CHEXIYA

CHEXIYA (Cechy), Chexiya Respublikasi (Ceska Republika) — Markaziy Yevropadagi davlat. Maydoni 78,9 ming kilometr kvadrat. Aholisi 10,5 million kishi (2002). Poytaxti — Praga shahri. Ma’muriy jihatdan 14 oblast (viloyat)ga bo’linadi. Davlat tuzumi. Chexiya — suveren, demokratik davlat. Amaddagi Konstitutsiyasi 1992 yil 16 dekabrda qabul qilingan va 1993 yil 1 yanvardan kuchga kirgan, 1997 yil 23 oktabrda tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshlig’i — prezident (2003 yildan Vaslav Klaus), u parlamentning ikkala palatasi tomonidan 5 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi organi — deputatlar palatasi va Senatdan iborat parlament. Ijrochi hokimiyat organi prezident tomonidan tayinlanadigan hukumat. Tabiati. Chexiya hududining katta qismi Chexiya tog’larida joylashgan. Uning atrofida o’rtacha balandlikdagi Shumova, Chexiya o’rmoni, rudali tog’lar (Krushnegori), Krkonoshe tog’lari (eng baland joyi 1602 metr, Snejka tog’i) bor. Chexiya tog’larining ichki qismi — Chexiya soyligi tepaliklar va ularni ajratib turuvchi past toglardan iborat. Moraviyada ham tepalik va past tog’lar ko’p. Chexiyaning Janub va Markaziy qismida Chexiya Moraviya qirlari bor. Chexiyada ko’mir, temir rudasi, grafit, kaolin konlari mavjud. Iqlimi mo’tadil iklim. G’arbdan sharqqa va ichki soyliklarda kontinentallashib boradi. Tekisliklarda o’rtacha temperatura yanvarda -2° dan -4° gacha, tog’larda -8° dan — 10° gacha, iyulda 19-20°, tog’larda 4-8°. Yillik yog’in tekisliklarda o’rtacha 500-700 millimetr, tog’larda 1600-2100 millimetr. Mamlakatjan. va g’arbida uncha katta bo’lmagan ko’llar bor. Asosiy daryolari — laba (Elba), Vltava. Tog’ yon bag’irlari aralash va igna bargli o’rmonlar bilan qoplangan. Hayvonlardan tog’larda qo’ng’ir ayiq, tulki, kiyik, yovvoyi echki, tekisliklarda kemiruvchilar, kaltakesak va qushlarning ko’p turlari bor. Aholisining ko’pchiligi — chexlar (81,3%); slovak, polyak va boshqalar ham yashaydi. Shahar aholisi 70%. Rasmiy til — Chex tili. Dindorlarning aksariyati katoliklar. Yirik shaharlari: Praga, Brno, Plzen, Ostrava. Tarixi. Chexiya hududida odam paleolit davridan boshlab yashaydi. Miloddan avvalgi taxminan 400-yillarda bu yerda keltlar, miloddan avvalgi 1-asrda kelt qabilalarining boyi guruhi yashagan (Chexiyaning lotincha Bohemia, nemischa Bohmen nomi ham shundan). 1-ming yillik o’rtalarida Chexiyada slavyan qabilalari ko’pchilikni tashkil etdi. 7-asrda Chexiya xududi samo davlati, 9-10-asr boshlarida Buyuk Moraviya davlati tarkibiga kirdi. 10-asrda paydo bo’lgan Praga knyazligi ilk Chex davlatining o’zagi bo’lib qoldi. 1198 yildan qirollikka aylandi. 1310-1437 yillarda Chex yerlari Lyuksemburglar sulolasi mulki tarkibida bo’ldi. 15-asrning 1-yarmida Chexiyada kuchli ijtimoiy-inqilobiy, milliy ozodlik harakatlari bo’lib o’tdi. 1526 yil Chexiya Gabsburglar imperiyasi tarkibiga muxtoriyat huquqi bilan qo’shib olindi. 1618-20 yillarda Chex qo’zg’olonining mag’lubiyatidan so’ng, uning provintsiyasiga aylandi. 18-asr oxiri — 19-asr 1-yarmida Chex tili, milliy madaniyatini saqlash va rivojlantirish uchun milliy harakat avj oldi. 19-asrning 30-40-yillarida u siyosiy tus ola boshladi. 