CHIRINDILI GORIZONT
CHIRINDILI GORIZONT, tuproqning gumusli qatlami — tuproqning o’simlik va hayvonot qoldiqlari chirindilaridan iborat organogen gorizonti. Bu gorizont qalinligi qora tuproqlarda 150-200 santimetr, sur tuproqlarda 25-50 santimetr, cho’l tuproqlarida 20, ba’zi joylarida esa 30 santimetrgacha. O’rta Osiyoning cho’l mintaqasida tarqalgan cho’l qumli tuproqlari, sur tusli qo’ng’ir va takirsimon tuproqlarda chirindi miqdori juda kam. Agrotexnik va kimyoviy ishlov berish natijasida tuproqda organik moddalar, jumladan chirindi miqdori ortib boradi. Mirzacho’lning och tusli bo’z tuproqlaridagi qo’riq ochilib, unda almashlab ekish va mineral o’g’it qo’llab ekin ekilgandan keyin, o’zlashtirishning dastlabki yillarida kamayib ketgan chirindi miqdori 10 yildan keyin tuproqning 1 metrcha qalinlikdagi qatlamida 20%, 30 yil sug’orilgandan so’ng esa 23,5% ga, shunga muvofiq azot 9,2 va 14,1% ga ortdi. Chirindi, asosan, ekilgan o’simliklar ildiz qoldiqdari hisobiga to’planadi. Bundan tashqari, bu qatlamda gumusning ko’payishida dukkakli, boshokli yoki ular aralashmasidan iborat o’tlar ekish, shuningdek, suv bilan oqib kelgan oqiziqlarning ahamiyati katta.