BO’Z TUMANI
BO’Z TUMANI — Andijon viloyatidagi tuman. 1950 yil 5 aprelda tashkil etilgan. 1962 yil 24 dekabrda Shahrixon tumaniga qo’shib yuborilgan. 1964 yil 31 dekabrda qayta tuzilgan. Bo’z tumani shimol, shimoli g’arbda viloyatning Ulug’nor tumani, shimolda Baliqchi tumani, sharqda Shahrixon tumani, Janubi g’arbda Farg’ona viloyatining Yozyovon tumani, Janubda Oxunboboyev tumani, Janubi Sharqda Quva tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,20 ming kilometr kvadrat. Aholisi 50,0 mingdan ziyod kishi (2000). Bo’z tumanida I shaharcha (bo’z) va 3 qishloq fuqarolari yig’ini (Mannop Jalolov, Xovos, Xoldevonbek) bor. Markazi — Bo’z shaharchasi. Tabiati. Bo’z tumanining yer yuzasi dengiz sathidan 500 metr balandlikdagi tekislikdan iborat. Tuman hududining g’arbiy qismida ko’chma qum tepalari ko’p. Tepaliklar orasidagi pastlik joylarda ba’zan botqoqliklar uchraydi. Tuman hududi 3 massivga bo’lingan: 1) Sharqiy Yozyovon massivi, 2) katta Farg’ona kanali massivi, 3) Ulug’nor massivi. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 0°dan -4°gacha, iyulniki 24°-28°. Yiliga o’rtacha 200— 300 millimetr yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 210— 220 kun. Tuman xo’jaliklari Katta Farg’ona kanali, katta Andijon kanali va Shahrixonsoydan sug’oriladi. Yer osti suvlari yuza (ba’zi joylarda 30— 60 santimetr) bo’lganidan sho’r yerlar ko’p, qattiq arziqlar (ganchsimon tuproqli yerlar) bor. O’zlashtirilmagan yerlarda sho’rlar yer betiga chiqib yotadi. Ayrim joylarda botqoqliklar vujudga kelgan. Tuproq tarkibi qumloq, yarim qumloq va qumsiz, chirindi miqdori 1,3— 1,7%. Sho’rlanmagan joylarda 0,04— 0,6% sulfat va xlorid kislota tuzlari, sho’rlangan yerlarda esa 1-1,2% dan 3% gacha har xil tuzlar bor. Yovvoyi o’simliklardan yantoq, shura, ajriq, kurmak, g’umay, qamish, yulg’un va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, har xil ilonlar, suvsar, suv havzalarida baliqlar yashaydi. Aholisi, asosan o’zbeklar, shuningdek rus, tojik, qirg’iz, koreys, tatar va boshqa millat vakillari ham bor. 1 kilometr kvadratga 234 kishi to’g’ri keladi. Shaharliklar 12,8 ming, qishloq aholisi 36,0 ming kishi. Xo’jaligi. Bo’z tumanida qishloq xo’jaligi (paxtachilik, chorvachilik, pillachilik, polizchilik, sabzavotchilik, bog’dorchilik) asosiy o’rin tutadi. MTP, avtokorxona faoliyat ko’rsatmoqda. Eng muhim tarmog’i — paxtachilik. Tumanda 2 sanoat korxonasi: bo’z paxta tozalash zavodi va “Zafar” aktsiyadorlik jamiyati bor. Qishloq xo’jaligida ekinzorlar maydoni 12670 gektar, shu jumladan 7553 gektar yerga paxta, 327 gektar yerga beda va boshqalar ekiladi. Bo’z tumanida 6 shirkat xo’jaligi, dehqon xo’jaligi uyushmasi va shirkat uyushmasi, 77 dehqon fermer xo’jaligi, 3 xususiylashtirilgan fermer va boshqa xo’jaliklar bor. Tuman shirkat va shaxsiy xo’jaliklarida 11478 qoramol, 11198 qo’y va echki, qariyb 13,6 mingdan ziyod parranda boqiladi. 1999/2000 o’quv yilida 25 umumiy ta’lim maktabida 10 mingdan ziyod o’quvchi, akademik litseyda 475 dan ortiq o’quvchi, pedaogika va tibbiyot bilim yurtlarida 2043 nafar talaba ta’lim oldi. 40 dan ortiq maktabgacha tarbiya muassasalarida 6 mingdan ziyod bola tarbiyalandi. 34 ommaviy va bolalar kutubxonasi, 1 klub, muzey, san’at saroyi, musiqa maktabi, 370 o’rinli kasalxona, kattalar va bolalar poliklinikasi, yuqumli kasalliklar shifoxonasi, 13 feldsherakusherlik punkti, 6 qishloq vrachlik punkti bo’lib, ularda 46 vrach, 445 o’rta ma’lumotli tibbiy xodim ishlaydi (2000). 1951 yildan “Bo’z haqiqati” tuman gazetasi chiqadi (adadi 1550).