1848 yil Pragadagi Svyatovaslav yig’ini Gabsburglar imperiyasida 1848-49 yil inqilobi boshlanishiga olib keldi. 1867 yil Chexiya Avstriya-Vengriyaning Avstriya qismi tarkibiga kirdi. 1878 yil Chexiyada Chexoslavyan sotsial-demokratik ishchi partiyasi tuzildi. 1918 yil Avstriya Vengriya parchalangach, Chexiya Slovakiya bilan birlashib mustaqil Chexoslovakiya Respublikasini tashkil etdilar. 1938 yil oktabr boshlarida Germaniya Chexiyaning Sudet viloyati deb nomlangan hududini, 1939 yil martda barcha Chex yerlarini bosib oldi va uni “Bogemiya va Moraviya protektorati” deb e’lon qildi. Chex xalqining 1945 yil maydagi qo’zg’oloni natijasida 1945 yil 9 mayda Praga shahri ozod qilindi; Chex yerlari va Slovakiya Chexoslovakiya Respublikasi doirasida qayta birlashtirildi. Chexiya 1948 yil 9 maydan Chexoslovakiya Xalq demokratik Respublikasi, 1960 yil 11 iyuldan Chexoslovakiya sotsialistik Respublikasi, 1990 yil 29 martdan Chexoslovakiya Federativ Respublikasi, 1990 yil 20 apreldan 1992 yil 31 dekabrgacha Chexiya va Slovakiya Federativ Respublikasi tarkibida bo’ldi. Chexiya va Slovakiya Federasiyasining 1992 yil 25 noyabrdagi Chexiya va Slovakiya Federatsiyasining tugatilishi to’g’risidagi federal qonuniga binoan Chexiya 1993 yil 1 yanvardan suveren davlatga aylandi. Chexiya 1993 yildan BMT a’zosi. 1992 yil 24 yanvarda O’zbekiston Respublikasi suverenitetini tan olgan va 1993 yil 1 yanvardan diplomatiya munosabatlari o’rnatgan. Milliy bayrami — 28 oktabr — Mustaqil Chexoslovakiya tashkil bo’lgan kun (1918). Asosiy siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Fuqarolar demokratik partiyasi, 1991 yil 23 Fevralda tashkil etilgan; Fuqarolar demokratik alyansi, 1989 yil tuzilgan; demokratik ittifoq partiyasi, 1994 yil asos solingan; Chexiya va Moraviya kommunistik partiyasi, 1990 yil tashkil etilgan; Ozodlik Ittifoqi partiyasi, 1998 yil tuzilgan; Chexiya sotsial-demokratik partiyasi, avvalgi nomi Chexoslovakiya sotsial-demokratik partiyasi, 1989 yildan mustaqil partiya sifatida faoliyat yuritadi. Chexmoraviya kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, 1990 yil tashkil etilgan, 31 tarmoq kasaba uyushmasini birlashtiradi. Xo’jaligi. Chexiya — industrial-agrar mamlakat. Milliy daromadda qishloq xo’jalik 5%, sanoat 33%, xizmat ko’rsatish tarmog’i 61,2% ni tashkil etadi. Sanoatida yoqilg’i-energetika va qora metallurgiya (Ostrava rayoni), kimyo, mashinasozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati rivojlangan. Qo’ng’ir ko’mir va toshko’mir qazib olinadi. Ostravakarvina toshko’mir, shimoliy Chexiya va Sokolov qo’ng’ir ko’mir havzalari, temir ruda konlari mavjud. Yiliga o’rtacha 58,7 milliard kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Asosiy sanoat markazlari — Praga, Plzen, Ostrava, Brno. Qishloq xo’jaligida, asosan, qand lavlagi, bug’doy, javdar, arpa, yem-xashak ekinlari, kartoshka va boshqalar ekiladi. Bog’dorchilik va sabzavotchilik rivojlangan, ko’p miqdorda qulmoq (xmel) yetishtiriladi. Go’sht-sut chorvachiligiga asosiy e’tibor beriladi (cho’chqa, qo’y, qoramol, parranda boqiladi). Suv havzalarvda baliq yetishtiriladi. Temir yo’l uzunligi 9,4 ming kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi 124,8 ming kilometr. Vltava va Laba daryolarida kema qatnaydi. Asosiy daryo portlari — Praga va Dechin. Pragada xalqaro aeroport bor. Chexiya chetga mashina va jihozlar, yengil, shisha-keramika sanoati mahsulotlari, ko’mir chiqaradi. Chetdan neft, gaz, kora metall, iste’mol mollari oladi. Xorijiy sayyoxlik rivojlangan. Germaniya, Slovakiya, Avstriya, Rossiya bilan savdo qiladi. Pul birligi — Chex kronasi. