O’LIM JAZOSI

O’LIM JAZOSI — oliy jinoiy jazo chorasi. Jazoning favqulodda turi sifatida faqat alohida og’ir, inson hayotiga qasd qiladigan jinoyatlar uchun belgilanishi mumkin. Sho’rolar davrida sud hukmi va ma’muriy tuzilmalarning qarorlari, hatto “oliy rahbariyatning roziligi” bilan aksilinqilobiy faoliyatlari uchun 800 mingga yaqin hur fikrli aybsiz odamlar otib tashlangan edi. O’zbekistonda O’lim jazosini jazolash tizimidan butkul chiqarib tashlash choralari ko’rilmoqda. Mustaqillikdan so’ng o’tgan vaqt mobaynida O’lim jazosi qo’llanilishi mumkin bo’lgan jinoyatlar tarkibi 33 tadan 2 tagacha qisqartirildi. Ayni paytda O’zbekiston qonunchiligida faqat terrorchilik va og’irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o’ldirganlik uchungina O’lim jazosi berilishi ko’zda tutilgan, xotin-qizlarga, voyaga yetmaganlar va 60 yoshdan oshgan shaxslarga nisbatan O’lim jazosi qo’llanilishi man etilgan. “O’zbekiston Respublikasida o’lim jazosini bekor qilish to’g’risida” O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni (2005 yil 1 avgust)ga ko’ra, 2008 yilning 1 yanvaridan O’lim jazosi o’rniga umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy qilinishi nazarda tutilgan. Ushbu Farmon insonning yashash huquqini e’lon qiluvchi va mustahkamlovchi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan printsiplari va normalariga mosdir. O’lim jazosi hozirda 58 mamlakatda bekor qilingan, 31 davlat qonunida ko’zda tutilgan bo’lsada, keyingi 15 yil davomida ularning aksariyatida hech kim bu jazoga hukm qilinmagan. O’lim jazosi 77 mamlakatda, shu jumladan, Xitoy, Eron, Saudiya Arabistoni, Yaponiya va AQShning 38 shtatida qo’llanmoqda. Pokiston, Kongo, Nigeriya va Yamanda voyaga yetmaganlar ham O’lim jazosiga hukm etilishi mumkin.