BUXORO ARKI

BUXORO ARKI — Buxorodagi qadimgi shaharsozlik yodgorligi. Dastlab miloddan 1-asrda qurilgan. Shaharning qadimgi qal’asi. Arablar istilosiga qadar arkda shahar hokimlari — buxorxudotlar yashagan. Somoniylar davrida (9— 10-asrlar) qayta qurilib devor va Burjlar bilan mustahkamlangan. Qoraxoniylar davrida (11-12-asrlar) va mo’g’ullar bosqinchiligi vaqtida (13-asr) Ark bir necha bor vayron qilingan. Hozirgi qiyofasi asosan Shayboniylar sulolasi davri (16-asr) da shakllangan. Balandligi 20 metrcha bo’lgan tepalik ustiga qurilgan arkning maydoni 4 gektar, tarhi ko’pburchakli. Turli davrlarda devorlari tosh, pishiq va xom g’isht, paxsalar bilan mustahkamlangan. O’pirilib tushgan joylari dastlab xom g’ishtdan, keyin pishiq g’ishtdan ta’mir etilgan. Ko’tarila boruvchi yo’l orqali G’arbdagi ulkan darvozadan (16- asr) ichkariga kiriladi (Sharq tomonida ham ilgari darvoza bo’lgan). Darvozaxona peshtoqining ikki yon tomonidagi “guldasta” va ular oralig’idagi 3 qavatli bino yaxshi saqlangan. Ark ichkarisiga olib kiradigan uzun dalonyo’lakning chap devorida 12 va o’ng devorida 13 taxmontokcha qilingan. Chap tomonidagi tokchalarning ba’zilarida obxonaga kiriladigan eshiklar bor. Guldasta (burj)lar tagida zax va dim yerto’lalar bo’lgan. Dalonning o’ng tomonidagi o’rta tokchasida afsonaviy qahramon Siyovush ruhiga Navro’z bayramida chiroqlar yoqilgan. Amir sayisxona (otxona) siga ham shu yerdagi zinadan kirilgan. Dalondan chiqaverishda to’pchi boshi (saroy qo’riqchilari boshlig’i) ning Mahkamasi, shu erdagi ayvon tagida yerto’la bo’lgan (bu binolar buzilib ketgan). Undan sal narida (g’arbiy devor burchagida) peshayvonli jome masjid (saroy masjidi) qurilgan (18-asr oxiri). Masjid derazalari panjarali, devorlarining ichki tomonidagi naqshlar orasiga Qur’on oyatlari bitilgan. Peshayvon shipi murakkab girihdar bilan bezatilgan. Arkning shimoliy g’arbiy burchagida to’pchi boshining uyi va ta’mir ishlari ustidan nazorat qiluvchi kishi turadigan xona bo’lgan. Masjidning Sharq tomonida oshxona, orqa tarafida zarbxona (oltin, kumush va chaqa tangalar zarb qilinadigan joy) bor. Zarbxonaning shimoli sharqida zargarxona, Janubda devonbegining Mahkamasi va qushbegiga qarashli binolar bo’lgan (ba’zilari hozir ham bor). Jome masjiddan boshlangan tor yo’lak qushbegi hovlisi orqali Chorsuga tutashgan. Chorsuning chap tomonida tosh yotqizilgan katta hovli — ko’rinishxona o’rnashgan. Unda elchilar qabul qilingan va amirlarning taxtga o’tirish marosimlari o’tkazilgan. Hovliga kiraverishda nakshli peshtoqbo’lgan (1605). Hovlining 3 tomoni ayvon bilan o’ralgan. Oldingi peshayvonda ikki qator naqshli ustunlar bo’lib, ularning tepasi kalla muqarnaslar bilan bezatilgan. Nurota marmaridan qilingan taxt shu ayvondagi taxtiravon tagida turgan. Hovlining Janub tomonida “Rahimxon mehmonxonasi” va qorixona qurilgan (18-asr). Bu binolar tagida yerto’lalar bo’lib, ularda xazina saqlangan. Buxoro arkining shimolisharqidagi Buxoro zindoni mang’itlar saltanati davrida qurilgan. Arkning G’arb tomonidagi hovlida mirzalar va b. xizmatchilar uchun ikki qavatli binolar qurilgan. Sal narida — salomxona, undan Sharq tomonda mehmonxonalar, Amir hamda oliy mansabdorlarga qarashli boshqa binolar joylashgan (Miyon hovli). Janubda hammom, hammomning Sharq tomonidagi kichkina masjid hozirgacha saqlangan. Arkning markazida O’rda (Amir xotinlari turadigan uylar), shimolda qushbegi xotinlari turadigan uylar, hammomning sharqida Amir haramidagi qizlarning uylari, sharqida zodagonlar yashaydigan uylar bor. Shimoliy Sharqiy burchakda Childuxtaron masjidi va battol G’oziy mozori bo’lgan. Arkning Sharqiy devori bo’ylab g’ulombachcha (soqchilar kazarmasi), Janub Sharqiy burchagida dorixona (o’qdorilar ombori) joylashgan (arkning g’arbiy devoriga taqalgan binolarning bir qismigina sakdangan). Arkdagi qariyb 80 foiz imorat saqlanmagan. Arkning markazida (poydevor qoldiklari va xarobalari orasida) yer tagidan o’tgan mo’rilar Ark ichiga qarab ketgan katta sopol quvurlar ko’rinib turadi. Bular oqova suv quvurlarining qoldiqlari. Arkning g’arbiy devoridan boshqa hamma devorlari, burchaklardagi minoralar buzilib ketgan. Buxoro arki darvozasi oldidagi Registon maydonida ko’pgina imoratlar bo’lgan. Uning g’arbiy devoriga qaragan peshayvonga zambaraklar qo’yilgan. Ark darvozasining chap tomonida lashkarboshi mehmonxonasi, shimolida esa qurol-yarog’lar tuzatiladigan ustaxona va aslahaxona (qo’rxona) bo’lgan. Buxoro arkining shimoli sharqidagi “Childuxtaron” maqbarasi, Janubi g’arbda “Battol G’oziy xonaqohi”, xos hammom qoldiqlari saqlangan. 1990 yilda arxeologlar tomonidan olib borilgan qazish ishlari natijasida Amir mehmonxonasi hisoblangan xonaqoh va uning atrofidagi hujralarning poydevorlari, hovli ichkarisidagi supa, toshnov, tazar, sandal va yaxxonalar ochildi. Hammom tuzilish jihatdan murakkabligi [yer osti tazarlari umumiy bir tarmoqqa bo’ysundirilganligi, shahar tashqarisidagi zahkashga qadar cho’zilganligi, to’rt tomonidagi gulax (o’txona)lari doimiy ravishda bir xil issiqlik berib turishi, yaxxonada muzni to kech kuzgacha saqlay bilishganligi] aniqlandi. Buxoroning 2500 yilligi munosabati bilan Ark ichkarisidagi taxt joylashgan hovli ta’mirlanib, o’z holiga keltirildi. Ark devorlari yangilandi. “Go’riyon” darvozasi qayta tiklandi va boshqa obodonlashtirish ishlari olib borildi. Yer sathidan 2,5—3 metr chuqurlikda gumbazsimon yer osti yo’li borligi aniqlandi. Arkda Buxoro davlat me’moriybadiiy muzey-qo’riqxonasi joylashgan. Po’lat Zohidov, Umar Rashidov.