BUYRAK

BUYRAK — odam va umurtqali hayvonlarda siydik hosil qiluvchi va uni ajratuvchi juft a’zo; loviya shaklida, qorin bo’shlig’ining orqa tomonida, umurtqa pog’onasi bel qismining ikki yonida joylashgan, qorin parda Buyraklarning old yuzasini qoplab turadi. Old va orqa yuzalari yassilangan, har bir Buyrakning bo’yi 10-12 santimetr, eni 6 santimetr, yo’g’onligi 3-4 santimetr, og’irligi o’rtacha 140-150 gramm. O’ng Buyrak tepasida jigar borligi tufayli, chap Buyrakka nisbatan bir oz pastroqsa yotadi. Buyrakning yuqori uchi umurtqaga yaqin, pastki uchi esa umurtqadan uzoqroq bo’ladi. Buyrakning umurtqaga qaragan ichki tomoni o’rtasida botik joy bo’lib, u Buyrak darvozasi deyiladi. Buyrakning botiq yuzasiga buyrak jomi taqalib turadi. Buyrak darvozasidan Buyrak arteriyasi va nervlar kirib, vena, limfa tomirlari va siydik yo’li chiqadi. Bularning hammasi birgalikda Buyrak oyoqchasi deb ataladi. Buyrak ichida buyrak usti bezlari bor. Moddalar almashinuvi natijasida hosil bo’ladigan chiqindi va zararli moddalar organizmdan Buyrak orqali chiqib ketadi. Shu bilan birga Buyrak organism uchun zarur miqdordagi suv va mineral tuzlarni saqlab, tashqariga chiqarmay qo’yadi, organizmning ichki muhitini ta’minlaydi. Buyrak siydik bilan birgalikda siydikchil (mochevina), siydik kislota, tuzlar va suvni chiqarib turadi. Buyrakda biologik faol moddalar (renin, prostoglandin va boshqalar) hosil bo’lib, ular qon tarkibi, qon ivishi va qon bosimini maromga solib turadi. Buyrakni fibroz parda, yog’ kapsulasi va biriktiruvchi to’qimadan iborat fassiyalar o’rab, ushlab turadi. Buyrak po’stloq va mag’iz qismdan iborat. Po’stloq qismining qalinligi 4-13 millimetr keladi. Bu qism ostida mag’iz kismi joylashgan; u 12-15 ta konussimon Buyrak piramidalaridan iborat. Yondosh piramidalar orasiga po’stloq qism suqilib kirgan bo’lib, Buyrak ustunchalarini hosil qiladi. Piramidalar o’rtacha 1 million mayda kanalcha (nefron)lardan iborat, shu nefronlarda siydik hosil bo’ladi, bunda suyuqlik qondan sizib o’tadi (filtrlanadi), qayta so’riladi va sekresiya ro’y beradi. Har bir nefron Buyrak tanachalari bilan siydik kanalchalaridan iborat. Siydik Buyrak tanachalarida filtratsiya yo’li bilan paydo bo’ladi. Buyrak tanachasi qo’sh devorli kapsula (Shumlyanskiy—Boumen kapsulasi) bo’lib, devorlari orasida yoriqsimon bo’shliq bor; siydik chiquvchi naycha (kanalcha) shu bo’shliqdan boshlanadi. Kapsulada mayda qon tomirlar koptokchasi (kalavasi) bor. Siydik kanalchalarida birlamchi siydik qayta so’riladi, kontsentratsiyasi oshadi va shakllangan siydikka aylanadi. Siydik kanalchalari qo’shilib, yirikroq yig’uvchi kanalchalar hosil qiladi. Siydik kanalchalardan Buyrakning avval kichik, keyin katta kosachalariga va nihoyat Buyrak jomiga o’tadi, undan siydik yo’li orqali qovuqqa quyiladi. Buyrakdan o’rtacha 1,5 l siydik ajralishi uchun organizmdagi qon Buyrakdan bir kecha-kunduzda o’rtacha 360 marta o’tib, yetarlicha tozalanib turadi. Buning uchun Buyrakka keladigan qon miqdori va bosimi doimo yetarli bo’lishi kerak. Agar qon bosimi pasayib Buyrakka qon kam kelsa, u renin modda ajratib qon bosimini oshiradi. Bu holat surunkali qaytarilsa, qon tomirlar devorining sikilishi tufayli qon bosimi ko’tarilib, Buyrak bosimi paydo bo’ladi. Buyrak rivojlanishida nefron naychasining uchi berk bo’lsa, buyrak istisqosi kuzatiladi. Buyrak kasalliklarini nefrologiya o’rganadi.