BO’R SISTEMASI (DAVRI)

BO’R SISTEMASI (DAVRI) — O’zbekistonda Zirabuloq, Ziyovuddin tog’larida uchraydi. Ishlab chiqarishda Bo’r donador va kukun holatida tayyorlanadi. Bo’rdan oynasozlik, tsement ishlab chiqarishda, qand, rezina, qog’oz, metallurgiya va kimyo sanoati, tibbiyot va parfyumeriya sanoatida foydalaniladi.

BO’R SISTEMASI (DAVRI) — Yer tarixi mezozoy erasining uchinchi (oxirgi) davri; yuradan keyingi va kaynozoy gruppasining paleogen sistemasidan oldingi davrni o’z ichiga oladi. Bo’r sistemasi yuqori bo’limi yotqiziqlarida keng tarqalgan oqbo’r nomi bilan atalgan. Radiologik metodlar natijasiga ko’ra 140 million yil avval boshlangan va 76 million yilcha, paleogen davrigacha davom etgan. 1822 yil belgiyalik geolog J. Omalius D’Allua birinchi bo’lib Bo’r sistemasini mustaqil sistema sifatida ajratgan. Bo’r sistemasini xalqaro stratigrafik jadvalga kiritilgan bo’linmalari birinchi marta Frantsiya va unga qo’shni Shveytsariya va Niderlandiya hududlarida ajratilgan. Frantsiya stratigraflari va paleontologlari A. D’Orbini, E. Dezor, A. Kokan, E. Reneve, belgiyalik geolog A. Dyuman va boshqalar Bo’r sistemasini hozirgi davrgacha deyarli o’zgarishsiz saqlanib kelayotgan yarusli bo’linishini ishlab chiqdilar. 1885 yilgi xalqaro geologik Kongress qarori bilan yaruslar 2 bo’limga (quyi va yuqori) guruhlangan. “Senon” va “Neokom” terminlari sobiq Ittifoq sxemalarida quyi va yuqori bo’limlardagi bir necha yaruslarni birlashtirgan katta yaruslar uchun ishlatilgan. Janubiy O’zbekiston va Farg’ona vodiysidagi bo’r yotqiziqlarini O. S Vyalov, O. M. Akramxo’jayev, S. N. Simonov va boshqa mukammal o’rganib mahalliy svitalarga ajratdilar. Masalan, O. M. Akramxo’jaeyv Farg’ona vodiysi bo’r yotqiziqlarining yuqori bo’limida Chang’irtosh, Ustridali, Qamchi, qizil Pilol svitalarini va quyi bo’r bo’limidan Log’on, Mo’yon svitalarini ajratdi. Bo’r sistemasining birinchi yarmida hamma platformalar quruqlik bo’lgan va kontinental jinslar, geosinklinallarda dengiz cho’kindi jinslari to’plangan. Sezilarli cho’kishlar bo’lmagan. Bo’r sistemasi ikkinchi yarmidan boshlab oxirigacha juda katta va uzluksiz cho’kishlar sodir bo’ldi. Natijada yer tarixida eng katta dengiz transgressiyasi vujudga kelgan. Sharqiy Yevropa, Shimoliy Amerika, Afrika va Avstraliya platformalarining keng maydonlari suv ostida qoladi. Bo’r sistemasi oxiriga kelib tektonik harakatlarning faollashishi natijasida dengiz va suv havzalari maydoni qisqargan. Yer pustida burmalanishni keltirib chiqaruvchi harakatlar asosan tinch okeanni o’rab turuvchi geosinklinal mintaqada ro’y beradi. Bo’r sistemasi o’rtalarida Sharqiy Osiyoda Verxoyan — Chukotka o’lkasidan to Hindixitoygacha burmalanish jarayoni tugaydi. Bo’r sistemasi oxiriga kelib Amerikada bo’lib o’tgan tektonik harakatlar And tog’larining Sharqiy yarmini va burmalangan qoyali tog’lar o’lkalarini hosil qilgan. Bo’r sistemasida yirik yer