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Chexiyada 6 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun 8 yillik majburiy ta’lim joriy etilgan (asosiy maktab). 8 yillik maktab negizida to’liq o’rta maktab, gimnaziya, o’rta kasb-hunar bilim yurtlari va maktablari faoliyat yuritadi; ular malakali ishchilarni tayyorlaydi. Chexiyada 23 oliy o’quv yurti bor. Yiriklari: Praga universiteti, Politexnika instituti, Iqtisodiyot instituti, tasviriy san’at akademiyasi, musiqa san’ati akademiyasi (hammasi Praga shahrida), Brno, Olomous shaharlaridagi universitetlar, Ostravadagi konchilik instituti. Oliy ilmiy muassasasi — Chexiya Fanlar Akademiyasi. Vazirlik va muassasalarning geologiya, Gidrometeorologiya, suv xo’jaligi Markaziy ilmiy tadqiqot institutlari bor. Yirik kutubxonalari: Praga universiteti kutubxonasi, davlat kutubxonasi, Chexiya Fanlar Akademiyasi asosiy kutubxonasi, Ya.A. Komenskiy nomidagi pedagogika davlat kutubxonasi, Brnodagi universitet kutubxonasi, davlat ilmiy kutubxonasi. Ostrava, Olomous, Plzen va boshqa shaharlarda ham ilmiy kutubxonalar bor. Chexiyada bir qancha muzey va galereyalar mavjud. Yiriklari: Pragadagi Milliy muzey va Milliy galereya, Naprstak nomidagi etnografiya muzeyi, A. Dvorjak muzeyi, B. Smetana muzeyi, planetariy, Chex milliy yozuvi muzeyi va boshqalar. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Chexiya bir qancha gazeta va jurnal nashr etiladi. Asosiylari: “Vechernik Praga” (“Praga oqshomi”, Chex tilidagi kundalik gazeta, 1955 yildan), “Vlasta” (Vlasta — ayol ismi; Chex tilidagi haftalik jurnal, 1947 yildan), “Zrsadlo” (“Oyna”, yoshlarning oylik jurnal, 1990 yildan), “Lidova demokratsiya” (“Xalq demokratiyasi”, Chex tilidagi kundalik gazeta, 1945 yildan), “Pravo” (“Huquq”, chet tilidagi kundalik mustaqil gazeta, 1991 yildan), “Pravo lidu” (“Xalq huquqi”, Chex tilidagi kundalik gazeta, 1989 yildan), “Pratse” (“Mehnat”, kasaba uyushmalarining chet tilidagi kundalik gazeta, 1945 yildan). Chexiya telegraf agentligi axborot agentligi bo’lib, 1918 yil Chexoslovakiya telegraf agentligi sifatida tashkil topgan; 1992 yildan hozirgi nomda. Chexiya radiosi va televideniesi (1992 yildan) faoliyat yuritadi. Adabiyoti. 9-asrda paydo bo’lgan Chex yozuvi dastlabki eski slavyan tilida rivojlandi. Bunda aka-uka Kirill va Mefodiylarning ma’rifatparvarlik faoliyatlari muhim rol o’ynadi. Buyuk Moraviya davlati ag’darilgach (906), lotin tili yoyiddi. Pragalik Kozmaning “Chex xronikasi” asari (1125) lotin tilida yaratilgan yirik asar hisoblanadi. Dalimil Mezirjisskiyning 14-asr boshlarida yaratgan “Dalimil xronikasi” asari Chex tilidagi qadimgi adabiy yodgorlikdir. Chexiyaning birinchi mashhur yozuvchisi hajvchi S.Flyashka (14-asr — 1403) dir. 15-asrda Yan Gus, Yan Jelinskiy, P. Xelchiskiy antikatolik ruhda asarlar yozdilar. AvstriyaVengriya hukmronligi davrida Chex adabiyoti ta’qibga uchradi. 