CHEKISH

CHEKISH — ayrim tutovchi o’simlik mahsulotlari (tamaki, af’yun va boshqalar) tutunidan nafas olish. Tamaki Chekish keng tarqalgan zararli odatlardan bo’lib, chekuvchi va uning atrofidagi odamlar sog’lig’iga yomon ta’sir etadi; yuraktomir, me’da, o’pka kasalliklari rivojlanishiga olib keladi. Tamaki chekkan odam unga o’rganib, chekmasdan turolmaydigan bo’lib qoladi. Tamaki tarkibidagi nikotin odam organizmiga kuchli ta’sir etib, u Markaziy va periferik nerv sistemasiga vaqtincha qo’zg’atuvchi ta’sir ko’rsatadi, arterial qon bosimini oshiradi, mayda tomirlarni toraytiradi; nafasni tezlashtiradi va hokazolar. Nikotin bilan birga tamaki tutunidagi yonish mahsulotlari ham organizmni zaharlaydi. Tamaki tutunida kantserogen moddalar bo’ladi. Tamaki tutunidan tish emali shikastlanadi, karies, stomatit, gingivit kabi kasalliklar vujudga keladi, u bronxlar shilliq pardasiga ta’sir etib, surunkali bronxit va o’pka emfizemasiga, keyinchalik tuzatib bo’lmaydigan xavfli o’smalar rivojlanishiga olib keladi. Surunkasiga uzoq vaqt chekish kishining tez qarishiga sabab bo’ladi. To’qimalarning kislorod bilan yomon ta’minlanishi, mayda tomirlarning torayishi chekuvchilarning tashqi ko’rinishini o’zgartirib yuboradi (ko’z oki va teri sarg’imtir tusga kiradi, so’lg’inlik paydo bo’ladi). Nafas yo’llari shilliq pardasidagi o’zgarish tovushga ta’sir etadi (tovush bo’g’iqlashadi, odam xirillab nafas oladi). Nikotin yoshlarga va keksalarga ancha salbiy ta’sir ko’rsatadi, chunki ularning nerv sistemasi nikotin ta’siriga o’ta sezuvchan bo’ladi. Chekish homiladorlik davrida ayniqsa, zararlidir, bunda nikotin ona qoniga o’tib, homilani zaharlaydi. Chekish irsiyatni ham zaharlab, nimjon, nuqsonli farzandlar tug’ilishiga olib kelishi mumkin. Chekish o’ta zararli bo’lgani uchun keyingi paytlarda qator mamlakatlarda, jumladan, O’zbekistonda ham Chekishga qarshi qaratilgan bir qancha tadbirlar amalga oshirilmoqda, tamaki mahsulotlarini reklama qilish va uni bolalarga sotish, jamoat joylarida va transportda chekish taqiqlanadi va hokazolar. Ko’pchilik chekuvchilarning chekishni tashlagandan so’ng kishi xastalanib qolishi mumkin degan gapi asossiz, chunki zahardan o’zini tiygan kishi hech qachon zarar ko’rmagan. Kishi har qancha kashanda bo’lsa ham Chekishdan qutulish mumkin. Buning uchun unda mustahkam iroda va chekishni tashlashga qat’iy qaror bo’lishi kerak. Chekishni tashlagan kishida qandaydir noxushlik, jizzakilik, uyqu buzilishi, ba’zan bosh og’rig’i kabi holatlar kuzatiladi. Lekin bular keyinchalik barham topadi. Chekishni tashlamoqchi bo’lganda vrachnarkologga uchrashish va tegishli maslahatlar olish lozim.