CHORSU
CHORSU (fors, chor—to’rt, Suk, — bozor; chorrahadagi bozor joy) — 1) tarixiy shaharlarning asosiy chorrahasidagi odatda usti yopiq bo’lgan savdo-sotiq joyi; aksari shaharning o’rtasida qurilib, Markaziy mujassamotga ega bo’lgan; 2) umuman savdosotiq joyi. Chorsularning paydo bo’lishi shaharning o’zi kabi qadimiydir. Qadimgi Misrda “shahar” ma’nosi doyra ichidagi chorraha shaklidagi ieroglif orqali ifodalangan. Qadimgi Rim shaharsozligida chorraha maxsus imorat (tetrapil)lar bilan ajratilgan. Bolqon mamlakatlari me’morligida Chorsu nomi “charshiya” deb talaffuz etiladi (masalan, Makedoniyadagi Skople va Bitola shaharlarining qadimgi bozorlari). Shahrisabzda Chorsularning yaqqol namunasi saqlangan. Samarqand Chorsusi ham tarixiy shaharning savdo-sotiq markazida, olti asosiy ko’cha yo’nalishlarning kesishgan joyida barpo bo’lgan. Buxoroda Chorsular “toq” iborasi bilan mashhur: Toqi Zargaron, Toqi Sarrofon va boshqalar Toshkent, Shahrixon kabi shaharlarda Chorsu binolari sinchdan, yassi tomli qilib ishlangan (saqlanmagan). Xivada Chorsu do’konlari ko’proq Ota va polvon darvozalar ko’chalari bo’ylab joylashgan edi.
“CHORSU” — mehmonxona. Toshkent shahrining Chorsu maydoni, Navoiy, Beruniy va Samarqand darvoza ko’chalarining kesishgan joyida, Ukkosha bulog’i ustiga qurilgan, salobatli ko’rinishga ega. 1982 yilda qurilgan (bosh me’mor — V.Spivak, bosh muhandis — A.Asanov, me’morlar — L.Nesedov, N.Zolotina). Bino 23 qavatli bo’lib, dastlabki 2 qavati — restoran, banket zali, ma’muriy-boshqaruv xonalari joylashgan binoblok qo’shilib yaxlit me’moriy ansamblni tashkil etadi. Binoning pastki qismida baland qilib tirgakli devorlar yordamida supasimon kompozisiya (stilabat) tashkil qilinib, uning yaqinida joylashgan Ko’kaldosh madrasasining eng pastki qismiga tenglashtirilgan. Bino me’morligida oftobdan saqlovchi jihozlar orqali badiiy yechimga erishilgan. Mehmonxona 1, 2, 3 o’rinli xonalardan iborat turar joylarni tashkil etadi. Bino ichki bezaklarida turli bezakreleflar (bo’rtma rasmlar) ishlangan. Binoning ko’p qavatli qismi yig’ma temirbeton konstruktsiya bo’lib, zilzilaga chidamlidir. 2004 — 05 yillarda qayta ta’mirlandi.
CHORSU — Samarqand (Registon) yazxm chorrahada joylashgan usti berk bozordir (18-asr). Tarixiy manbalarga ko’ra, Tuman og’o tomonidan qurilgan. Telpakfurushon TIMI (14-asr oxiri) taxminan Chorsuning o’rnida bo’lgan. Binoning tashqi devorlari 12 qirrali prizmani hosil qiladi. Olti tarafga qaragan ravoqlar va ular orqasidagi yo’laklar shaharning asosiy ko’chalari yo’nalishlari bo’yicha qurilgan. Ravoqli tomonlarning oraliqlarida tarxlari uchburchak shaklida bo’lgan do’konlar joylashgan. Yo’laklar usti kichik gumbazlar bilan, markaz katta gumbaz bilan yopilgan. Chorsu yo’laklarining 6 ta bo’lgani shahar darvozalari soniga ishora — ramziy ma’nosi bor. Yo’laklarning yo’nalishlari Registon madrasalari tomonlariga ham mos kelgan. Chorsu binosi hozir ham attorlik do’konlari majmui. Xayrulla Po’latov.
CHORSU — Shahrisabzdagi me’moriy yodgorlik (1598-1602). Shaharning bosh savdo inshooti, murabba tarxli timning har to’rt tomonida peshtoqli, qo’sh tabaqa darvozasi bor. To’rt tomondan kelgan yo’llar shu savdo timining o’rtasidagi ulkan gumbaz tagida kesishadi. Uning ostida savdo do’konlari — to’rtburchakli xonalar joylashgan. Bu xonalardan xrzir ham savdo inshooti sifatida foydalaniladi.