushmenlarni Kalaxari cho’li ichkarisiga surib tashlaganlar. Botsvananing hozirgi asosiy aholisi tsvanalar avval hozirgi Transvaalda yashagan. Shimoldan bostirib kelgan xalqlar qisuvida ular 17-asr oxiri — 18-asr boshlarida Botsvanaga kelib qolganlar. 19-asr boshlarida ular bir necha mustaqil qabila ittifoqdariga birlashdilar. Janubiy zulular bilan bo’lgan urushlar Botsvanani g’orat qildi. 1820 yil Botsvanada yevropaliklarning birinchi xristian missiyasi ochildi. Keyinchalik ingliz mustamlakachilari Janubiy Afrikani qo’lga kiritishda Botsvanadan harbiy strategik baza sifatida foydalandilar. Angliya 1885 yil hozirgi Botsvanani Bechuanalend nomi bilan o’z protektorati deb e’lon qildi. Aslida u mustamlakaga aylantirilgan edi. Botsvana aholisi mustamlaka zulmiga qarshi uzluksiz kurashib keldi. Bu kurash 20-asrning 2030-yillarida avj olib ketdi. 2-jahon urushida inglizlarning Yaqin Sharq va Yevropadagi harbiy operatsiyalarida 10 ming tsvana ishtirok etdi. Urushdan keyin Afrikada boshlangan milliy ozodlik harakati protektoratdagi ozodlik harakatiga katta ta’sir qildi. Angliya Botsvanaga o’zini o’zi boshqarish huquqini berishga majbur bo’ldi. 1966 yil 30 sentabrda Bechuanalend Botsvana nomi bilan mustaqil davlat deb e’lon qilindi. Botsvana Afrika qitasining Janub qismida mustaqillik bayrog’ini ko’targan birinchi davlat bo’ldi. 1966 yil oktabrdan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 30 sentabr— Mustaqillik e’lon qilingan kun (1966). Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Botsvana demokratik partiyasi, hukmron partiya, 1962 yilda asos solingan; Liberal partiya, 1983 yil tashkil etilgan; Botsvana xalq partiyasi, 1960 yilda asos solingan; Botsvana milliy fronti, 1965 yilda tuzilgan; Botsvana mustaqilligi partiyasi, 1962 yilda asos solingan; Botsvana Kongressi partiyasi, 1998 yilda tuzilgan. Botsvana kasaba uyushmalari federatsiyasi, 1976 yilda tashkil etilgan. Xo’jaligi. Botsvana— kon sanoati rivojlanayotgan agrar mamlakat. Qishloq xo’jalik iqtisodiyotning negizini tashkil etadi. Unda aholining 75% band. Chorvachilik — xo’jalikning eng muhim tarmog’i. Qoramol, echki, qo’y, ot, eshak va xachir boqiladi. Jo’xori, tariq, makkajo’xori, bug’doy, dukkaklilar va boshqalar ekiladi. Mamlakatdagi yevropalik fermer xo’jaliklarida yer yong’oq, tamaki, kartoshka, kungaboqar, tsitrus mevalar paxta ham yetishtiriladi. Sanoati mamlakat mustaqillikka erishgandan keyin rivojlana boshladi. Mis, nikel, marganes, asbest, olmos (1995 yil 18,5 million qirot), ko’mir qazib olish yo’lga qo’yildi. Lobasida mol so’yish va konserva tayyorlash fabtikasi bor. Suyak uni, yog’, sovun va pivo ishlab chiqaradigan kichik korxonalar mavjud. Bir yilda 929 million kVtsoat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Botsvanada temir yo’l uzunligi 900 kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi 15 ming kilometrga yaqin (uning 4,5 ming kilometr qattiq qoplamali). Asosiy aeroporti — Gaborone shahrida. Botsvana chetga marganes rudasi, olmos, mis, nikel, chorvachilik mahsulotlari chiqaradi. Chetdan mexanizmlar va asbobuskunalar, don, un, to’qimachilik mahsulotlari, tayyor kiyimlar, keng iste’mol mollari, qishloq xo’jalik asboblari, neft mahsulotlari va boshqalar keltiradi. Mamlakat hududining 17% qo’riqxona va milliy bog’lardan iborat. Har yili 300 mingga yaqin turist kelib ketadi. Pul birligi — pula. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Botsvanada chiqadigan asosiy gazeta va jurnallar: “Botsvana Gardian” (“Botsvana posboni”, ingliz tilidagi haftalik xususiy gazeta, 1982 yildan), “Botsvana Deyli Nyus” (“Shu kunning yangiliklari”, setsvana va ingliz tillaridagi kundalik hukumat gazeta, 1964 yildan), “Riporter” (“Muxbir”, ingliz tilidagi haftalik gazeta, 1984 yildan), “Terisano” (“Maslahat”, ingliz va setsvana tilida chiqadigan oylik gazeta), “Kutlvano” (“Hamjihatlik”, setsvana va ingliz tilida chiqadigan oylik jurnal). Botsvana matbuot agentligi (bopa), hukumat axborot agentligi hisoblanadi; 1981 yilda asos solingan. Botsvana radiosi 1965 yilda tashkil etilgan. Botsvana teleko’rsatuvi uyushmasi mavjud. Xalq maorifi va ilmiy muassasalari. 1970-yillarning boshlarida boshlang’ich maktabda o’qish haqi 2 baravar qisqartirildi; 1976 yil setsvana yoki tsvana tilini o’rganish, 1980 yildan bolalar uchun 6 yoshdan bepul majburiy boshlang’ich ta’lim joriy etildi. Boshlang’ich maktablar — 7 yillik; o’rta maktablar — 5 yillik, pulli. Davlat maktablari bilan bir qatorda xususiy maktablar ham bor. Boshlang’ich va to’liq o’rta maktablar negizida hunar-texnika ta’limi amalga oshiriladi. Boshlang’ich maktab o’qituvchilari pedagogika bilim yurtlarida tayyorlanadi. 1982 yil Gaboroneda Botsvana davlat unta tashkil etilgan (3 mingga yaqin talaba ta’lim oladi). Bundan tashqari Botsvana qishloq xo’jalik kolleji (1967), universitet huzuridagi Taraqqiyot va madaniy tadqiqotlar milliy instituti ham bor. Gaboroneda Botsvana kutubxonasi (1968) va Milliy arxiv (1967), milliy muzey va badiiy galereya (1968), Mochudida etnografiya muzeyi (1976) ishlaydi. Me’morligi va tasviriy san’ati. Mamlakat shimoli sharqidagi Ramokgveban xarobalarining qoldiqlari asosida qilingan taxminlarga ko’ra, Botsvana aholisi qadimda balandligi 4,5 metrga yaqin devorli cho’ziq doirasimon tosh uylar qurgan, tomini “Baliq suyagi” toifasidagi g’ishtin hoshiya bilan bezagan, yoniga kesik konus shaklida 9 metrgacha balandlikdagi minora tiklagan. Mahalliy aholi suv manbalari atrofidagi manzilgoxlarda yashaydi. Qoziq devor bilan o’ralgan qo’rg’onda 5-6 kulba muayyan tartibqoidasiz erkin joylashtiriladi. Aksariyati sirtidan tirgaklar bilan mustahkamlangan konus shaklidagi kulbalardan iborat. To’qima devorlar loy bilan suvalib, oqlab qo’yiladi. Odatda kulbaning derazasi bo’lmaydi, poli yer. Ahyon ahyonda tosh yoki g’ishtdan qurilgan, derazali va guvala pechli to’rtburchak uylar uchraydi. Gaboroneda temir-beton konstruktsiyalardan jamoat va savdo-sanoat binolari qurilmoqda. Yog’och o’ymakorligi rivojlangan. Munchoq, mis sim va temirdan ayollar zebziynat buyumlari yasaladi. Qush va hayvonlar tasvirlangan sopol idishlar uchraydi. Poxoldan to’qilgan xaltachalarga rangdor naqshlar solinadi, hayvon terisidan gilamchalar yasaladi. Musiqasi. Botsvana musiqiy madaniyata mamlakatda yashovchi xalqlarning xilma xil musiqiy an’analarini o’z ichiga oladi. Cholg’u asboblari ham xilma xil. Botsvanada kvadi yoki losib deb ataladigan tor, sekokvane deb ataladigan surnaysimon asbob, segankuru deb ataladigan nay, ditlak deb ataladigan fleyta keng tarqalgan. Jonivorlarning shoxlaridan ham musiqa asbobi sifatida foydalaniladi. Botsvanada qo’shiq bilan raqsni bir-biridan ajratib bo’lmaydi. Turli tuman marosim va rasm rusum qo’shiqlari albatta raqs bilan birga ijro etiladi. Keyingi vaqtda zamonaviy musiqiy shakllar ham rivojlana boshladi. Musiqa kadrlarini Gaboronedagi universitet kolleji tayyorlaydi. Botsvana milliy muzeyida musiqa asboblarining boy majmuasi to’plangan.