O’T TOSH KASALLIGI
O’T TOSH KASALLIGI, xolelitiaz — organizmda moddalar almashinuvi buzilishi natijasida o’t pufagi va o’t yo’llarida tosh paydo bo’lishi, ularda o’t dimlanib qolishi bilan kechadigan kasallik. Kasallik ayollarda ko’proq uchraydi. Sekin-asta rivojlanadi. Ko’pincha bemor bir necha yil davomida o’ng qovurg’alari ostida og’irlik sezib yuradi, og’zi taxirlashib, jig’ildoni qaynaydi (xususan, qovurilgan, dudlangan, tuzlangan mahsulotlar iste’mol qilinganida). Bu kasallikning dastlabki alomatlari bo’lib, kasallik kechiktirib yuborilganda o’ng qovurg’alar osti sanchib, og’riq qorin, o’ng kurak, o’ng yelka, o’mrov va kuraklararo sohaga tarqaladi. Bu alomatlar o’t pufagida tosh paydo bo’lganligini bildiradi. Toshlar soni va katta-kichikligi har xil, tarkibiga ko’ra bir xil (xolesterinli, o’t pigmentli. kaltsiy tuzli va boshqalar) va aralash bo’ladi. Haddan tashqari ko’p ovqat yeyish, shuningdek, kam harakat qilish natijasida o’t dimlanib qolishi ham O’t tosh kasalligiga olib kelishi mumkin. O’t dimlanib qolishiga o’t pufagi va o’t yo’llarining yallig’lanishi, ularda anatomik o’zgarishlar paydo bo’lishi (chandiklanish, bitib qolish) va bu a’zolar harakatining susayishi (bir maromda ovqatlanmaslik, qorin dam bo’lishi, qabziyat va boshqalar) sabab bo’ladi. Ovqatning xili, kishining irsiy xususiyatlari, semirishga moyillik va boshqalar O’t tosh kasalligiga sabab bo’lishi mumkin. Moddalar almashinuvining buzilishi, o’t dimlanib qolishi natijasida o’t tarkibida o’t kislota miqdori kamayadi; bu esa o’t pigmentlari — xolesterin va bilirubinning cho’kib, ulardan tosh paydo bo’lishiga olib keladi. O’t kislota miqdori iste’mol qilinadigan yog’ tarkibi va miqdoriga ma’lum darajada bog’liq; ovqat tarkibida yog’ ko’p yoki kam bo’lganida ham tosh hosil bo’ladi. O’t tosh kasalligida bemor vrach buyurgan ovqatlanish tartibiga qat’iy amal qilishi zarur. Badan tarbiya bilan shug’ullanish, semirmaslik chorasini ko’rish O’t tosh kasalligining oldini olishda ahamiyatga ega. Kasallik xurujida spazmolitik dorilar, yallig’lanishga qarshi antibiotik va sulfanilamidlar qo’llanadi. Kasallik uzoq davom etsa va asorat bersa, operatsiya qilinadi.