BUTENEV MISSIYASI
BUTENEV MISSIYASI — Buxoroga yuborilgan chor hukumati josuslik missiyasi (1841-42). Uning asosiy vazifasi Afg’oniston va Eron orqali Turkistonga kirishga intilayotgan Angliyaga to’sqinlik qilish, Buxoro xonligida rossiyan ing iqtisodiy va siyosiy ta’sirini mustahkamlash, Buxoro tuprog’ining geologik tuzilishini o’rganish va yer osti boyliklarini tekshirish, Buxoro xonligi bilan Rossiya o’rtasida savdo va elchilik munosabatlarini mustahkamlovchi shartnoma tuzish, savdo-sotiqqa oid ma’lumotlar to’plash, Buxoro va unga qo’shni mamlakatlar to’grisida ma’lumot yig’ish kabilardan iborat edi. Butenev missiyasi tarkibida K. F. Butenev (elchi), F. Bogoslovskiy (tog’ injeneri), N. V. Xanikov (geograf), A. Leman (naturalist), Ya. Yakovlev (topograf), Plotnikov (sharqshunos), Chalpanov va Petrov (tog’ texniklari), K. Kozlov va Lepeshkov (oltin yuvuvchi mutaxassislar), Aitov (tarjimon) hamda o’nta kazak bo’lgan. Butenev missiyasi 1841 yil 15 mayda Orenburgdan chiqib, 1841 yil 5 avgustda Buxoroga yetib keldi. Butenev missiyasi Zarafshon vodiysida ko’pgina geologik tekshirishlar olib bordi. Natijada yuqori Zarafshonda yer osti boyliklaridan: temir, mis, ko’mir, qo’rg’oshin, grafit, Feruza va hatto oltin, kumush borligi aniqlandi. Ammo Butenev missiyasining Buxoro xoni bilan savdo va diplomatik shartnoma tuzish yuzasidan olib borgan muzokaralari uncha natija bermadi. Shunga qaramay, Butenev missiyasi a’zolari Buxoro to’g’risida juda boy geografik, etnografik, tabiiy va tarixiy ma’lumot to’pladilar. Topograf Ya. Yakovlev missiya bosib o’tgan marshrutlar tarhini chizgan va Buxoro xonligining xaritasini tuzgan. 1843 yilda N. V. Xanikovning “Buxoro xonligi tavsifi” kitobi bosilib chiqdi. K. F. Butenevning “Buxoro mineral boyliklari”, “Buxorodagi po’lat toblash usuli haqida mulohazalar”, “Buxorodagi rus konchilik zavodlari mahsulotini sotishni rivojlantirish to’g’risida” (1842) nomli ilmiy maqolalari hamda A. Lemanning nemis tilida 1841— 42 yillarda Orenburgdan Buxoro va Samarqandga sayohati haqida asari bosilib chiqdi. 4<E.: Solovev M. M., Ekspeditsiya v Buxaru v 1841—42gg., Spb, 1936; Muhammadjonov A. R., Ne’matov T. N., Buxoro va Xivaning Rossiya bilan munosabatlari tarixiga doyr ba’zi manbalar, T., 1957. Xondamir G’ulomov.