CHUST

CHUST — Namangan viloyati Chust tumanidagn shahar, tuman markazi. Farg’ona vodiysining shimoliy chekkasida, tog’ etagidagi tekislikda, Chust soyi sohilida, Namanganning 36 kilometr g’arbida, Chust temir yo’l stantsiyasidan 13 kilometr shimolda 1000-1200 metr balandlikda joylashgan. Aholisi 63,8 kishi (2004). Chusovitina Farg’ona vodiysining qadimgi shaharlaridan biridir. Chustning shimol chekkasidagi Buonamozor (Bibionamozor) manzilgohi hududidan Chust madaniyatiga oid materiallar topilgan. Chustning Yoshi to’g’risida bir qancha taxminlar mavjud. Bibiona manzilgohida 1953, 1957, 1959, 1961 yillarda olib borilgan arxeologik qazilma ishlari natijasida bu yerdagi madaniyat so’nggi jez va ilk temir davriga mansubligi ma’lum bo’ldi. O’rta asrlarda shahar harbiy qal’a sifatida rivojlandi. Boburning otasi Umarshayx Mirzo 1480 yilda Chustni o’z qarorgohiga aylantirgan. 16-asr boshida Chust bir necha qo’rg’ondan iborat bo’lib, ular umumiy devor bilan o’ralgan. 1882 yilda qal’a devorlari buzib tashlandi. Shahar kengayib, 1886 yildan Chust Chust uezdi markazi bo’lgan. Chustga oid dastlabki ilmiy ma’lumotlar sharqshunos olim akademik A.F. Middendorfning “Farg’ona vodiysi ocherklari” da (Sankt-Peterburg, 1882) uchraydi. Shahar nomining kelib chiqishi to’g’risida tarixchi, tilshunos va toponimisg olimlarning bir qancha taxminlari mavjud. Tarixiy manbalardan shahar qadimdan Chust va tus nomlari bilan ma’lum bo’lganligi aniqlangan. Mahalliy tilshunos olimlarning fikricha Chust so’zi forschada “tez”, “tezkor” ma’nosini bildiradi. Chust qadimdan Farg’ona vodiysining hunarmandchilik markazlaridan biridir. Chustlik temirchilar, to’quvchilar, sopol buyum ustalari, zargarlarning mahorati shuhrat qozondi, Chust pichoqlari va do’ppilarining dong’i keng tarqaldi. 1912 yilda 6 paxta tozalash, charm zavodlari faoliyat ko’rsatgan. 1926 yildan Chust yangi tashkil qilingan Chust tumanining markazi bo’ldi. Chustda “Barion”, “Paxta tolasi”, “Chustmash” va boshqa aktsiyadorlik jamiyatlari, “Suvmash”, non zavodlari va savdo korxonalari, bosmaxona, ko’zi ojizlar korxonasi, kichik korxona, mikrofirmalar, qurilish, transport korxonalari va boshqalar faoliyat ko’rsatadi. Umumiy ta’lim maktablari, shu jumladan, gimnaziya-internat maktabi, sanatoriy-internat maktabi, iqtidorli bolalar internat maktabi, 2 bolalar va musiqa san’at maktablari, 6 kasb hunar kolleji, 3 bolalar va yoshlar sport maktabi, stadion, tennis korti, suzish havzasi, kutubxonalar va klublar, muzey, madaniyat va istirohat bog’i, tug’rukxona, Markaziy tuman kasalxonasi va uning bo’limlari ishlab turibdi. Chust orqali Farg’ona halqa avtomobil yo’li o’tadi va shaharni Namangan, Andijon, Pop, Farg’ona, Kosonsoy, G’ova, Varziq, olmos, Axcha va boshqa aholi punktlari bilan bog’laydi. Murodilla Haydarov.