BUTAN
BUTAN, Butan podsholigi (Pendal Druk Shung) — Janubiy Osiyodagi, Himolay tog’larining Sharqiy qismidagi davlat. Maydoni 47 ming kilometr kvadrat. Aholisi 2 million kishi (2000). Poytaxti — Thimphu shahri. Ma’muriy jihatdan 8 Dzong (viloyat)ga bo’lingan. Davlat tuzumi. Butan — konstitutsiyali monarxiya. Davlat boshlig’i — podsho. Podsho huzurida 9 maslahatchidan iborat kengash bor. Qonun chiqaruvchi organ — bir palatali Milliy Assambleya 150 a’zodan iborat (105 nafari saylanadi, 10 nafari tayinlanadi, qolganlari — rasmiy kishilar, hukumat a’zolari va podsho Kengashining a’zolari). Ijroiya hokimiyat podsho tomonidan Vazirlar Kengashi orqali amalga oshiriladi. Tabiati. Butan hududi tog’liqsan iborat. Eng baland cho’qqisi — Jomolxari (7314 metr). Iqlimi tog’ tropik, musson, sernam, tog’larning yuqori qismida sovuq. Vodiylarda o’rtacha temperatura yanvarda — 4,5°, iyulda 17°. Yiliga 1000-5000 millimetr yog’in yog’adi. 3500 metr balandlikkacha o’rmon, undan balandda subalp va Alp o’tloqlari. Daryolari — Sankosh, Amo, Kuru. Jigmidorji, Gaza, Manaz qo’riqxonalari bor. Aholisi asosan bxotiyalar; gurkhlar, nevarlar ham yashaydi. Aholining 13% shaharlarda istiqomat qiladi. Rasmiy tili — bxotiya (dzongke, Tibet tiliga yaqin). Asosiy dini — Lama mazhabidagi budda dini. Butan 9-asr oxirlaridan Tibetga, 19-asrning 2-yarmidan 1947 yilgacha Angliyaga qaram bo’lgan. 1949 yildagi shartnomaga ko’ra, Butan tashqi siyosat sohasidagi ishlarini Hindiston hukumati bilan bamaslahat olib boradi. Milliy bayrami — 17 dekabr — podsho saylangan kun (1917). Butan — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jalik ulushi 42,7%, sanoat ulushi 9,6%. Qishloq xo’jaligida dehqonchilik yetakchi o’rinda. Vodiylarida sholi, arpa, bug’doy, tariq, makkajo’xori, Janubda paxta ekiladi. Janubi sharqida bog’dorchilik taraqqiy etgan (Mango, apelsin, pizang va boshqalar). Yaylovlarda qo’y, yilqi boqiladi. O’rmonlarda qimmatbaho daraxtlar ko’p; lok, mushk, mum tayyorlanadi. Yigiruv va to’quv hunarmandchiligi, o’ymakorlik qadimdan rasm bo’lgan. Taxta tilish zavodi va meva konserva fabrikasi bor. 1,5 milliard kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. 1968 yildan aerodrom ishga tushgan. Asosiy transport vositasi otulov. Avtomobil yo’llari uzunligi 2,5 ming kilometr. Butan chetga yog’och, ko’mir, muskus, lok, grafit, fil suyagi chiqaradi. Chet el sayyohligi rivojlangan. Tashki savdodagi asosiy mijozi — Hindiston (tashqi savdo aylanmasining 95%). Pul birligi — ngultrum. Siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalari taqiqlangan. 1990 yilda asos solingan Butan Kongressi partiyasi, Butan xalq partiyasi va 1992 yilda tashkil bo’lgan Butan milliy demokratik partiyasi Nepalda ish yuritadi. Mamlakatda chiqadigan haftalik hukumat gazetasi — “Kuensel” ingliz, dzongke va Nepal tillarida nashr etiladi. “Butan brodkasting servis” radioeshittirish va teleko’rsatuvi 1973 yilda Butan yoshlar uyushmasining milliy radiosi sifatida tashkil etilgan. 1992 yildan mustaqil.