O’ZGAN ZILZILASI
O’ZGAN ZILZILASI — 1924 yil 6 va 12 iyulda Farg’ona vodiysining Januni sharqida O’zgan shahri atrofida sodir bo’lgan zilzilalar. Ularning magnitudasi 6,4 va 6,5 bo’lib, birinchisi 7-8 ball, ikkinchisi 8-9 ball bilan tebrangan. To’satdan er ostidan chiqqan guldiragan kuchli tovush odamlarni vahimaga solgan. Zilzila o’choklari yer qa’rida 22 kilometrdan 14 kilometrgacha bo’lgan chuqurlikda joylashgan. Episentr zonalari Qurshob atrofidagi anticlinal geologik strukturalar bilan bog’liq bo’lib, Qurshob yer yoriqlari bo’yicha yo’nalgan. Ana shu yer yoriqlarining hozirgi zamon tektonik harakatlari natijasida yer osti qatlamlarning bir-biriga nisbatan siljishi zilzila o’choqlarini kelib chiqishiga sabab bo’lgan. Bu zilzilalardan O’zgan, yassi va Andijon shahrilari va atrofdagi qishloqlar katta talafot ko’rgan. Ayniqsa, 12 iyuldagi tebranish natijasida bu joylarda 2000 ga yaqin binolar yer bilan yakson bo’lib, 950 tasiga katta shikast yetgan. Andijon shahrida 1902 yildagi zilziladan so’ng qurilgan yangi imoratlar ham zarar ko’rgan. O’zganda faqat masjid minorasi saqlanib qolgan. Zilziladan Qurshob daryosi sohilida paydo bo’lgan ko’chkilar yo’l va qishloqlarga yopirilib tushib, bir necha o’nlab odamlar va chorva mollarini halokatga uchratgan hamda 100 ga yaqin imorat ko’chkilar tagida qolgan. Quduqlarda suv sathi ko’tarilib, ba’zi joylarni suv bosgan. Oldiyor tog’lari yon bag’rida yer yorilgan va tog’ jinslari harakatga kelib, kata-katta tosh bo’laklari qulagan va ba’zi joylarda o’pirilmalar hosil bo’lgan. Keyingi yillarda seysmotektonik izlanishlar natijasida Qurshob yer yoriqlarida 7-8 balli zilzilalar bo’lish ehtimoli bo’lgan Qurshob Seysmogen zonasi ajratilgan. Bu zonaning davomida 1974 yilda bir necha kuchli zilzilalar bo’lgan.