17-asrdagi yirik adabiy yodgorlik — Ya.A. Komenskiy asarlari bo’ldi. Y. Dobrovskiy, Y. Yungman, P.Y.Shafarik, F. Palaskiy, A.Ya. Puxmayer, V. Ganka, Ya. Kollar, F.K. Chelakovskiy kabi olim va yozuvchilar Chex milliy Uyg’onish davri (18-asr oxiri — 19-asr 1-yarmi) ning buyuk arboblari hisoblanadi. Bu davr adabiyotda slavyan xalqlarining birligi, Chex xalqining huquqi, slavyanlar xalq og’zaki ijodiga murojaat, milliy madaniyatni yaratish uchun kurash g’oyalari aks etdi. 1848-49 yil inqilobi ta’siri natijasida adabiyotda milliy ozodlik g’oyalari kuchaydi, ijtimoiy masalalarga e’tibor oshdi. K. Gavlichek Borovskiy va B. Nemsova Avstriya monarxiyasidagi ijtimoiy munosabatlarni tanqid qilib chiqdilar. Tanqidiy realizmning paydo bo’lishi, asosan, Ya. Neruda ijodi bilan bog’liq. A. Stashek asarlari, A. Irasek, V.B. Trshebizskiy tarixiy Nasri ijtimoiy romanning shakllanishida asos bo’ldi. She’riyatning ijtimoiy ahamiyati oshdi (S. Chex, Ya. Vrxliskiy, Y.V. Sladek). 19- asr oxiri va 20-asr boshlarida modernistik va dekadentlik oqimlari paydo bo’ldi. 1920-30 yillarda yozuvchi Karel Chepek, 1940-yillarda shoir Yaroslav Zeyfert samarali ijod qildi. Urushdan keying davr adabiyotda antifashistik mavzu keng o’rin egalladi. Bu sohada yozuvchilardan V. Rjezach, V. Nezval ijodi muhim o’rin tutadi. 1960-80-yillarda Vaslav Gavelning Chexoslovakiya hayotini aks ettirgan dramalari, Milan Kunder, Bogumir Grabal kabi yozuvchilarning asarlari paydo bo’ldi. Ammo adabiyotning asosiy g’oyaviy yo’nalishini ijtimoiy va milliy ozodlik kurashi masalalari belgilab berdi (A. Masek, P. Bezruch, A. Sova, Y.S. Maxar she’riyati, I. Olbraxt, Ya. Gashek, M. Mayerovalar ilk nasri). Me’morligi va tasviriy san’ati. Chexiyada paleolit davri haykalchalari, neolit davriga oid keramika va boshqalar saqlanib qolgan. Katolisizm qabul qilingach (865), Vizantiya, G’arbiy Yevropadagi kabi toshdan cherkovlar qurildi (Staremesto yaqinidagi ibodatxona xarobalari, 9-asr, Pragadagi avliyo Vita ibodatxonarotondasi, taxminan 930). 11 —13-asrlarda roman uslubi shakllandi. 13-asr o’rtalari — 15-asr 1-yarmida me’morlikda gotika san’ati ravnaq topdi (Krshivoklatdagi qasr, 13-16-asrlar, Pragadagi avliyo Vita sobori Sharqiy qismi). 16-asr 1-yarmida Chexiya me’morligida Uyg’onish davri uslubi unsurlari paydo bo’ldi (Pragadagi Belveder saroyi, taxminan 1536-36), 17-asrning 2-yarmidan barokko uslubidagi saroylar qurila boshladi (Klamgallasov saroyi, taxminan 1713-25, me’mor Y.B. Fisher fon Erlax). 18-asr oxiri — 19-asr boshlari me’morlikda klassisizmdan so’ng eklektika ruhidagi “Milliy romantika” yo’nalishi qaror topdi (Pragadagi Milliy muzey, 1884-90, me’mor Y.Shchuls). 19-asr oxiri — 20-asr boshlari modern uslubi o’rnini ratsionalizm egalladi. 1920— 30-asrlar me’morlikda funktsionalizm milliy maktabi shakllandi (Gradeskralove shahridagi Y. Gocher inshootlari). Haykaltaroshlikda ham yuksak yutuqlarga erishilpi. 