CHUMCHUQKO’Z

CHUMCHUQKO’Z (Veronica campylopoda) — sigirquyruqdoshlar oilasiga mansub bir yillik mayda, jingalak tukli o’simlik. Bo’yi 5-10 santimetr, poyasi to’g’ri yoki shoxlangan. Barglari oddiy, cho’ziq nashtarsimon, yuqoridagilarining chetlari tekis, pastdagilariniki sal o’yilgan. To’pguli shingilsimon. Gullari qiyshiqroq, ko’k, ikki jinsli. Mevasi tuklar bilan qoplangan, ikki uyali ko’sakcha. Chumchuqko’z martda gullaydi, apreldan meva tugadi. Chumchuqko’z O’rta Osiyoning barcha hududlarida, Zakavkaze, Afg’oniston, Iroq va kichik Osiyoda tarqalgan. O’zbekistonning cho’llarida, tog’etaklarining mayin tuproqli, qumli va mayda toshli yon bag’irlarida o’sadi. Begona o’t sifatida turli ekinlar orasida ham uchraydi. Chumchuqko’z bahorda ovqatga ishlatiladi.