BRUNELLESKI

BRUNELLESKI (Brunelleschi) Filippo (1377 — Florentsiya — 1446.15.4) — italiyalik me’mor, haykaltarosh, olim. Uyg’onish davri me’morligi va kelajak aks etgan me’moriy nazariya asoschilaridan. Ijodini haykaltaroshlikdan boshlagan. Qadimgi me’moriy an’analardan yangicha yondoshib foydalangan. 1420-36 yillari Santamariya del Fore sobori (diametri 42 metrga yaqin) gumbazini yaratgan. Brunelleski qurgan tarbiya uyi (loyihasi — 1419) va sanlorenso cherkovining sakristiyi (ibodat kiyimlari va asbobanjomlari saqlanadigan bino), Ospedale Deli Innochenti (1421-44)da Uyg’onish davri me’morlik san’atining badiiy an’analari o’z ifodasini topgan. Brunelleski 1429-30 yillarda Santakroche cherkovi hovlisidagi Passi kapellasini bunyod etdi, turli yillarda sanlorenso va Santospirito cherkovlarining intererlarini qayta qurdi. Brunelleski asarlari obrazlarining garmonik yorqinligi, nisbatlarining qat’iyligi, qurilish usullarining mukammalligi bilan ajralib turadi.