1950-yillar Pragada yaratilgan Chex xalqining milliy qahramoni Yan Jijka, rassom Y. Manes (ikkalasining haykaltaroshi B. Kaofka), Yan Gus (haykaltarosh K. Lidiskiy), yovuzchi B. Nemsova (haykaltarosh K. Pokorniy) haykallari, V. Makovskiyning “Yangi asr” kompozitsiyasi diqqatga sazovor. 1945 yildan keyin turar joylar, jamoat markazlari, yangi ma’muriy va madaniy-maishiy binolar qurish avj oldi. Jumladan, Brno shahridagi xalqaro mashinasozlik yarmarkasi majmui (me’morlar Z. Aleks, F. Lederer), Yeshted tog’idagi teleminora va mehmonxona (me’morlar K. Gubachek, 3. Patrmak) va boshqalarni ko’rsatish mumkin. 1970-80-yillarda Pragada “Internatsional” mehmonxonasi (me’morlar K. Filsak, I. Shves), “Kotva” univermagi (me’morlar V. va V. Maxoninlar) va Madaniyat saroyi (me’morlar Ya. Mayer, A. Marek, Ya. Kralik, V. Ustogal), Pragadagi uzunligi 485 metr bo’lgan osma ko’prik (me’morlar V. Mixalek, S. Gubechka) yaratildi. Chexiyada 7-asrda keramika, zargarlik buyumlari tayyorlangan. 11-13-asrlarda devoriy rasmlar, miniatyuralar paydo bo’ldi. 13-asr o’rtalari — 15-asr 1-yarmida gotika uslubi ravnaq topdi. 14-asr 2-yarmida portret yaratish san’ati rivojlandi. 14- asr oxiri — 15-asr boshlaridanch. tasviriy san’atida amaliy-bezak san’ati (badiiy shisha, vitraj, mozaika, zargarlik buyumlari) keng yoyildi. 17-18-asr tasviriy san’ati barokko uslubida rivojlanishi bilan birga, unda realistik va demokratik yo’nalishlar namoyon bo’ldi. Bu davrda haykaltaroshlardan M.B.Braun va F. M. Brokof mashhur bo’lgan. 18-asr o’rtalarida haykaltaroshlik va rassomlikda rokoko va klassisizm unsurlari paydo bo’ddi. 18-asr oxiri — 19-asr boshlarida Chexiya san’atida klassisizm va romantizm bilan birga realistik tendentsiyalar yoyildi. Rassomlar milliy tarix, o’lka tabiatini tasvirlash mavzuida asarlar yaratdilar. 19-asr oxirgi choragida rassom M. Alesh, haykaltarosh Y.V. Mislbek ijodi rivojlandi. Bu davrda grafika modern uslubida taraqkiy etdi, haykaltaroshlikda Ya. Shtursa asarlari ajralib turdi. 20-asr boshida avangardizm vakillari B. Kubishta, E. Filla, A. Proxaziya, Ya. Zrzaviy, R. Kremlichka ijod qildilar. 1918 yil mustaqil Chexoslovakiya Respublikasi tashkil bo’lgach, milliy madaniyatni rivojlantirish imkoniyati paydo bo’ldi. Ko’p avangardchi rassomlar o’z asarlarida Real voqelikni aks ettirdilar (V. Novak, O Kubin, Y. Chapek, V. Rabas). Ayrim rassomlar ishchilar sinfi kurashini haqqoniy tasvirladilar (K. Golan, K. Shtika rang-tasvir asarlari, K. Pokorniy, Lauda haykallari, F. Bidlo, V. Silovskiyning grafik asarlari). 20-asrning 20-30-yillarida Chex san’atida ijtimoiy-tanqidiy yo’nalish shakllandi. 1945 yil Chexoslovakiya nemis-fashistlardan ozod etilgach, rassomlar E. Filla, A. Paderlik, V. Sedlichek, haykaltaroshlar V. Makovskiy, K. Lidiskiy, K. Pokorniy samarali ijod qildilar. Bu davrda monumental-bezak san’ati turlari rivojlandi. 1970-80- yillar san’atkorlari orasidan A. Zabravskiy, R. Kolarj, Y. Broj kabi rassom va grafiklarni, I. Maleyovskiy, M. Aksman kabi haykaltaroshlarni ko’rsatish mumkin. Bu davrda amaliybezak san’ati turlari keng yoyildi (badiiy oyna, to’quvchilik va hokazolar). Musiqasi. Chexiya musiqa madaniyati boy xalq ijodi — maishiy, mehnat, marosim qo’shiq va raqslari asosida rivojlanib keldi. Cholg’u asboblari — fuyar, volinka, nay, truba, tsitra, Arfa va boshqalar 9-asrdan professional — diniy (cherkov) hamda dunyoviy musiqa ijodi taraqqiy etdi. 15-asrda bir ovozli “Guschilar qo’shig’i”, 16-asrdan polifoniya musiqasi rivojlandi (A. Mixna, Y. Rixnovskiy, Ya. Turnovskiy va boshqalar). 