O’RDA
O’RDA, o’rdu — 1) turkiy va mo’g’ul xalqlarida hukmdor, xon qarorgohi, qal’a. Istiloh ushbu ma’noda ilk bor qadimiy O’rxun-Enasoy bitigi “irq bitig”da qayd etiladi. Qoraxoniy hukmdor saroyi yoki Koshg’ar shahri O’rdukand deb yuritilgan. Ba’zan O’rda o’rnida uning ma’nodoshi xonto’y birikmasi ham ishlatilgan. Yirik turk va mo’g’ul davlatlari hamda ko’chmanchi qabilalari ittifoqlari — Oltin O’rda, No’g’ay O’rdaning nomi shundan kelib chiqqan. Turli tarixiy davrlarda qal’a (5-6-asrlargacha), diz (6-8-asrlarda), Ark (9— 17-asrlar) deb ham atalgan. O’rda, asosan, balandlikda bunyod etilgan, unga qiya uzun yo’lak (pandus) orqali kirilgan; davlat ahamiyatidagi inshootlar, ma’muriy binolar, hukmdor saroyi va boshqalarni o’z ichiga olib, atrofi burjlari bo’lgan devor bilan o’ralgan. O’rda shaharsozlik tarixida muhim o’rin tutgan. O’rdalar ayrim ma’muriy — shaharsozlik (o’rni, o’lchami, ko’lami, bino, hovuz va boshqalar) jihatlari bilan farqlangan (ko’hna Ark, Xudoyorxon o’rdasi, Toshkenpt o’rdasi va boshqalar). Jumladan, Toshkent hokimlarining qarorgohlari — O’rdalar tarixiy manbalarga ko’ra turli davrlarda turli joylarda bo’lgan: 18-asr o’rtasi (chor hokimlik davri)da Qoratoshda, 19-asrning 1-yarmida O’rda oldin Tuproqqo’rg’onda, keyin Anhor (O’rda)ning chap tomonida — taxminan hozirgi O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining binosi o’rnida bo’lgan. Toshkent O’rdalari saqlanmagan. So’nggi O’rda sakqlanib qolgan tarhi bo’yicha: uzunligi 54 metr, shimol eni 370 metr, Janubi eni 490 metrga yaqin bo’lgan. O’rda devorlariga tashqi tarafga turtib chiqqan diametri 8-9 metr atrofida bo’lgan 30 dan ortiq Burjlar ishlangan; G’arbiy va Sharqiy devorida 2 darvoza bo’lib, ular shaharning bosh ko’chasi (katta ko’cha) bilan o’zaro bog’langan; bir nechta hovlili saroy O’rdaning Janubda joylashgan. Sharqiy darvozaning tashqarisidagi sahnda sarbozlar harbiy mashqlar o’tkazgan. Idora va saroy binolari bo’lgan O’rdalar Andijon, Shahrisabz va boshqalar shaharlarda ham mavjud bo’lgan; 2) qo’shin qarorgoqi, lashkargoh. Ushbu ma’no ham qadimiy hisoblanadi. Harbiy harakatlar vaqtida O’rda atrofi xandaq bilan o’ralgan. Shoxshabbalar yordamida ihota qilingan, soqchilar nazoratida bo’lgan. 13-asrdan e’tiboran, O’rda “xon qarorgohi” ma’nosida rus tilida qo’llanila boshlagan. 14-asrga kelib O’rda “lashkar, qo’shin” ma’nosini kasb etgan, eski o’zbek adabiy tili, xususan, Alisher Navoiy asarlarida ham qayd etiladi. Hozirgi turk tilida ogyi “qo’shin, armiya”ni anglatadi; 3) Chingiziylar saltanatida favqulodda tantanalar paytida bir necha yuz kishini o’z bag’riga sig’dira oladigan ulkan chodir, o’tov. Ostonasi va ustunlar oltin bilan qoplanganligi bois bunday o’tov O’rdui zarrini buzurg, ya’ni Oltin O’rda deb nomlangan.