BUXORXUDOTLAR HOKIMLIGI

BUXORXUDOTLAR HOKIMLIGI — Buxorxudotlar idora qilgan kichik davlat (6-8-asrlar). Poytaxti Buxoro shahri. Hududi hozirgi Buxoro viloyatining Buxoro, Vobkent, Kogon, Romitan, Jondor va Qorako’l tumanlari yerlaridan iborat bo’lgan. Arablar Buxoroni fath etgandan keyingi dastlabki yillarda hokimiyatni buxorxudotlar bilan birgalikda boshqarganlar. 715 yil Xuroson noibi Qutayba ibn Muslim o’ldirilgach, buxorxudotlar Buxorxudotlar hokimligini bir yil davomida mustaqil idora qilganlar. 8-asrning 3-choragida arablar butun Movarounnaxrni fath etib, buxorxudotlarni rasman o’z o’rinlarida qoldirgan bo’lsalarda, hokimiyatni amalda to’laligicha o’zlari boshqarganlar. 782 yil so’nggi Buxorxudot Bunyod Muqanna qo’zg’olonini qo’llab-quvvatlagani uchun arablar tomonidan qatl etilib, Buxorxudotlar hokimligini bartaraf etilgan. Buxorxudotlar hokimligini hududi arxeologik jihatdan mukammal o’rganilmagan. Tarixiy manbalar (masalan, Narshaxiy, “Buxoro tarixi”) da keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, Buxorxudotlar hokimliginida bir qancha mustahkam qal’ali shaharlar bo’lgan, ularda madaniyat, hunarmandchilik, savdo-sotiq taraqqiy etgan. Buxorxudot Kono Buxorxudotlar hokimliginida birinchi bo’lib o’zining tasviri va uning ostiga “Buxoro hokimi” degan yozuv zarb qilingan kumush tangalar (dirhamlar) chiqargan. Bunday tangalar arxeologik qazishmalar vaqtida ko’plab topilgan. Narshaxiy o’zining “Buxoro tarixi” asarida buxorxudotlardan bir nechasining nomini keltirgan bo’lib, ular orasida Kono va Abruy (Abarzi) degan ismlar ham mavjud. Tarixchi G’. G’oibovning “Arablarning O’rta Osiyoga qilgan ilk yurishlari” (Dushanba, 1989) nomli asarida esa buxorxudotlar vakillari quyidagicha tartibda bayon qilingan: Bidun (?-673), Xo’tak xotun (673692), Tug’shoda I (692-724), Tug’shoda II (724-738), Qutayba ibn Tug’shoda (738-753), noma’lum Buxorxudot (Tug’shoda III) (753-768), Sukon (768775), Bunyod (7757-82).