17-19-asrlarda ko’pgina Chex kompozitor va sozandalari o’z Vatanini tark etib boshqa mamlakatlarda samarali ijod qilishdi: Venada F. Tuma, Ya. Vanxel, V. Yiroves va boshqalar, Parijda A. Reyxa, Italiyada B. Chernogorskiy, Y. Mislivichek, Germaniyada Ya. Zelenka, Mangeym maktabi vakillari va hokazolar. 1737 yil Pragada opera teatri, 1783 yil Nostiskiy milliy teatri, 1811 yil Pragada konservatoriya, 1831 yil organ maktabi, 1881 yil Milliy teatr ochildi. 1891 yil Chex kvarteti, 1901 yil Chex filarmoniyasi, 1920 yil Praga kvarteti, 1928 yil Praga puflama soz kvintetiga asos solindi. F. Shkroup Chex tilidagi birinchi operani yaratdi (1826). B. Smetana va A. Dvorjak Chex mumtoz musiqa maktabi asoschilaridir. Z. Fibix va L. Yanachek ularning izdoshlaridir. 19-asr oxiri — 20-asr 1-yarmida I. B. Fyorster, V. Novak, Y. Suk, B. Martinu, V. VLeysek, O. Ostrchil kabi kompozitorlar samarali ijod qiddilar. Ijrochilar orasida dirijyor V. Talix, skripkachilar F. Laub, O. Shevchik, Ya. Kubelik, xonandalar V. Gesh, B. Benoni, K. Burian, E. Destinovalar ajralib turadi. 1930-yillarning o’rtalaridan ilg’or musiqachilar antifashistik mavzuda asarlar yaratdilar. 2-jahon urushidan keyin kompozitorlar jamiyatdagi o’zgarishlarni aks ettirishga intildilar (V. Dobiash, E. Akeman, B. Martinu, K. Burian va boshqalar). 1960-80-yillarda kompozitorlardan y. Pauer, V. Sommer, L. Jelezni, S. Gavelka, V. Kalabis mashhur bo’lgan. Smetana, Yanachek nomidagi torli kvartetlar, Y. Suk nomidagi torli trio Shuhrat qozongan. Teatri. 16 17-asrlarda maktab teatri, ayniqsa, havaskorlik teatri ko’plab paydo bo’ldi. 1737 yil Pragada birinchi doimiy teatr binosi — “Teatr u Kotsu” qurildi. 1786-89 yillar “Bouda” teatrida Chex tilidagi truppa ishlay boshladi. 19-asr 1-yarmida Chex dramaturgiyasida ya.N.Shtepanek (rejissyor ham bo’lgan), V. Klisper, Y.K. Til (professional teatrning rivojlanishida xizmati katta bo’lgan) ning asarlari paydo bo’ldi. Y. Til 1824-34 yillarda Chex truppasini, 1835-37 yillarda “Teatr u Kaetana” nomidagi havaskorlar jamoasiga rahbarlik qildi. 1862-83 yillar Pragada muvaqqat teatr faoliyat ko’rsatdi. Bu teatrda aktyorlardan Y. Moshna (Chex realistik aktyorlar maktabi asoschilaridan), Y. Bitner, E. Peshkova, K. Shimanovskiy, F. Kolar, rejissyorlardan Y. Kolar, E. Xvalovskiy ishlagan. 1881 yildan “Teatr u Libushe” teatri ishlay boshladi. 1883 yil Pragada Chex milliy teatriga asos solindi (20-asrning 70-80-yillarida mamlakat teatr hayotining markaziga aylandi). 19-asr oxiri — 20-asr boshlari lirik teatr (1911 yil asos solingan), san’at teatri (1912-13) faoliyat ko’rsatdi, havaskorlik teatrlari ko’paydi. Plzen, Brno va boshqa shaharlarda teatrlar paydo bo’ldi. 1919 yildan Brno, 1920 yildan Olomous shahar teatrlari, 1933 yildan Pragada “D34” teatri ishlay boshladi. Bu davr teatr arboblaridan aktyorlar — V. Vidra, Ya. Shkoda mashhur bo’lgan. 2-jahon urushidan keyin Pragada realistik teatr, Satira teatri tashkil etildi; 60-70-yillarda kichik tajriba teatrlari faoliyat ko’rsatdi. 