CHAKAMIG’

CHAKAMIG’, yopishqoq qumrio’t (Calium aparine 1.) — ro’yandoshlar oilasi qumrio’tlar turkumiga mansub bir yillik o’tsimon o’simlik turi; begona o’t. Poyasi to’rt qirrali, yotib usadi, pastga qayrilgan tikanchalar bilan qoplangan. Bo’yi 80-100 santimetr. Barglari yaxlit qirrali, o’tkir uchli, nashtar ponasimon, tikansimon, tikancha va qillari bor. Gullari oqish, tikansimon gulbandli. Mevasi buyraksimon yong’oqcha. Ildizi o’q ildiz. May—sentabrda gullab mevalaydi. Urug’idan ko’payadi. Bir tupi 1000 tagacha urug’ beradi. Mevalari yetilishi bilan sochiladi. Sug’orma dehqonchilik hududlarida urug’lari kuzdayoq ko’karib chiqadi. O’rta Osiyo, jumladan, Toshkent, Samarqand, Farg’ona, Andijon, Surxondaryo viloyatlarida keng tarqalgan. Sug’oriladigan yerlar, ayniqsa, g’allazorlarda, shuningdek, polizlar, bog’lar, ariq bo’ylari, yo’l yoqalari hamda to’qayzorlarda uchraydi. Kurash choralari: urug’likni tozalash, g’alla ekinlari yig’ishtirilgach, ang’izni yumshatish; yerlarni shudgor qilish; g’alla ekinlariga gerbitsidlar purkash.