yoriqlari hosil bo’ldi. Bo’r sistemasining ikkinchi yarmida vulkan jarayonlarining faollashishi kuzatiladi. Hindiston yarim orolida juda ko’p lavalar oqib chiqib Trapp qoplamlari, Shimoliy Sharqiy Osiyoda nordon va o’rta asosli lavalar, Janubiy Amerikada muttasil otilib turgan vulkanlar, Afrika yoriklari bo’ylab juda ko’p dayka va shtoklar tarkib topadi. Bo’r yotqiziqlari Shimol va Janubiy yarim sharlarning hamma qit’alarida tarqalgan. Burg’ilash orqali dengiz tubidagi yosh qoplamlar tagidan ham topilgan. Bo’r sistemasi jinslari Sharqiy Yevropa platformasida va Karpat, Qrim, Kavkaz tog’li viloyatlarida, Sibir platformasida va boshqa joylarda keng tarqalgan. O’rta Osiyoda Bo’r sistemasi yuqori bo’limi jinslari juda ko’p uchraydi. Quyi Bo’r sistemasida dengiz cho’kindilaridan qumalevritgilli qatlamlar ko’p bo’lib, ayrim joylarda qalin ohaktosh qatlamlari hosil bo’lgan. Yuqori Bo’r sistemasi ayrim regionlarda karbonatli cho’kindi uyumlari, ayniqsa yozuv bo’ri, bo’rsimon ohaktoshlar va mergellar ko’p to’planadi. Arid iqlimli o’lkalarda qizil rang gypeli, tuzli qatlamlar, nam gumid iqlimda chuchuk suv ko’ldelta va ko’mirli qatlamlar to’plangan. Bo’r sistemasining organik dunyosi xilma xil. Umurtqasiz hayvonlardan ammonitlar va belemnitlar keng ko’lamda rivojlandi; shuningdek rudistlar, inoseramlar va boshqalar yashagan. Foraminiferalar ichida pelagik va dengiz tubida yashaydigan yirik shakllari paydo bo’ladi. Umurtqalilardan bahaybat reptiliyalar ko’pchilikni tashkil qiladi. Shuningdek, suyakdor baliqlar, tishli qushlar yashaydi. Ixtiozavrlar (quyi bo’r oxirigacha) va pleziozavrlar yashashni davom etadi. Yuqori Bo’r sistemasi dengiz kaltakesaklaridan uzunligi 12 metrga yetadigan mezozavrlar paydo bo’ladi. Bo’r sistemasi oxiriga kelib ko’pchilik reptiliyalar, ammonitlar, belemnitlar, inoseramlar, rudistlar, dinozavrlar, pleziozavrlar va boshqalar qirilib ketadi. Bo’r sistemasi o’simlik dunyosi yura davridagilar kabi bo’lib, asosan ochiq urug’lilar va paporotniksimonlar o’sgan. Neokomda birinchi marta yopiq urug’lilar paydo bo’lib, alb vaqtiga kelib kupayib ketdi va davr oxiriga kelib katta maydonni egalladi; shuning bilan birga o’simlik dunyosining rivojlanishida yangi kaynofit bosqichi boshlandi. Bo’r sistemasi yotqiziqlari bilan toshko’mir, qung’ir ko’mir, tuz, cho’kindi temir rudasi, ohaktosh, bur, neft, gaz, boksit, tsement materiallari, oltin, kumush, qalay, qo’rg’oshin, simob va boshqalarning yirik konlari bog’liq. Gips (Markaziy Osiyoda), fosforit, ko’mir (Sibir va uzoq Sharqda), boksit (Ural, Qozog’istonda), neft, gaz, trepell, fosforit, boksit (Ukrainada), neft va gaz konlari, mineral suvlar, ohaktosh, gips, fosforit, bezak toshlar, qizil rang tipli qumtoshlar va boshqalar (O’zbekistonda) bor. Sharqiy Osiyo va burmalangan Kordilera viloyatlarida Bo’r sistemasi yotqiziqlarida oltin, kumush, qalay, qo’rg’oshin, simob va boshqa konlar topilgan.