1970-80 yillardagi aktyorlardan O. Kreycha, F. Smolik, Ya. Pruxa, Z. Shtepanek, B. Zagorskiy, rejissyorlardan M. Mixachek, K. Paloush, K. Novak, hozirgi kompozitorlardan P. Eben, S. Gavelka, opera ijrochilari G. Benyachkova, E. Gruberova, P. Dvorskiy va boshqalarni ko’rsatish mumkin. O’zbekiston — Chexiya munosabatlari. 1993 yil imzolangan “savdo-iqtisodiy va ilmiy texnikaviy hamkorlik to’g’risida”gi hukumatlararo bitim ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish uchun huquqiy asos yaratdi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning 1997 yil yanvarda Chexiyaga qilgan tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim voqea bo’ldi. Tashrif chog’ida bir qancha hujjatlar imzolandi. Bu hujjatlar orasida sarmoyalarni o’zaro himoyalash va rag’batlantirish, tashqi iqtisodiy faoliyatni boshqaruvchi muassasalar va milliy banklarning hamkorligi to’g’risidagi hujjatlar alohida o’rin oladi. 1999 yilda esa, birdek manfaatdor hamkorlikni yanada rivojlantirish to’g’risida qo’shma deklaratsiya, avtomobil transportida yo’lovchi va yuklarni tashish to’g’risida, 2000 yilda ikki tomonlama soliq solish va mulkdan keladigan daromaddan soliq to’lashdan bosh tortishning oldini olish to’g’risida bitim imzolandi. 2004 yil 1 maydan Chexiya Yevropa Ittifoqiga qo’shilganidan keyin 1993 yilda imzolangan savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik to’g’risidagi hukumatlararo bitim o’z kuchini yo’qotdi. Shu munosabat bilan tomonlar 2004 yil 28 iyunda iqtisodiyot, sanoat va ilmiy-texnikaviy sohalarda hamkorlik bo’yicha yangi bitimni imzoladilar. 2003 yil ikki tomonlama tovar aylanmasi 20,9 million AQSh dollarini tashkil etdi. O’zbekiston Chexiyaga gazlama, yigirilgan ip, paxta momig’i, jun, oshlovchi va bo’yovchi ekstraktlar, sut mahsulotlari chiqaradi. Chexiyadan mexanika va elektr jihozlar, dori-darmon, qora metall va undan tayyorlangan buyumlar, qog’oz va karton, kauchuk va rezina buyumlari va boshqalar oladi. O’zbekistonda chexiyalik ishbilarmonlar sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 30 korxona mavjud. Ular orasida Chexiyasarmoyasi 100% bo’lgan 2 korxona bor. Ular qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlash, xalq iste’mol mollari, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari, dori-darmon ishlab chiqarish sohalarida faoliyat ko’rsatadi. Tashqi iqgisodiy aloqalar agentligida Chexiyaning “Eri ELL Korporeshn”, “Mars sz”, “Tomas Praga”, “ChKD Nove Energo”, “Ayvekschr”, “Yason Travel”, “Yantsen” kabi kompaniyalari ro’yxatdan o’tgan. Ikki davlat o’rtasida Materialshunoslik, mikroelektronika, yadro fizikasi, priborsozlik, mashinasozlik, tibbiyot va farmakologiya, shuningdek, intellektual mulkni muhofaza qilish huquqi bo’yicha ilmiy-texnikaviy aloqalar rivojlanmoqda. 1994 yildan Liditse shahrida o’tkaziladigan Jahon bolalar ijodi ko’rgazmasida O’zbekistondan ham bolalar ishtirok etadi. 1994— 2001 yillarda ular 41 ta mukofotga sazovor bo’ldilar. O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi Chexiyaning “Xemapol”, “Kovo”, “Loxema” farmatsevtika firmalari bilan hamkorlik qiladi.