“CHIMYON” SANATORIYSI

“CHIMYON” SANATORIYSI – balneologik kurort. Farg’ona shahridan 32 kilometr masofada, Katran tizmasi yon bag’rida, dengiz sathidan 450 metr balandlikda, Oltinsoy daryosi vodiysida joylashgan. 1979 yil 17 aprelda tashkil etilgan. Maydoni 28 gektar. Sanatoriyda ovqat xazm qilish, qon aylanish, nerv, tayanch harakat sistemasi, ginekologik va urologik kasalliklar bilan og’rigan bemorlar davolanadi. Sanatoriy 1000 o’ringa mo’ljallangan, birikki kishili palatalari bo’lgan yotoq korpuslariga ega; u yaxshi ko’kalamzorlashtirilgan, gulzor va manzarali daraxtlari bor. Iqlimi kontinental; yozi issiq, quruq, qishi yumshoq, yanvarning o’rtacha temperaturasi -1,5°, iyulniki 26°, havoning nisbiy namligi 48%. Davolash omili — vodorodsulfidli masesta tipidagi mineral suvlar va Baliqli ko’lining balchig’i. Bundan tashqari, ichish uchun sulfatgidrokarbonatnatriyli kuchsiz (1 gramm/litrgacha) mineral suv ishlatiladi. Mineral suvdan, asosan, vannalar uchun, me’dani yuvish, ichaklarni chayish, tyubaj, dush, suv osti massaji qilishida foydalaniladi. Bundan tashqari, fizioterapiya, davo fizkulturasi, shifobaxsh balchiqli applikatsiya bilan davolash usullari ham qo’llaniladi. Sulfidli suvlar odam organizmiga teri shilliq qavatlari va nafas yo’llari orqali tushganda shifobaxsh ta’sir qiladi, erkin vodorodsulfidi borligi tufayli odamni sog’lomlashtiradi. Ular energiya almashinuviga ta’sir qilib, tomirlar o’tkazuvchanligini oshiradi, regenerativ jarayonlarni faollashtiradi, yurak faoliyatini kuchaytiradi, arterial bosimni pasaytiradi, og’riqqa hamda yallig’lanishga qarshi ta’sir ko’rsatadi va hokazolar. Sanatoriy zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan; unda yotoq korpuslaridan tashqari madaniyat saroyi, kutubxona, sport maydonchalari, madaniy-ma’rifiy binolar mavjud (2004). Bolalar va ota-onalari uchun yil bo’yi ishlaydigan bo’lim ham bor (200 o’rinli).