CHIMILDIQ
CHIMILDIQ, go’shanga — nikoh to’yi kuni qizning uyidagi kuyov kiradigan xonaga va kuyovning uyidagi kelin tushadigan xonaning bir burchagiga yoki uyning to’riga tutiladigan maxsus oq parda yoki gulli choyshab. Xorazmda “ko’shana” deyiladi. Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Buxoro viloyatlarida Chimildiq dastavval (kuyov kelar kechasi) qizning otasi uyida tutilib, uning orqasiga kelin-kuyovni o’tqazadilar. Nikoh marosimlari o’tgach, qiz kuyovnikiga olib kelinadi. Bu yerda ham Chimildiq tutiladi. Kuyov-kelin birinchi kechani Chimildiq ortida o’tkazadilar. Ko’p yerlarda to’yning ertasi kuni Chimildiq olib qo’yiladi. Ayrim joylarda ma’lum muddat (“chillasi chiqquncha”) Chimildiq tutilgan holda turaveradi. Ilgari Chimildiq (oq yoki gulli mato) dan kelin birinchi farzand ko’rganda undan chaqaloqning beshigiga yopqich, yostiq, ko’rpachalarini tikishgan.