CHERKEZ

CHERKEZ, norboyalish (Salsola richteri Karel.) — sho’radoshlar oilasiga mansub yirik buta yoki daraxt O’rta Osiyoning qumli cho’llari, Eron va Afg’onistonda o’sadi. Bo’yi 4 metrcha, barglari ingichka, deyarli ipsimon, uzunligi 4-8 santimetr. Gulyonbargchalari gullaridan qisqa yoki ularga teng. Gullari ko’rimsiz, gulqo’rg’oni oddiy, besh bo’lakli. Iyun—sentabrda gullab, meva beradi. O’zbekistonning qumli yerlarida keng tarkalgan. Yem-xashak va dorivor o’simlik. Undan ko’chma qumlarni mustahkamlashda ham foydalaniladi. Xashagi to’yimli, mevasidan dorivor moddalar, yangi barglaridan gazlama bo’yoqlari olinadi, yagdil novdalari sovun tayyorlashda ishlatiladi. Urug’i, qalamchasi va ildiz bachkilaridan ko’payadi.