BRONXIT

BRONXIT — bronxlar (asosan shilliq pardasi) ning yallig’lanishi. Nafas a’zolarining ko’p uchraydigan kasalliklaridan biri. Bronxit o’tkir va surunkali bo’ladi. Kasallikni ko’pincha pnevmokokklar, gemolitik streptokokklar, stafilokokklar, gripp virusi, Fridlender tayoqchasi va boshqalar keltirib chiqaradi. Sovuqqotish, spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish, tamaki chekish, ba’zi kimyoviy moddalardan surunkali zaharlanish; yuqori nafas yo’llarida infektsiya o’chog’i borligi (sinusit, gaymorit) ham o’tkir Bronxit rivojlanishiga sharoit tug’diradi. Kasallik quruq yo’tal, to’sh atrofida og’riq, yuqori nafas yo’llarining o’tkir yallig’lanishiga xos o’zgarishlar, tumov bilan boshlanib, keyin yallig’lanish bronxlarga tarqaladi, muskullar qaqshab og’riydi, ko’krak sohasida qisilish his qilinadi, yo’tal dastlab quruq bo’lib, keyin balg’am ajraladi, gavda harorati ko’tariladi, gripp bilan og’rigan bemorlarning lablariga uchuq toshadi va boshqalar. Oradan bir necha kun o’tgach, kasallik batamom tuzaladi, ba’zan cho’zilib ketib, surunkali Bronxitga aylanishi mumkin. O’tkir Bronxit bolalar va keksalarda og’ir o’tib, unga o’pka yallig’lanishi (zotiljam) qo’shilishi mumkin. Surunkali Bronxit nafas a’zolarining eng ko’p tarqalgan kasalliklaridan. Ko’proq erkaklarda kuzatiladi. Surunkali Bronxit birlamchi va ikkilamchi bo’lishi mumkin. Birlamchi surunkali Bronxitda bronxlarning diffuz o’zgarishlari kuzatiladi. U bronxo’pka va boshqa a’zolarning kasalliklariga bog’liq bo’lmaydi. Ikkilamchi surunkali Bronxit esa bronxo’pka va boshqa sistema kasalliklari (sil, bronxoektatik kasallik, surunkali pnevmoniya, uremiya, qon aylanishi yetishmovchiligi va boshqalar) natijasida kelib chiqadi. Yallig’lanish xususiyatiga ko’ra surunkali Bronxit kataral va yiringli bo’ladi. Belgilari: bemorni yo’tal tutib, shilimshiqyiring aralash balgam ajraladi, hansiraydi, uning darmoni qurib, salga toliqadi, harorati ko’tariladi, ko’p terlaydi, ishlash qobiliyati pasayadi. Kataral Bronxitda ko’pincha ertalab jismoniy mashqdan so’ng yo’tal paydo bo’lib, balg’am ajraladi. Kasallik yil fasliga qarab tez-tez qo’zib turadi. Bronxit yengil kechganida bemor uyda yoki kunduzgi stasionarda davolanadi. O’rindan turmay yotish, bekamu ko’st ovqatlanish, iliq ichimliklar (malina murabbosi solingan choy, mineral suvli sut va boshqalar) ichish, oyoqlarga vanna qilish bemorning ahvolini bir oz yengillashtiradi. Kasallik qo’zigan paytda etiotrop va patogenetik davo qo’llaniladi. Bemorni kasalxonaga yotqizish kerak. Vaqtida va to’g’ri davo qilinsa, bemor batamom tuzalib ketadi, aks holda o’pka emfizemasi, bronxoektaziya, yurak yetishmovchiligi kabi asoratlar qoldirishi mumkin. Davo gimnastikasi, ochiq havoda ko’proq sayr qilish tavsiya etiladi. Yallig’lanish avj olgan davrda ovqatda vitamin va oqsillar mo’lko’l bo’lishi kerak, chunki balg’am ko’p ajralganda organizm ko’p oqsil yo’qotadi. Yuqumli kasalliklar, ayniqsa grippning oldini olish, ishlab chiqarishda changni yo’qotish, tamaki chekishni taqiqlash, organizmni chiniqtirish, suv muolajalari Bronxitning oldini olish choralaridir. Hayvonlarda aksariyat qora mollarda uchraydi. Bronxitga noqulay iqlim sharoiti, mollarning sovqotishi, sovuq suv bilan sug’orish, qo’ylarning juni olingandan so’ng yomg’ir va sovuqda, elvizakda qolishi, mollarni to’shamasiz tsement binolarda saqlash va sifatsiz ozuqalar berilishi sabab bo’ladi. Bronxitning belgilari: kasallik boshida hayvonlarning harorati ko’tariladi, yo’tal, xirillash, burundan suyuqlik ajralishi, nafas olish qiyinlashib, bezgak tutishi kuzatiladi, ishtaha yo’qoladi. Kasallik ko’krak qafasi atrofini rentgenoskopiya va rentgenografiya qilish yo’li bilan aniqlanadi. Davosi: balg’am ko’chiruvchi preparatlar, antibiotiklar: neomisin, monomisin, fradizin, trimerazin, tribsin, sulfanilamid beriladi, skipidar bilan ingalyatsiya qilinadi. Oldini olish: mollarni saqlashda zoogigiena me’yorlariga rioya qilish. Abdulla Ubaydullaev, Po’lat Mo’minov.