CHEK

CHEK (fors tojikcha — pul hujjati) — 1) bankdagi hisobvaraq egasi (Chek beruvchi) ning muayyan summadagi pulni biror shaxs (Chekni taqdim qiluvchi) ga to’lash to’g’risida bankka yoki kredit muassasasiga yo’llagan yozma buyrug’i, farmoyishi; pul hujjati, kdmmatli qog’oz turi. Chek yoziladigan qog’oz (Chek qog’ozi) belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan blanka (ish qog’ozi) tarzida maxsus daftarcha holida chiqariladi. Chek beruvchi o’z hisobvarag’idan o’zi uchun pul olishda ham Chekdan foydalanadi. Cheklar nomi ko’rsatilgan (aniq bir shaxs nomiga yozilgan), orderli (biron bir shaxs foydasiga yozilgan) yoki taqdim etiladigan (taqdim etuvchiga yozilgan) turlarga bo’linadi. Banklar o’rtasidagi o’zaro hisob-kitoblarda bank Cheklari, sayohat va xizmat safarlarida har qanday bankda tezda naqd pulga almashtirish mumkin bo’lgan yo’l Cheklari ishlatiladi. Yo’l Cheklari nakd pul va kredit kartochkalari kabi to’laqonli to’lov vositasi bo’lib, unda taqdim etuvchining nomi ko’rsatiladi, Chek beruvchining shaxsiy imzosi bilan tasdiqlanadi va pul olishda shaxsini isbotlaydigan hujjat ko’rsatilishini talab etadi; 2) chakana savdoda kassaning xaridordan pulni qabul qilib olgani to’g’risidagi pattasi. To’lov o’tkazilgan va xaridni olish mumkinligini tasdiqlaydi va to’lov o’tkazilgan do’kon (magazin) doirasida amal qiladi.