CHO’PONOTA MAJMUASI

CHO’PONOTA MAJMUASI – Toshkentdagi me’moriy yodgorlik. Gumbazli darvozaxona va maqbara (ayrim ma’lumotlarga ko’ra 15-asr), masjid (asosi 19-asr oxiri — 20-asr boshi) dan iborat. Darvozaxona hovlining Janub tomonida, g’arbida masjid, shimol tarafda maqbara joylashgan. Maqbaraga boraverish xiyobon tarzida tashkil etilgan. Darvozaxona va maqbaraning (tarxlari mos ravishda 3,5×4,9 metr va 4,6×5,6 metr) hajmiy tuzilishlarida umumiylik ko’p: ikkalasi ham mayda (24x24x4 santimetr) g’ishtdan ishlangan; old tarzlarining tomonlaridagi guldastalar yuqoriga qarab ingichkalashib ketgan; guldastalarning tepalariga o’ymakorlik vositasida qafasa shakllari berilgan; eshiklarining tepasida kitobalarning o’rni bor. Bino intererlari va devorlariga to’rttadan sayozroq taxmonlar ishlangan; bag’allari “kaptar dumi” (qalqonsimon) shaklida chiqarilgan. Binolarning farqli jihatlari ham bor. Darvozaxonaning hovli tomonida ham peshtoq bo’lib, u ko’cha tarafidagiga qaraganda pastroq; gumbazining ustiga mezana qurilgan. Maqbara eshigining tepasidagi yozuv (kitoba) qirib olingan, o’rniga ganchdan naqsh ishlangan. Sag’ana maqbara ichining ancha qismini egallagan. G’arbiy taxmon devorida tuynuk bor. Maqbaraning ichi suvoqsiz bo’lib, g’ishtlardan naqshsimon shakllar hosil etilgan. Shiftli masjid 20-asrning 50-yillaridagi kengaytirish natijasida o’zining dastlabki holatini yo’qotgan. Xonaqoh 3 qismga bo’lingan. Unga sharqdan o’rtasida besh tayanchi bo’lgan romli ayvon tutashtirilgan. Masjid tarhining tahlili uning eng avvalgi qismi imoratning Janubi g’arbida joylashganligini ko’rsatadi: xonaqohning Janub qismi dastlabki xonaqoh, o’rta qismi esa dastlabki ochiq ayvon bo’lgan, deb taxmin qilish mumkin; xonaqohning shimol qismi va romli ayvon keyin qurilgan. Masjidning qarshisida, hovlining Sharqiy tomonida yordamchi qurilmalar, hovuz bor. Cho’ponota majmuasida xalq me’morligining, ayniqsa, g’ishtkor ustalarning mahorati mujassam bo’lgan. Xayrulla Po’latov.