CHO’PONZODA
CHO’PONZODA (taxallusi; asl ism sharifi Bekir Vagap o’g’li) [1893.15(27).5, Simferopol uezdi Arg’un qishlog’i — 1937.13.10, Boku] — Qrim-tatar shoiri, adabiyotshunos, turkiyshunos. Cho’ponzodaning adabiy faoliyati 1913 yilda “onang qayda?”dostoni bilan boshlangan. Uning Turkiya, Vengriya, Qrim va Kavkazda yozgan she’rlari “Bo’ron” (1928) to’plamidan o’rin olgan. Cho’ponzodaning keying faoliyati ilmiy yo’nalish kasb etib, u turkiy xalqlar tili, folklori va yozma adabiyoti masalalariga bag’ishlangan ilmiy asarlar yozgan. U yangi turk alifbosi Bugunittifoq Markaziy qo’mitasiga (1927-29) va Ozarbayjon Xalq maorif komissarligi huzuridagi terminologiya qo’mitasiga (1929 yildan) rahbarlik qilgan. Cho’ponzoda 1936 yil yozida Ozarbayjonning qishloq joylariga borib, so’nggi marta dialektologiya va folklorga oid boy materiallar to’plagan. Cho’ponzoda 1926-28 yillarda O’zbekistonga bir necha marta kelgan va o’zbek folklorshunos, tilshunos, adabiyotshunos olimlari bilan yaqin ijodiy aloqada bo’lgan. 1937 yil 28 yanvarda Kislovodovskdagi sanatoriyda davolanayotgan paytida qamoqqa olingan va Bokuga olib kelinib, “xalq dushmani” sifatida otib tashlangan. Cho’ponzoda 1957 yil 12 oktabrda SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi tomonidan oqlangan.